Линклар

logo-print

O‘zTVda O‘zdonmahsulot kontserni sobiq rahbari qoralandi


Sobiq vazir Olim Otayevning qizi, inson huquqlari faoli Nadejda Otayeva Toshkent ayblovini o‘z siyosiy faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.

Sobiq vazir Olim Otayevning qizi, inson huquqlari faoli Nadejda Otayeva Toshkent ayblovini o‘z siyosiy faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.

Toshkent telekanalidagi ko‘rsatuvda sobiq vazir Olim Otayev va uning qizi Nadejda Otayeva 13 million AQSh dollarini o‘zlashtirganlikda ayblandi.

Toshkentdagi mustaqil manbalardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 3 mart kuni Toshkent telekanalining kechqurungi efiri orqali namoyish etilgan hujjatli filmda O‘zdonmahsulot davlat kontsernining sobiq rahbari Olim Otayev va uning ikki farzandi qoralangan.

Ushbu ko‘rsatuvni tomosha qilgan manbaning aytishicha, hozir Frantsiyada muhojiratda yashayotgan sobiq vazir Olim Otayev, uning o‘g‘li Qahramon Otayev va ayni kezda xorijda inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanayotgan qizi Nadejda Otayeva davlatning 13 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ini noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirganlikda ayblangan.

Manba hujjatli filmning 2000 yilda hozirlangani va aftidan, takror namoyish etilganini aytmoqda.

Hozir 64 yoshni qoralagan va Frantsiyadan siyosiy boshpana olib, bu davlatda yashayotgan sobiq vazir Olim Otayev 2000 yillarda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasiga binoan o‘z kasbiy vakolatlarini suiste‘mol qilganlikda ayblangan edi.

Bundan tashqari, unga 10 ta kichik nonvoyxonani o‘zlashtirganlik aybi ham qo‘yilgan.

Olim Otayevning qizi Nadejda Otayeva Ozodlik bilan suhbatda bunday hujjatli film namoyish etilganidan xabardor ekani va undagi ayblovlar 2000 yildan buyon o‘zi va otasiga nisbatan ilgari surib kelinayotganini aytdi.

- Men hujjatli filmni ko‘rganim yo‘q. Ammo, Toshkentdagi manbalar menga xabar qilishdi va meni hamda oilamizni davlatning 13 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ini o‘zlashtirganlikda ayblashganini aytishdi. 2000 yildan buyon hukumat bizni asossiz ravishda ayblab kelmoqda,- deydi Nadejda Otayeva.

Unga ko‘ra, hujjatli filmda tilga olingan 10 ta nonvoyxona hech qachon Olim Otayev yoki uning yaqinlari tomonidan noqonuniy ravishda o‘zlashtirilmagan.

- Bu ayblov ilk bor ilgari surilgan 2000 yillarda bu korxonalar O‘zbekiston Davlat mulk qo‘mitasi tasarrufida edi va otam, hattoki, bu korxonalar ishiga aralasha olmasdi ham. "Uch Qahramon Non" korxonasi esa amakim tomonidan qonuniy asosda xususiylashtirilgan edi. Bizga qo‘yilgan ayblovlarga hech qanday daliliy asoslar keltirilmagan,- deydi oradan 12 yildan ortiq vaqt o‘tgach o‘z oilasiga ilgari surilgan ayblovlarga javoban Nadejda Otayeva.

Unga ko‘ra, o‘sha kezda uning o‘zi, otasi va ukasi O‘zbekistonni tark etgan. Ammo, amakisi 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U bir yilu 8 oydan so‘ng amnistiya akti asosida ozod etilgan.

Nadejda Otayevaning so‘zlariga ko‘ra, aslida otasi Olim Otayev va bu oilaning ayblanishi ortida boshqa siyosiy sabablar bor edi.

- Otam O‘zbekiston hukumatining bug‘doy mustaqilligi haqidagi iddaolarni asosli ravishda shubha ostiga olgan ilk rahbarlardan biri bo‘lgan. O‘zbekiston bug‘doyining sifati naqadar yomon ahvolda ekanini hozir hamma biladi. Men otamning bugunga kelib o‘zbekistonliklarni ommaviy zaharlayotgan "bug‘doy mustaqilligi" kompaniyasiga qo‘shilmaganidan faxrlanaman,- deydi Otayeva.

Toshkent telekanalida namoyish etilgan hujjatli filmda o‘z nomiga aytilgan ayblovlar sababini ham huquq faoli o‘z siyosiy faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.

- Bunga birinchi sabab, o‘tgan yili O‘zbekistondagi qiynoqlar haqida chiqarganimiz keng qamrovli hisobot, deb hisoblayman. Bundan tashqari, mening Lola Karimova da‘vosi ko‘rilgan sudda ishtirok etganim ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. Undan keyin esa mening taniqli ulamo Obid qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasdga munosabatim ham Toshkent qoralovlariga sabab, deb bilaman,- deydi inson huquqlari faoli, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otayeva.

U Obid qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasdni "siyosiy", deb baholagan va buning ortidan O‘zbekiston maxsus xizmatlari turgani haqida bayonot tarqatgan edi.

Bayonot tarqatilganidan ikki kun o‘tib Toshkent televideniyesida namoyish qilingan hujjatli filmdagi ayblovlarni huquq faoli mutlaq inkor qilishda davom etmoqda.

Huquq faoliga ko‘ra, 2000 yildan keyin Otayevlar oilasi Interpol qidiruviga berilgan va bir necha bor Frantsiya hukumatidan ularning O‘zbekistonga topishirilishi so‘ralgan.

So‘nggi bor 3 yil muqaddam Frantsiya hukumati bu oilaga nisbatan ta‘qiblarni noqonuniy deb topib, ularning O‘zbekistonga berilishidan qat‘iyan bosh tortgan.
XS
SM
MD
LG