Линклар

logo-print

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning ukasi Ahmad Bakiyevning qamoqdan qochishi bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘adi.

Jinoiy ishning birinchisi o‘z ishiga loqaydlik bilan yondoshgan Jazoni o‘tash davlat xizmatining tegishli xodimlariga nisbatan ochilgan. Ikkinchi ish esa muddati bitmay turib Bishkekdagi 35-koloniyadan qochib ketgan Ahmad Bakiyevning o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan.

Juma kuni bu ish bo‘yicha Bosh vazir O‘murbek Babanov kuch ishlatar tizim rahbarlari ishtirokida majlis o‘tkazgandi. Biroq bu yig‘ilishga jurnalistlar qo‘yilmadi.

- Maxsus tekshiruv va tergov ishlari yakunlangunicha 35-koloniya rahbari Ilimbek Samsaliyev vazifasidan chetlatildi. Hukumat rahbari (O‘murbek Babanov nazarda tutilmoqda – tahr.) oz fursat ichida tekshiruv ishlarini olib borish, nima uchun bunday bo‘lganini aniqlashni topshirdi. Kuch ishlatar tizimlari esa Bakiyevni qidirayotganlari haqida ma‘lumot berishdi. Hozir tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda, - dedi yig‘indan so‘ng gapirgan Qirg‘iziston hukumati axborot siyosati bo‘limining rahbari Sultan Qanazarov.

2011 yil avgustida 7 yilga qamalgan Ahmad Bakiyev dastavval Bishkek shahridagi 47-koloniyada jazo o‘tagan. O‘tgan yil oktyabrida amnistiya qo‘llash orqali jazo muddati qisqartirilgan Ahmad Bakiyev shu yil yanvar oyida 35-koloniyaga ko‘chirilib, bu yerda 2 yilu 8 oylik jazo muddatini o‘tishi kerak edi. Biroq u yanvar oyi oxiridan beri salomatchiligi yomonlashgani tufayli oldin Bishkekdagi 6-kasalxonada, so‘ngra poytaxtdagi xususiy kasalxonalardan birida davolangan. 6 mart kuni esa Ahmad Bakiyevning qamoqdan qochgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ayrim kuzatuvchilar sobiq prezidentning ukasi allaqachon Qirg‘iziston hududini tark etgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilmoqdalar. Jalolobod viloyatining sobiq gubernatori Bektur Asanov ham Ahmad Bakiyev Qirg‘izistonda emin-erkin yura olmaydi, degan fikrda.

- Men bungacha ham Ahmad Bakiyev Jalolobodga bora olmaydi, deb aytgan edim. Chunki bu odam juda ko‘pchilikni xo‘rlagan. O‘shalardan qo‘rqib, qochib ketdi u. Uning qarindoshlari Qozog‘istonda, deyishadi. Menimcha, u o‘sha yoqqa qochib ketgan. Uning qochirib yuborilishiga esa korruptsiya, chegaralarning ochiqligi sabab bo‘ldi, - deya mulohaza bildiradi Bektur Asanov.

Qirg‘iziston chegara xizmati esa Ahmad Bakiyev mamlakat chegarasini kesib o‘tmaganini bildirmoqda.

Ayni paytda jamoatchilik orasida “qidiruvda bo‘lgan Bakiyevlar Qirg‘izistonda barqarorlikni izdan chiqarishga harakat qilishlari mumkin, shuning uchun Ahmad Bakiyev iqtidordagi rasmiylar qo‘lida garovda qolmasin, deya uni qochirishdi” degan taxminlar ham yo‘q emas. Biroq Jalolobod viloyatining sobiq gubernatori bu fikrlarga qo‘shilmaydi:

- Bakiyevlar hozir hech narsa tashkil qilisholmaydi, ularning qo‘llaridan hech narsa kelmaydi. Biroq Bakiyevlar nomidan foydalangan boshqa kuchlar bir narsalar uyushtirishi mumkin, - dedi Asanov Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati bilan suhbatda.

“Ata Meken” partiyasidan parlamentga saylangan deputat O‘murbek Abdraxmanov Ahmad Bakiyevning qochib ketishiga yo‘l qo‘yilishini juda katta xato bo‘ldi, degan fikrda.

- Ahmad Bakiyev akasi kelguncha qamoqda o‘tirishi kerak edi. Uning qarindoshlari o‘z vaqtida ko‘p noma‘qul ishlarni amalga oshirib, butun Qirg‘izistonni sotib olishgan. Ahmad Bakiyevni shartli ravishda qamoqdan chiqarib qo‘yishdi. U javob berishi kerak edi. “Akang kelguncha o‘tirasan”, deyish kerak edi, - deydi deputat Abdraxmanov.

2010 yil aprelida Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan siyosiy voqealardan keyin mamlakatda sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning mansabdor yaqinlari qidiruvga berilgan. Bu paytda lavozimidan mosuvo bo‘lgan Qurmonbek Bakiyev hozirda Belorussiyadan boshpana topgan bo‘lsa, aprel voqealarida namoyishchilarni o‘qqa tutishda asosiy aybdorlardan biri hisoblangan Janish Bakiyev (sobiq prezidentning ukasi) shu kunda qayerda ekani noma‘lum. Boshqa Bakiyevlarning esa Qozog‘istonda yurgani taxmin etiladi.

Aprel voqealaridan keyin Qirg‘izistonda Qurmonbek Bakiyevning yagona ukasi - Ahmad Bakiyev qolgandi. Biroq u 2010 yil iyun voqealaridan keyin Jalolobodda hibsga olingandi.
XS
SM
MD
LG