Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:25

Hafta savoli: Putin yana Rossiya prezidenti bo‘lganiga nima deysiz?


Rossiya Bosh vazir Vladimir Putin 4 mart kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovining g‘olibi deb e‘lon qilindi. Rasmiylar Putin yakshanba kungi saylovda 63,75 foiz ovoz olganini aytmoqda. Hafta savoli ruknining bugungi sonida respondentlarga "Vladimir Putin yana Rossiya prezidenti bo‘lganiga nimadeysiz?" degan savolni berdik.

Dilshod, farg‘onalik tadbirkor :


- Putin prezident bo‘lganidan xursandmiz. Xursandligim shundaki, Medvedev bilan ikkovi ishni yaxshi yuritishayotgan edi. Endi ikkalasi joy almashadi. Medvedev Bosh vazir bo‘ladi.

Abdulla, Qarshidagi zavod ishchisi:


- Men xursand emasman, xafaman. Putin ham diktatordek gap. Men “Yabloko” partiyasi yetakchisi Grigoriy Yavlinskin Rossiyaga prezident bo‘lishini xohlagan edim. U demokrat odam-da. Yavlinskiy chetdan kelganlarga ham yaxshi ko‘z bilan qaraydi. Yaxshi munosabatda bo‘ladi. Men Putinga qarshiman. Birinchidan, har doim bitta prezident bo‘lgani ham bo‘lmaydi. Ikkinchidan, muxolifatga erkinlik bermaydi. Men demokrat odam prezident bo‘lishini xohlayman.

Muhammad Solih, O‘zbekiston ERK demokratik partiyasi raisi:


- Putinning g‘alaba qilishi oldindan hamma tomondan bilinar edi. Bu Rossiya uchun hayrli bo‘lsa, atrofi uchun ham hayrli bo‘ladi. Mening bir shaxsiy qarashim yo‘q. Men bunga bir siyosatchi sifatida qarayman. Rossiya xalqi shu odamni saylagan ekan biz unga hurmat ko‘rsatishimiz kerak albatta. Bu xalqning tanlovi. Unga albatta biz ham hurmat ko‘rsatamiz.

Mo‘tabar Tojiboyeva, inson huquqlari faoli:


- Vladimir Putin yana prezident etib saylanganidan bir tomondan xafaman, boshqa tomondan xursandman. Xafaligim tomoni, Vladimir Putin Rossiyani sakkiz yil boshqargan bo‘lsa, mamlakatni boshqarish hozir yana uning qo‘liga o‘tdi. Xursandligim tomoni, prezidentlikka nomzod bo‘lgan Zyuganovni, millatchi Jirinovskiylarni Rossiya televideniyesi orqali o‘z saylovoldi programmalarini e‘lon qilib, debatlarda qatnashganlarini ko‘rdim. Ularni Rossiya singari buyuk mamlakatni boshqara olish qobiliyatiga ega insonlar emasliklarini bildim. Bugungi kunda Rossiyani aynan kuchli inson boshqarishi kerakligi uchun ham man nomzodlar orasidan Putin saylanganligidan xursandman.

Bahrom, Rossiyaning Yoshkarola shahri:


- Putin yana prezident etib saylandi. Men xursandman. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, misol uchun Putin chet eldan kelganlarga tushuntiradi. Jirinoskviyga qaraganda Putin yaxshiroq demoqchimanda. Putin olib borayotgan siyosat qolgan kandidatlarga qaraganda yaxshiroq. Misol uchun chet eldan kelganlarga patent qildi. Rossiyada ishlamoqchi bo‘lsangiz bankka borib ming rubl to‘laysiz patent qilib yuraverasiz. Propiska kerak emas. Bemalol Rossiyaga kirasizda bemalol ishlab ketaverasiz. Putinni olib borayotgan siyosat boshqalarnikiga qaraganda yaxshiroq. Men shunday deb bilamanda.

Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi xodimi:


- Rossiya xalqi baxtli hayot kechirsa, biz ham xursand bo‘lamiz. Putin prezident bo‘lganlaridan keyin harakat qiladilar. Davlat rivojlanadi. Xalq yaxshi yashaydi. Ular yaxshi insonlar. Birinchi marta prezident bo‘lib yana ikkinchi marta saylandilar.

Fathulla aka, qoraqalpog‘istonlik haydovchi:


- Men nima deya olaman baraka topkur. Bizaga uncha aloqasi yo‘qku uni. Menga zarari ham yo‘q, foydasi ham yo‘q. Betarafman.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi:


- Men bu narsa bo‘yicha hech nima ayta olmayman. Uzr. So‘rovlarda uch xil javob bo‘ladiku. “Bilaman”, “bilmayman” va “aniq javob bera olmayman”, degan. “Aniq javob bera olmayman” degan punktga kiritib qo‘ya qoling.

Ismini aytishni xohlamagan Toshkentdagi Reko Travel shirkati xodimi:


- Meni bunday narsalar qiziqtirmaydi. Men siyosatga qiziqmayman. Nima uchun menga bunday savol beryapsiz. Men bunday savol bilan qiziqmayman.
XS
SM
MD
LG