Линклар

Toshkentda mardikor bozorlari legallashtirildi


Endilikda ko‘cha-kuyda mardikorlarning to‘dalashib turish holatlari bo‘lmasligini aytilmoqda.

Endilikda ko‘cha-kuyda mardikorlarning to‘dalashib turish holatlari bo‘lmasligini aytilmoqda.

Toshkentning Olmazor, Sirg‘ali, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Chilonzor, Hamza, Uchtepa va Qo‘yliq tumanlarida mardikorlarni ish bilan ta‘minlash rasmiy idoralari tashkil qilingan.

Toshkent shahar hokimining joriy yil 31 yanvardagi 51-sonli qaroriga ko‘ra, poytaxtning 8 ta tumanida Vaqtinchalik ish bilan ta‘minlash byurolari tashkil qilingan.

Shaharning Olmazor tumanida ushbu byuro o‘z faoliyatini hokimning qaroridan bir hafta ham o‘tmasdan 6 fevral kuni boshladi.

Byuro rahbari Ozoda Sulaymonovaga ko‘ra, tashkilot avvalgi mardikor bozorlari o‘rnida tashkil qilingan bo‘lib, viloyatlardan poytaxtga ish izlab kelgan kishilarni vaqtinchalik ish bilan ta‘minlashga xizmat qiladi.

Sulaymonovaning aytishicha, mardikorlarga avvalo rasman ishlashlari uchun maxsus ruxsatnoma beriladi.

- Ularni ro‘yxatga olib, so‘rovnoma to‘ldirish natijasida, ularning arizalarini Ichki ishlar bo‘limlariga yuboramiz. Keyin Ichki ishlar tekshiruvidan o‘tganidan so‘ng biz ularga ruxsatnoma beramiz. Ular ushbu guvohnoma bilan Toshkent shahrida bemalol yashab, ishlashlari mumkin,- deydi suhbatdosh.

Sulaymonovaga ko‘ra, mardikorlar uchun 6 oyga beriladigan ushbu ruxsatnoma uchun Toshkentda rasman qayddan o‘tish shart emas.

- Propiska so‘ralmaydi. Ular so‘rovnomani to‘ldirgach Ichki shlar ko‘rib chiqqach, uzog‘i bilan 5 kunda ruxsatnomani qo‘llariga olishlari mumkin,- deydi Sulaymonova.

Olmazor tuman Vaqtinchalik ish bilan ta‘minlash byurosiga 4 fevralgacha jami 989 nafar odam ariza bilan murojaat qilgan. Shulardan 250 nafariga maxsus ruxsatnoma berilgan bo‘lib, yana 300dan ziyod ruxsatnoma tayyor bo‘lgan.

Sulaymonovaga ko‘ra, murojaat qilganlarning 70 nafari ayollar bo‘lib, ish so‘rayotganlar asosan, Surxondaryo, Qashqadaryo va vodiydagi viloyatlardan kelganlardir.

Toshkent shahrida uzoq yillardan buyon mardikorlik qilib kelayotgan Shavkat aka agar mardikorlardan to‘lovlar undirilsa, yangi tartibning ish izlovchilar uchun foydasi yo‘qligini aytadi.

- Agar mardikorlardan biror bir to‘lov undirilsa buni foydasi yo‘q. Vznos yoki boshqa biror to‘lov talab qilsa bu uzoqqa bormaydi,- deydi mardikorlik bilan shug‘ullanadigan Shavkat aka.

Ozoda Sulaymonovaga ko‘ra, byuroning barcha xizmatlari bepul bo‘lib, hozircha yangi tartibda mardikorlarni soliqqa tortish yoki ulardan biror bir to‘lov unidirish ko‘zda tutilmayapti.

- Hozircha soliq undirish yoki boshqa biror to‘lov to‘lash degan narsalar yo‘q. Keyin bizning barcha xizmatlarimiz tekin. Hatto pasportlarining nusxa olishni ham bepul qilib beramiz,- deydi Sulaymonova.

Toshkent shahar xokimligi qaroriga ko‘ra, mardikorlar bozorlarini legallashtirish orqali ularni ish bilan ta‘minlash hamda huquqlarini himoyalash ko‘zda tutiladi.

- Agar ish beruvchi ularga oyligini bermasa, ularga nisbatan xurmatsizlik qilsa, biz ularga yordam beramiz,- deydi Sulaymonova.

Toshkentdan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda shaharda barcha eski mardikor bozorlari yopilgan.
XS
SM
MD
LG