Линклар

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 5 mart kuni o‘zining rasmiy sayti Muslim.uz da “Yaxshilikdan yomonlik izlanmaydi” maqolasida Ozodlik saytida e‘lon qilingan “Namangandagi masjidlarga videokameralar o‘rnatildi” sarlavhali maqolaga rasmiy munosabat bildirdi.

Hukumatga qarashli ushbu idora “Namangan viloyatida masjidlarga kameralar o‘rnatilishi avvalo dindorlarning xavfsizligini ta‘minlashni kuchaytirish hamda masjid mulknini qo‘riqlash maqsadida qilingani”ni ta‘kidlaydi.

29 fevral kuni Ozodlik orqali yoritilgan ushbu maqolada Namangan shahridagi 30ga yaqin masjidning barchasida yoppasiga videokameralar o‘rnatilgani haqida yozilgan edi.

2 mart kuni Farg‘ona.ru va SA-NEWS saytlari bu xabarni ko‘chirib bosishdi.

Muslim.uz saytida yozilishicha, “O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Ozodlik”, “SA-NEWS” va “Farg‘ona” saytidagi maqolalarni navbatdagi provokatsiya va mamlakatdagi diniy hayotni qoralash urinishi sifatida baholaydi”.

Masjidlarga kameralar o‘rnatish tashabbusi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan ilgari surilgani aytilib, hozirda viloyatdagi 181 ta masjidda kuzatuv kameralari o‘rnatilgani ta‘kidlanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi veb sahifasidan parcha.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi veb sahifasidan parcha.

O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ko‘ra, Namangan shahridagi “Mulla Ismoil” masjidida kelib chiqqan yong‘in va viloyatdagi ayrim masjidlarda juma namozlaridan so‘ng o‘g‘irlik holatlari sodir etilgani bois masjidlarga kamera o‘rnatish qaroriga kelingan.

Masjidlarda kuzatuv kameralari o‘rnatilishi dindorlarning huquqlarini mutlaqo kamsitmasligini ta‘kidlaydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi.

Muslim.uz saytidagi maqolada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida masjidlarga kuzatuv kameralari o‘rnatilish holatlari mavjudligi aytilib, “ Saudiya Arabistonidagi “Al-Haram” masjidlarida 3000 dan ziyod video kameralar o‘rnatilgan”i misol tarzida keltiriladi.

29 fevral kuni Ozodlik muxbiri Namangandagi masjidlarning bir nechtasiga sim qoqib, masjid xodimlari bilan suhbatlashganida ular kameralar jamoat xavfsizligini ta‘minlash uchun o‘rnatilayotganini qayd qilgan edilar.

Ayni paytda Ozodlik o‘z materialida, fikrlar xilma-xilligini aks ettirish printsipidan kelib chiqib, kameralar o‘rnatilishi yuzasidan Namangandagi masjidlar xodimlarinikidan o‘zgacha bo‘lgan fikrlarga ham joy bergan edi.

Ozodlik mavzu yuzasidan o‘sha paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga murojaat qilgan, biroq Namangan shahridagi masjidlarga videokameralar o‘rnatilgani sabablari yuzasidan tushuntirish beradigan rasmiy topilmagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 2038 ta masjid faoliyat ko‘rsatmoqda va hozirda Namangandan boshqa viloyatlardagi masjidlarda kameralar o‘rnatilmagan.
XS
SM
MD
LG