Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:52

Bahodirni paxta qurboni sifatida tan olishmayapti


Falokatdan 6 oy o‘tib Bahodir hanuz to‘shakda qolmoqda.
Falokatdan 6 oy o‘tib Bahodir hanuz to‘shakda qolmoqda.

Paxtadan qaytayotib, avtohalokatga uchragan chiroqchilik 13 yoshli Bahodir Pardayev hali tilga ham kirgani yo‘q, bir qo‘li bilan bir oyog‘i ham ishlamayapti.

Sud hukmi: Uch million moddiy zarar


Joriy yilning 3 mart kuni Qashqadaryo viloyat Qarshi tumanlararo fuqaroviy sudi 24 sentyabr kuni paxtadan qaytayotib, avtohalokatga uchragan 13 yoshli Bahodir Pardayev bilan bog‘liq ishni ko‘rib chiqdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Bahodirni mashinasi bilan urib yuborgan haydovchi Baxtiyor Yaxshiboyevga 2 yilu 6 oylik shartli jazo berilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan Bahodirning amakisi Azamat Mustafayevga ko‘ra, ular ayblanuvchidan 4,5 million so‘m moddiy zarar va 10 million so‘m ma‘naviy zarar undirilishini so‘rab sudga kiritgan da‘vo arizasi faqat qisman qondirilgan.

- Bahodirni davolash uchun shu paytgacha ketgan dori-dormanlarning jami narxi 4,5 million so‘m bo‘lgan edi. Sud dori-darmon uchun 3 million so‘m undirilishi bo‘yicha hukm chiqardi. Ma‘naviy zarar borasidagi so‘rovimizni rad qildi,- deydi Azamat Mustafayev.

“Paxta masalasini sudda ko‘rmaymiz”


13 yoshli Bahodir Pardayev 24 sentyabr kuni paxta terimidan qaytayotib, avtohalokatga uchragan edi.

Bahodir o‘qigan va uni paxtaga olib chiqqan 24 maktab direktori Go‘zal Mustafoyeva Ozodlik bilan suhbatda 13 yoshli bolkayning aynan paxta dalasidan qaytayotgan payti avtohalokatga uchraganini tasdiqlagan edi.

- Bu baxtsiz tasodif. Bunday bo‘lishini hech kim xohlagani yo‘q. Masalan, men ham xohlaganim yo‘q. Bizlarda yig‘ilishlarda “yordam beringlar, o‘qituvchi, o‘quvchilar hasharchi sifatida yordam beringlar” degani uchun bizlar hashar sifatida olib chiqqan edik. Bir kun hasharga deb olib chiqqan edik biz. Shanba, yakshanba kuni terimchilarga yordamchi sifatida olib chiqqan edik. Hech kim majburlagani yo‘q paxtaga chiqinglar deb. Ob-havo o‘zgarib ketayotganligi sababli qor-yomg‘irga qolmasin, yig‘ishtirib olaylik deb yordam berishga chiqqan edik. Paxta hammamizning boyligimizku,- degan edi 10 oktyabr kuni maktab direktori Go‘zal Mustafoyeva.

Bahodirning amakisi AzamatMustafoyevning aytishicha, ular sudga kiritgan dav‘vo arizasida 13 yoshli Bahodirni dars payti paxtaga olib chiqqan shaxslarni javobgarlikka tortishni ham talab qilishgan.

Biroq sud "paxta davlat siyosati" qabilidagi vajlar bilan bu xususdagi da‘voni rad qilgan.

- Paxtada degan ishni olib tashlayapti. Bu davlat siyosatiga qarshi deb olib tashlayapti. Prezidentga yozilgan, prezident devoniga yozilgan, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasiga yozilgan arizalar hammasining menda nusxasi bor. Hammasida paxta masalasi kiritilgan. Lekin olib tashlayapti. Paxta ishi bilan degan ishni olib tashlayapti. Maktabga nisbatan 6-sinf bolasini majburlab paxtaga olib chiqqan, fuqarolar yig‘inining raisi, MTP raisini javobgarlikka tortishi kerak. Lekin u to‘g‘risida rad javobi kelayapti bizlarga,- deydi Azamat Mustafayev.

Bahodir olti oydan buyon tilga kirmayapti


Paxtadan qaytayotganda avtohalokatga uchragach, Bahodir komaga tushdi va faqat to‘rt oydan keyingina hushiga keldi. Biroq uning ahvoli hanuz o‘nglanmagan.

- Olti oydan beri 13 yoshga kirgan bola joyida siyadi, o‘rnidan tura olmaydi. Gapirmayapti. Tushunib bo‘lmaydigan gapni gapiradi. Yosh bolalarning gapini gapiradi. Endi tilga kirayotgan bolalar borku. Xuddi shunday bolalarning gapini gapiradi. Suv degan narsani uv deydi, bir qo‘l, bir oyoq ishlamaydi,- deydi Bahodirning amakisi.

“Bahodirni davolatish uchun 10 ta qoramol sotildi”


Bahodirni oyoqqa turg‘azish ilinjida ota-onasi olti oydan buyon murojaat qilmagan shifokorlar qolmadi.

Bolakayning yaqinlariga ko‘ra, dori-darmon, yo‘l kira, shifoxona uchun to‘lovlarga ketgan harajatlar uchun uydagi 10 ta qoramol sotilgan.

- 20 million xarajat qilib o‘tiribdi bular. Qarz bo‘lib yotdi, hammadan qarz. Avtohalokatgacha uyida 10ta moli bor edi. Hozir kelib ko‘rsangiz, bitta buzog‘i yo‘q, 20 odamdan qarz bo‘lib turibdi hozir. Hech qanday yordam, bir hol-ahvol so‘rab borgan odamning o‘zi yo‘q. Bitta odam “Mana shu bola avtohalokatga uchradi. Biz majburlab paxtaga chiqargan edik. Shuning oqibatida avtohalokatga uchragan” deb hol-ahvol so‘ragani yo‘q. Fuqarolar yig‘inidan moddiy yordam so‘raganda uni ham bermayapti. O‘zbekiston respublikasi prezidentiga, O‘zbeksiton prezidenti devoniga, O‘zbekiston respublikasi prokuraturasiga, Oliy sudga, O‘zbekiston teleradiokompaniyasiga jo‘natganman. Hech qanday bizga javob beradigan nima yo‘q,- deydi Bahodirning amakisi.
XS
SM
MD
LG