Линклар

Minglab toshkentlik bir kun davomida svetsiz qoldi


Mutaxassislar O‘zbekistonda elektr bilan ta‘minlash tizimi haminqadar ahvolda ekanini aytishadi.

Mutaxassislar O‘zbekistonda elektr bilan ta‘minlash tizimi haminqadar ahvolda ekanini aytishadi.

8 martga o‘tar kechasi Toshkentning Qo‘yliq massividagi bir nechta kvartalda joylashgan uylar elektr quvvatisiz qoldi.

Aytilishicha, aholi punktlari joylashgan massivlarni elektr quvvati bilan ta‘minlaydigan stantsiyada ro‘y bergan portlash oqibatida aholi kechasi soat 3 dan kunduzgi soat 14 ga qadar svetsiz qolgan. Bundan tashqari Toshkentning Uchtepa tumanidagi elektr taqsimlash stantsiyada ro‘y bergan halokat bois tuman aholisi chorshanba kuni elektrsiz qoldi.

Toshkentning Uchtepa tumani va Qo‘yliq massividagi elektr taqsimlash stantsiyalarida ro‘y bergan avariyalar oqibatida minglab aholi bir kun davomida elektr quvvatisiz qoldi.

Uchtepa tumanida (sobiq Akmal Ikromov tumani) 7 mart kuni kun davomida elekt quvvati bo‘lmadi. Bu haqda uchtepaliklar Ozodlik radiosiga ma‘lum qildi.

Mikrofonsiz gapirishga rozi bo‘lmgan suhbatdoshlarimizdan birining aytishicha, tumanda joylashgan aholi punktlari bir kun elekt quvvatisiz qolgan.

“Kecha, ya‘ni chorshanba kuni kun davomida Uchtepada umuman elektr quvvati bo‘lmadi. Hatto yo‘llarda svetoforlar ishlamay qoldi. Bugun ertalab uylarning ko‘pchiligiga svet berish tiklandi. Lekin ba‘zi mahallalar hali ham svetsiz”, deydi uchtepalik yigit.

Unga ko‘ra, Uchtepaga elektr quvvati boshqa tumandagi elektr liniyalaridan olinayotgani aytilmoqda.

Uchtepalik yana bir suhbatdoshimizning aytishicha, aholi punktlarida svet 7 mart kuni ertalab soat 10 larda o‘chib qolgan bo‘lsa, elektr yetkazish 8 mart kuni kunduzi 13 lar atrofida tiklangan. Bu suhbatdoshimizning aytishicha, u tuman elektr taqsimlash stantsiyasiga borganida, u yerda o‘ziga o‘xshagan svet yo‘qligidan shikoyat qilib kelgan 10 ga yaqin fuqaro turgan bo‘lgan.

Korxona xodimlari elektr uzilishiga stantsiyada ro‘y bergan avariya sabab bo‘lganini aytishdi, deydi uchtepalik suhbatdoshimiz.

“Kecha 10 larda o‘chirib qo‘yishdi, bugun soat birlar atrofida svet yondi. Men podstantsiyaga borganimda, avariya bo‘ldi deyishdi. Aytishlaricha avariya oqibatida bir necha kishi jarohat olibdi”, deydi suhbatdoshimiz.

8 martga o‘tar kechasi soat 3 lar atrofida Toshkentning Qo‘yliq massividagi bir necha kvartalda joylashgan ko‘p qavatli uylarga xizmat qiladigan elektr taqsimlash stantsiyasida ham portlash ro‘y bergani aytilmoqda. Uzmetronom nashri tarqatgan xabarda aytilishicha, Qo‘yliqning birdaniga 7 ta kvartalidagi ko‘p qavatli turar joy uylarida elektr quvvati uzilgan.

Xabarda shuningdek aytilishicha, elektr taqsimlash stantsiyasiga yaqinroq joylashgan uylarda yashovchi fuqarolar o‘tgan tunda portlash ovozini eshitganlarini aytgan.

Oqibatda, deyiladi xabarda, GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasiga qarashli motor zavodi ham elektrsiz qolglan.

Biroq Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan yangi motor zavodi ishchilaridan biri Ozodlik bilan xos suhbatda korxonada elektr quvvati uzilganiga oid xabarni mutlaq inkor qildi.

“Bo‘lmagan gap. Bizning zavodda o‘zining avtonom elektr tizimi bor. Bundan tashqari favqulodda hollarda korxonani elektr bilan uzluksiz ta‘minlab turadigan maxsus moslama ham bor”, dedi GM Powertrain – Uzbekistan korxonasi ishchisi.

Qo‘yliqdagi vaziyatga oid so‘nggi xabarga ko‘ra, aholi punktlariga elektr quvvati uzatish 8 mart kuni soat 14 lar atrofida tiklangan.

Uchtepa va Qo‘yliqdagi elektr stantsiyalarida ketma-ket ro‘y bergan avariyalar bir-biri bilan bog‘liqmi yo‘qmi noaniq qolmoqda.

Biroq mutaxassislar O‘zbekistondagi elektr taqsimlash stantsiyalaridagi uskunalar haddan ortiq eskirgani bois nafaqat viloyatlar, balki poytaxtni elektr bilan ta‘minlash tizimi haminqadar ahvolda ekanini aytishadi.

O‘zbekistondagi energetika sohasini tadqiqot qilgan, energetik bo‘hron bilan bog‘liq bir qator maqolalar muallifi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev "men uchun bu kutilmagan emas, men buni kutganman deydi.

Toshpo‘lat Yo‘ldoshev bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG