Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:09

Metadon "o‘zbek mentalitetiga zid"?


O‘zbekistonda giyohvandlarni davolashda metadon vositasidan foydalanish masalasi yaqin orada hal bo‘lmaydigan ko‘rinadi.

Dunyoning ko‘plab davlatlari, ayniqsa g‘arbda keng tarqalgan metadon terapiyasini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi “o‘zbek mentalitetiga zid” deb topdi.

Metadon vositasi giyohvandlarni opium va geroin kabi narkotiklarga tobe‘likdan davolashda yordamchi usul sifatida ishlatiladi va nisbatan arzon hisoblanadi. Lekin psixologik aralashuvsiz metadonning o‘zi giyohvandlikni davolamaydi, deydi mutaxassislar.

O‘zbekistondagi manbamizdan olingan xabarga ko‘ra, yaqinda sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan yig‘inlardan birida narkomanlarni davolashda metadon vositasidan foydalanish “o‘zbeklar mentalitetiga ziddir” degan fikr ilgari surilglan.

Metadon O‘zbekistonda taqiqlangan vositalar ro‘yxatiga kiradi va narkomanlarga nisbatan metadon bilan o‘rin bosuvchi terapiyani qo‘llash ham taqiqlangan hisoblanadi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi davolash boshqarmasining o‘zini tanshtirmagan xodimi “bu tartib yaqin orada o‘zgarmay qoladi”, deya ta‘kidladi. Suhbatdoshimiz metadon bilan davolash qaysi jihati bilan “o‘zbeklar zehniyatiga to‘g‘ri kelmasligini” izohlay olmasligini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligining ismi sir qolishini istagan boshqa bir mutaxassisi hozirda mamlakatda narkomaniya muammosi bir muncha nazoratga olingan bo‘lsa-da, u o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan deydi. Uning aytishicha, keyingi yillarda giyohvandlikka ruju qo‘yganlar soni kamaymayayotgani yo‘q, lekin shu bilan birga narkotiklarga tobe‘likdan qutulish uchun murojaat qilayotganlar soni oshib bormoqda.

“O‘zbekistonda narkomanlarning ko‘pchiligi opium va geroin iste‘mol qiladi. Bunda mamlakat qora bozoridagi narkotiklarning aksar qismi past sifatli, yaxshi tozalanmagan vositalardir”, deydi suhbatdoshimiz.

O‘zbekiston viloyatlaridan biridagi narkologiya dispanseri shifokori hozir o‘z vakolatiga kiruvchi shaharda 360 narkoman ro‘yhatga olingani, viloyat bo‘yicha esa bu raqam 1600 kishini tashkil etishini ma‘lum qildi.

O‘zbekistonda narkomanlarni davolashda asosan ularning harakatini dispanser doirasida cheklab qo‘yish usuli qo‘llaniladi. Bundan tashqari giyohvandlarning yaqinlari ularni uyda qafas ichiga solib qo‘yishi hollari ham ko‘p uchraydi.

Dunyoning ko‘plab davlatlari, xususan, AQSh va g‘arbning boshqa mamlakatlarida metadon vositasi yordamida o‘rin bosuvchi terapiyani amalga oshirish keng yo‘lga qo‘yilgan.

Metadon ham o‘ta kuchli psixotropik modda hisoblanadi. Masalan, geroindan ko‘ra, metadon qariyb uch barobar kuchliroq narkotikdir. Shu sababdan ko‘plab mutaxassislar bir narkotikdan qutulish uchun boshqasini ishlatmaslik lozim, degan fikrni yoqlaydi.

Lekin metadon terapiyasi tarafdorlari geroin yoki opiumga tobe‘ narkomanlar bu narkotiklarni odatdagi kuniga uch martadan iste‘mol qilgandan ko‘ra, xumorini chiqarishda shifokorlar nazorati ostida bir kunda bir marta metadondan foydalansa, o‘ziga ham atrofidagilarga ham kamroq zarari tegadi, deya ishonadi.

Pragadagi metadon-markazi shifokori Zdenek Veselining aytishicha, geroin va opiumdan farqli o‘laroq, metadon ishlatilganda odam organizmini detoksikatsiya qilish, ya‘ni narkotikning zaharli ta‘siridan tozalash osonroq kechadi va bemor giyohvandlikdan qutulish imkonlari ko‘proq bo‘ladi.

- Agar bemor narkotiklardan qutulishga qattiq ahd qilgan bo‘lsa, masalan, biror yaxshi ishga joylashish niyati bo‘lsa, 3-4 oy metadonni iste‘mol qilib, keyin detoksikatsiya uchun ishlatiladigan vositalar va psixologik aralashuv yordamida odam narkomaniyadan qutulishi mumkin, deydi mutaxassis.

Uning aytishicha, Chexiyada metadon terapiyasi qo‘llanilgan narkomanlarning 30 foizi bu muammodan qutuladi.

Lekin, deya qo‘shimcha qiladi u, metadonning o‘zigina, boshqa terapiya usullari va psixologik yordamsiz, bu muammodan qutulishning yo‘li sifatida ko‘rilmasligi kerak.

Mutaxassislarga ko‘ra, odatda metadon terapiyasining davomiyligi narkomanning afyun yoki geroinni iste‘mol qilish tajribasiga ko‘ra belgilanadi. Masalan, 5 yil davomida geroin iste‘mol qilayotgan bo‘sla, 5 yil davomida metadon qabul qilishi lozim bo‘ladi.

Zdenek Veseli ham metadon terapiyasining qaysi jihati o‘zbeklar zehniyatiga mos kelmaganini taxmin qila olmaydi. Lekin, deydi u, metadon terapiyasi nisbatan arzon hisoblanadi.

- Bizda, Chexiyada bir narkomanga bir kunda beriladigan metadon dozasi 15 kron atrofida, ya‘ni bir yevroga ham bormaydi. Ba‘zi joylarda qimmatroq bo‘lishi mumkin, lekin nari borsa, bir yevroga borishi mumkin. Bundan tashqari metadonning o‘zi muammoni hal qilmasada, narkomanning o‘ziga va uning yaqinlariga yetkazishi mumkin bo‘lgan ziyonni kamaytiradi, deydi chexiyalik mutaxassis.

MDH mamlakatlari ichida metadon terapiyasi O‘zbekistondan tashqari Rossiya va Turkmanistonda ham taqiqlangan.
XS
SM
MD
LG