Линклар

logo-print

O‘zbek o‘quvchilari yana “metallolom" yig‘ishga kirishdi


Samarqand tuman 1-umumiy o‘rta ta‘lim maktabi o‘quvchisi maktabga metallolom olib ketmoqda.

Samarqand tuman 1-umumiy o‘rta ta‘lim maktabi o‘quvchisi maktabga metallolom olib ketmoqda.

Shu kunlarda O‘zbekiston maktab bolalari majburiy tarzda temir-tersak yig‘ish tadbiriga safarbar qilindi.

Xorazmning chekka qishloqlaridan biridagi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Sanamjon ikki kun avval temir-tersak topshirish "majburiyat”ini bajardi.

Sanamjonga ko‘ra, o‘zi o‘qiydigan sinfiga bir tonna temir-tersak topshirish majburiyati yuklangan bo‘lib, bu sinfdagi 33 o‘quvchiga 30 kilogrammdan bo‘lindi.

Sanamjonning aytishicha, ayrim sinfdoshlari temir topa olmasdan, uning o‘rniga pul berib qutulishgan.

- Maktabda har kimga 30 kilo temir olib kelishni aytishdi. Men uyga kelib aytgandim. Dadam qayerdandir topib, o‘zi maktabga olib borib topshirdi. Hozir barcha sinfdoshlarim “metallolom” topshirib bo‘ldi. Temir topa olmaganlar kilosiga 150 so‘mdan pul berishdi. Endi majburiy deganidan keyin hammamiz topshirdik,- deydi Sanamjon.

Ozodlik suhbatda bo‘lgan maktab o‘qituvchilariga ko‘ra, temir-tersak yig‘ish tadbirlari mamlakat bo‘ylab har yili ikki marta o‘tkaziladi.

Yozgi ta‘tildan kelgandan so‘ng sentyabr oyida va bahor boshlangach mart oylarida o‘quvchilar temir-tersak yig‘ishga jalb qilinadi.

Ismi sir qolishini istagan namanganlik o‘qituvchiga ko‘ra, "metallalom" topshirish tadbiri, o‘quvchilarni majburiy tarzda safarbar qilish orqali amalga oshiriladi.

- Sinflarga 5-6 kilodan qilib bo‘lib chiqadi. Endi bolalar topib olib keladi. Uyidagi konserva bankasi bormi, “kraska”dan bo‘shagan quti bormi, paqir-maqirmi, ishqilib bir balo qilib topib keladi. Maktab belgilangan 5-6 tonna majburiyatini bajaradi shunaqa qilib. Endi bajarmasa bo‘lmaydi. Bu majburiy,- deydi namanganlik o‘qituvchi.

Surxondaryolik yana bir o‘qituvchining o‘zini oshkor qilmagan holda aytishicha, o‘quvchilarni temir-tersak yig‘ishga jalb qilish uning maktabida dars mashg‘ulotlari hisobiga amalga oshiriladi.

- Bolalar shanba kuni temir yig‘ishga ketishadi. Endi shu kuni dars bo‘lishi kerak. Lekin dars hisobiga chiqishadi bolalar. Temir yig‘ish uchun jami 6-7 kun ketadi,- deydi surxondaryolik o‘qituvchi.

Toshkent shahridagi ayrim maktablarning rahbarlari bilan suhbatlashganimizda, ular yig‘ilgan temir-tersaklar uchun maktab hisobiga ma‘lum miqdorda pul kelib tushishini va bu mablag‘ maktabni ta‘mirlash, o‘quv qurollari sotib olish kabi zaruratlar uchun sarflanishini bildirdilar.

Ma‘lum bo‘lishicha, yig‘ilgan temir-tersakning hammasi Toshkent viloyatida joylashgan Bekabod tog‘-metallurgiya kombinatiga topshiriladi.

Qabul qilingan temir uchun yaxshigina haq to‘lanishini aytgan kombinat xodimasi, aniq narxni ochiqlamadi.

Ayni kunlarda Toshkent shahrida nafaqat maktablarga, balki shifoxonalar, poliklinikalar kabi turli byudjet tashkilotlari bilan birgalikda harbiy qismlarga ham temir-tesak yig‘ish majburiyati topshirilgan.
XS
SM
MD
LG