Линклар

logo-print
Apple shirkati 7 mart kuni e'lon qiladigan iPad planshetning yangi versiyasi qanday nomlanishi haqida bir qancha mish-mishlar tarqamoqda. Ayrimlar uni iPad 3 bo'lishini aytsa, boshqalar uning nomiga 3 raqami qo'shilmasligini taxmin qilmoqda. Bir qator ishonchli texno-bloglar tarqatgan so'nggi ma'lumotga ko'ra esa, Apple shirkatining taniqli plansheti yangi rusumi iPad HD deya nomlanadi.

Tishlangan olma shirkati yangi planshetga ko'pchilik kutgan iPad 3 nomini bermasligi haqida birinchilardan bo'lib "Mashable" Internet nashri muharriri Kris Teylor xabar berdi. Unga ko'ra, Apple shirkatiga yaqin bo'lgan manbalar yangi planshet versiyasini iPad HD deya nomlanishi haqida ma'lumot berishgan.

Ekranining sifati yuqori bo'lishi aytilayotgan planshetga aynan shu nom berish mantiqan to'g'ridir. Chunki "HD" qisqartmasi "high definition", ya'ni "yuqori aniqlik" ma'nosini anglatadi. Xabarlarga ko'ra, iPad planshetining yangi versiyasida ekran Retina texnologiyasida ishlangan va 2048 ga 1536 pixel ko'rsatgichiga ega.

Kris Teylorning aytishicha, planshet versiyasini "HD" deya nomlash mahsulotni bozorda reklama qilish uchun ham juda qulaydir. Chunki Apple mijozlari kutilmagan yangiliklarga o'ch. Bu ma'noda "iPad 3" nomi "kutilgan syurpriz" bo'lar edi.

Apple shirkatini planshetlar bozorida birinchi o'ringa ko'targan iPad ning birinchi versiyasi 2010 yilning yanvar oyida e'lon qilingan. iPad 2 plansheti esa 2011 yilning 2 martida taqdim etilgan edi.

Eslatamiz, bir necha hafta oldin Apple jurnalistlarni 7 mart kuni San-Fransiskoda o'tadigan uchrashuvga taklif qilgan edi. Taklifnomada "Bizda sizlar o'z ko'zingiz bilan ko'rib, ushlab ko'rishingiz kerak bo'lgan narsa bor" deyiladi. Aksar jurnalist va tahlilchilarga ko'ra, shu kuni Apple iPad planshetining yangi versiyasi taqdim qiladi.
XS
SM
MD
LG