Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:36

Xotinni yupatish uchun million alvon gul


Qozog‘istonning Qizilo‘rda shahridagi gul do‘konlaridan biri 8 mart – Xotin-qizlar bayrami arafasida g‘aroyib buyurtma oldi.

“Ekspress K” gazetasining yozishicha, bayram oldidan rafiqasi bilan arazlashib qolgan qizilo‘rdalik kishi unga, rus estradasining primadonnasi Alla Pugacheva qo‘shig‘ida kuylanganidek, million alvon atirgul sovg‘a qilib, xotinining ko‘ngligi olmoqchi bo‘lgan.

Qiymati qariyb 3 million AQSh dollarini tashkil etishi taxmin qilinayotgan bu “guldasta” uchun qizilo‘rdalik ko‘ngil ovlovchi er pul ham to‘lab ulgurgani aytilmoqda.

- Biz gul uchun Olmaotaga buyurtma berib bo‘ldik. Gullarning hammasi alvon rangli, bir xil uzunlikdagi saralangan holland atirguli bo‘ladi, - deya iqtibos keltaradi gazeta gul do‘konining egasi so‘zlaridan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bu xil atirgullar Qizilo‘rdaga asosan Ekvador, Xitoy va O‘zbekistondan kelar ekan.

- Ammo bunday jiddiy buyurtma uchun bizga Hollandiyaning o‘zidan haqiqiy atirgullarni olib keladilar, - deya qo‘shimcha qiladi qizilo‘rdalik gulfurush ayol.

Bunday buyurtmani birinchi marta olayotganini aytgan gul sotuvchisiga ko‘ra, qizilo‘rdalik g‘aroyib xaridorga atirgullar chakana savdoda sotiladigan bahodan ancha arzon narxda yetkazib beriladi.

Shu kunda Qizilo‘rdada bir dona atirgul 500 tangadan 1000 tangagacha (3,5-7 AQSh dollaridan – tahr.) sotilmoqda. 7-8-9 mart kunlari esa atirgul bahosi 2000 tangagacha chiqib ketishi kutilmoqda.

Har holda, avvalgi yillarda Ayollar bayrami arafasida Qozog‘istonning katta shaharlari gul narxi 3-4 barobar ko‘tarilib ketgandi.
XS
SM
MD
LG