Линклар

logo-print

Futbol bo‘yicha 2014 yilgi jahon chempionati saralash o‘yinlarining 4-bosqichida O‘zbekiston qaysi jamoalar bilan bellashishi aniqlandi.

Osiyo Futbol konfederatsiyasining Kuala-Lumpurdagi bosh qarorgohida juma kuni tashlangan qur‘a 2014 yilgi Jahon chempionati saralash o‘yinlarining 4-bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida Janubiy Koreya, Eron, Qatar va Livan terma jamoalari bilan bellashishini aniqlab berdi.

Osiyo qit‘asidagi milliy jamoalar o‘rtasida o‘tkaziladigan 4-bosqich saralash o‘yinlarida yana bir guruhda beshta komanda Braziliyada o‘tkazilajak jahon birinchiligiga chiqish uchun bellashadi. “B” guruhiga Avstraliya, Yaponiya, Iordaniya, Iroq va Oman terma jamoalari tushdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov, qur‘a tashlash tadbiridan keyin Ozodlikka bergan intervyusida, ikkala guruh tarkibi bo‘yicha bir xil imkoniyatga ega, degan fikrni bildirdi. Avvalgi bosqichdagi o‘yinlarga ko‘ra, O‘zbekiston termasi o‘z guruhidagi raqiblariga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsata olishiga ishonaman, deydi trener.

- Printsipda, ikkala guruh ham imkoniyatlar bo‘yicha mutlaq bir xildir. Biz qanday o‘yin ko‘rsatishimiz, boshqa masala. Tayyorgarlik yaxshi bo‘lsa, shunga yarasha o‘ynaymiz. Menimcha, raqbilarimizni dog‘da qoldirish imkonlarimiz ko‘p. Har qalay, avvalgi o‘yinlarimiz ulardan zaifroq emasligimizni ko‘rsatdi, menimcha. Faqatgina to‘g‘ri tayyorlansak, bo‘ldi,- deydi Vadim Abramov.

Vadim Abramov o‘z shogirdlari yaxshi o‘yin ko‘rsata olishiga ishonadi.

Vadim Abramov o‘z shogirdlari yaxshi o‘yin ko‘rsata olishiga ishonadi.

Osiyodagi saralash o‘yinlarining 3-bosqichida “C” guruhida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. O‘zbek futbolchilari so‘nggi o‘yinda Yaponiya komandasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, 16 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Vadim Abramov shu bilan birga “A” guruhiga tushgan raqib komandalar mahoratini ham kamsitmaslik lozim va har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi, deya davom etadi.

- Imkonlarimiz qolgan jamoalar bilan bir xil. Hammasi bu imkondan qanday foydalana olishimizga bog‘liq bo‘ladi. Yaxshi o‘yinga tayyor bo‘lib turishimiz kerak. Menimcha, guruhimizga tushgan komandalardan kuchsizroq emasmiz, deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov.

4-bosqich doirasida O‘zbekiston termasi birinchi o‘yinni Eron komandasi bilan joriy yil 3 iyun kuni Toshkentda o‘tkazadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo saralash o‘yinlarida favqulodda yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Biroq Eron bilan bo‘ladigan uchrashuvda jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biri - yarim-himoyachi Server Jeparov bilan birga Shavkatjon Mullajonov, Sanjar Tursunov, Islom To‘xtaxo‘jayev va Vagiz Galiulinlar qatnasha olmaydi. FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi bu futbolchilarni “Halol o‘yin” printsiplarini buzganlikda ayblab, kelgusi ikkita o‘yinda chetlatgan.

Eslatamiz, 4-bosqich o'yinlarida har ikki guruhda birinchi va ikkinchi o'rinni egallagan to'rt jamoa 2014 yilda Braziliyada o'tadigan Jahon chempionatiga to'gridan tog'ri yo'llanma oladi. Guruhlarda uchinchi o'rinni egallagan jamoalar bir-biriga qarshi "play-off" o'yinlarida uchrashadi. G'olib jamoa qit'alararo "play-off" o'yinlariga yo'llanma oladi. Ushbu jamoa boshqa qit'ada 3-o'rinni olgan jamoani yutgan taqdirdagina Jahon chempionatiga chiqa oladi.
XS
SM
MD
LG