Линклар

Qashqadaryo viloyat prokurori o‘rinbosarligidan Sirdaryo viloyat prokurori lavozimiga o‘tkazilgan Yaxshiboy Ochilov haqida hozircha shunday deyilmoqda.

Sirdaryodagi manbalardan olingan xabarga ko‘ra, kuni kecha o‘z xizmat vazifasini bajarishga kirishgan yangi va "yaxshi" prokuror bir necha yillar davomida Qashqadaryo viloyati prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Yaxshiboy Ochilovdir.

Qashqadaryoliklar bu kishini, odatan, prokurorlar haqida aytilmaydigan “g‘amxo‘r, odamshavanda”, deb sifatlayotgani bois uning Sirdaryoda ham shunday nom qoldirishiga umid bildirilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Sirdaryoda viloyat prokurori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan Bahodir Abduvaliyev ham, odatdagidan farqli tarzda, ishdan olinmagan. U viloyat prokuraturasidagi o‘rtamiyona lavozimlardan biriga o‘tkazilgan.

3 kun muqaddam ish boshlagan prokurorning shaxsiga oid ma‘lumotlar bilan tanishgan sirdaryolik inson huquqlari faoli Isroil Rizayev hozircha umidlari katta ekanini aytdi.

- Surishtiruvlarimizga qaraganda ancha yaxshi kadr ekan. Qashqadaryoni ancha tartibga solgan ekan. O‘zini ham odamshavanda, deyishdi. Umid qilamiz endi, bizdagi sistemaga tushib, korruptsiyaga aralashib ketmasdan, yaxshi ishlaydi, deb,- deydi Isroil Rizayev.

Unga ko‘ra, bir necha yillardan buyon viloyat prokurori lavozimi bo‘sh bo‘lgan va hozir ishdan olingan Bahodir Abduvaliyev viloyat prokurori vazifasini bajarib kelgan.

- Sirdaryo spetsifik bir viloyatda. Birinchidan, aholining etnik tarkibi juda xilma-xil, shunga ko‘ra, jinoyatchilik ham. Ikkinchidan, ikki qo‘shni respublika - Tojikiston va Qozog‘iston bilan chegaradosh. Bu hududlarda kontrabanda juda kuchaygan. Uyushgan jinoyatchilik kuchaygan. Shuning uchun bizning viloyatda prokuror bo‘lish qiyin, - deydi Isroil Rizayev.

Unga ko‘ra, ishdan olingan Bahodir Abduvaliyev ancha-muncha yaxshi ishlarni ham qilish bilan birga ayrim jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan.

Huquq faoli xatolar, deya konkret misollarni keltirar ekan, 2010-2011 yillarda viloyatda shov-shuv bo‘lgan ikkita sud ishini tilga oldi.

Bulardan biri "Birodarlar" nomi ostida qamalgan yosh dindorlar guruhiga oid ishdir.

2010 yilning bahorida avvaliga "Jihodchilar", keyinchalik “Birodarlar” nomi ostidagi diniy guruhga aloqadorlikda ayblanib, yoshi 25-35da bo‘lgan 70 ga yaqin namozxon hibsga olingan va ularning ko‘pchiligi ozodlikdan mahrum qilingan edi.

- Shu guruh ustidan sud ishlarini kuzatdik va ma‘lum bo‘ldiki, haqiqatda ham bu bolalar namozlardan keyin gruppa-gruppa bo‘lib o‘tirishgan. O‘zaro bahslashishgan. Lekin, qo‘yilgan ayblovlardagi kabi davlatni, konstitutsion tuzumni ag‘darish haqida gaplashishmagan. Bundan tashqari, ulardan ashyoviy dalil sifatida olingan adabiyotlar ham shu o‘zimizda sotilayotgan adabiyotlar ekani sudda aytilgan. Lekin ular qamab yuborildi, - deydi Isroil Rizayev buni viloyat prokuraturasining kamchiligiga yo‘yar ekan.

Bundan tashqari, u viloyat tarixida ilk bor "qo‘poruvchilar guruhi" amatasi bilan qamalgan 10 ga yaqin yosh yigit ustidan ko‘rilgan jinoiy ishni ham tilga oldi.

- Hozirgacha sud instantsiyalari orasida yurib, shu bolalarning huquqini himoya qilishga harakat qilayapmiz. Bu yoshlar ustidan ko‘rilgan ishni ham prokuraturaning xatosi, deyish mumkin,- deydi Isroil Rizayev.

Unga ko‘ra, hozir prokuratura va sud tizimi o‘rtasida ko‘p uchrayotgan asosiy muammo har ikki institutning o‘z kafolatlarini to‘liq bajarmayotganidir.

- Prokuratura ishni ko‘rib chiqib, tergov xulosasini beradi. Keyin esa sud o‘z vakolatlaridan foydalanib, ishni qayta tekshirib o‘tirmaydi va tasdiqlab qo‘ya qoladi. Undan keyingi instantsiyalar ham quyi instantsiya hukmini o‘z kuchida qoldira qoladi. Bunday tizimni bekor qilish kerak, - deydi ko‘p yillardan buyon inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan Isroil Rizayev.

Ozodlik o‘z manbalaridan olgan xabarlarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatiga tayinlangan yangi prokuror 53 yoshli Yaxshiboy Ochilov ko‘p yillardan buyon prokuraturada ishlagan, ayni sohada yetishgan kadrlardan biridir.

Uning Qashqadaryo viloyati prokuraturasidagi 19 yillik faoliyati davomida "Adliya katta maslahatchisi" unvonini olgani ham aytildi.

Shuningdek mustaqil manbalardan olingan xabarlarga ko‘ra, uning ukasi Anvar Ochilov bir necha yildan buyon Qashqadaryo viloyatining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudida sudya lavozimida ishlab kelmoqda.
XS
SM
MD
LG