Линклар

AQSh Respublikachilar partiyasidan noyabrda bo‘ladigan prezident saylovlarida yagona nomzod tanlash poygasi - amerikaliklar siyosiy lahjasida “Superseshanba” deb yuritiladigan kun birvarakayiga 10 shtatda boshlandi.

Ohayo¸ Jorjiya¸ Massachusets, Tenness, Vermont, Virjiniya, Oklaxoma, Aydaho, Shimoliy Dakota va Alyaskada o‘tayotgan saylovoldi poygasining old marrasida Mitt Romni bormoqda.

Romni bundan oldin to‘rtta shtatda g‘olib bo‘lgan edi. Ayni paytda bu nomzodning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.

Pensilvaniyaning sobiq hokimi¸ sobiq senator¸ ultrakonservativ g‘oyalar tarafdori Rik Santorum o‘z raqibi Mitt Romnidan o‘zishga chandon harakat qilmoqda.

O‘zining keskin muhofazakor qarashlari bilan amerikalik ishchilar orasida katta e‘tibor qozongan Rik Santorumning ham katta imkoniyatlarga ega ekanligi aytilmoqda.

Bugungi “superseshanba” respublikachilarning yana boshqa ikki nomzodi — Nyut Gingrich va Ron Pol uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Agar ular bu 10 shtatning birontasida g‘alaba qozonmasa, nomzodlik uchun kurashdan chiqib ketishi mumkin.

Namoyandalar platasining sobiq spikeri Nyut Gingrich o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jorjiyada g‘alaba qilishga umid qilgan edi va bu orzusiga noyil bo‘ldi.

Texaslik Ron Pol Alyaska va Shimoliy Dakotada g‘alaba qozonishdan umidvor.

Ayni paytda Ohayo shtati Oq uyga eltadigan asosiy yo‘l, deya ko‘riladi. Aynan Ohayo shtatidagi praymerizda g‘olib bo‘lgan respublikachilarning pirovardida prezidentlikka saylanganiga tarix guvoh.

Respublikachilar partiyasi delegatlarining 1114 ovoziga kim sohib bo‘lishi “superseshanba” yakunlariga bog‘liq.

Bu ovozni qozonish uchun 419 nomzod qo‘yilgan. Bu nomzodlar qancha ovoz qozongani chorshanba ertalab ma‘lum bo‘ladi.

Asosiy nomzod esa avgustda bo‘ladigan qurultoyda aniqlanadi.

AQShda prezident saylovi kampaniyasi nomzodlarni saralash bosqichidan boshlanadi. Bu bosqichda o‘zlarini o‘zlari nomzod qilib ko‘rsatgan 2 asosiy partiya - Respublikachi va Demokratlar vakillari o‘z partiyalarining rasmiy nomzodi reytingini aniqlashadi.

Saralash bosqichi kokus yoki praymeriz shaklida o‘tkaziladi.

Kokus – partiya faollarining majlisi bo‘lib, uning qatnashchilari ochiqcha qo‘l ko‘tarish yo‘li bilan u yoki bu nomzodga ovoz beradilar.

Praymerizda partiya vakillari byulletenlar vositasida o‘zlari istagan nomzodga ovoz beradilar.
XS
SM
MD
LG