Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:54

Salamworld.com Internet tarmog‘i dunyo musulmonlarini jalb qilmoqchi


"Salamworld.com" sayti logosi.
"Salamworld.com" sayti logosi.

Joriy yil avgustida Salamworld.com ijtimoiy Internet tarmog‘i ishga tushishi kutilmoqda. Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlardan farqli o‘laroq Salamworld ma‘murlari o‘z mushtariylariga faqat Islomiy “halol” mavzularni taqdim etishini aytmoqda.

Salamworld.com ijtimoiy tarmog‘i mushtariylarga Islomiy kutubxonadan foydalanish, Islomiy ulamolar ma‘ruzalari bilan tanishish, “Musulmonlar uchun musulmonlar” yaratgan video o‘yinlar va boshqa xizmatlar ko‘rsatishni rejalagan.

Dastlab Moskva shahridagi Islomiy madaniy markaz va Misr poytaxti Qohirada o‘z idorasini ochgan Salamworld hozirda Turkiyaning Istanbul shaharida ham yangi vakolatxonasiga ega.

Salamworld.com uch yil ichida 30 million musulmonni o‘z tarmog‘iga jalb qilish niyatida.

Biroq ayrim musulmonlar Salamworld.com ning Moskva va boshqa MDH respublikalari hukumatlari bilan aloqasi bo‘lishi mumkinligidan xavotrida.

Bu loyihani amalga oshirish uchun “Qozog‘istondagi xususiy biznesmenlar” mablag‘ bergani va ularning ismlari keyinroq e‘lon qilinishi va‘da qilinganiga qaramay, musulmonlar Salamworld ni tashkil qilish uchun kerak bo‘lgan boshlang‘ich 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ kim tomonidan berilganini bilishni xohlamoqda.

Nuriy Vali xorijdagi afg‘onistonliklarga mo‘ljallangan “Afghan German Online” internet sayti rahbari. Unga ko‘ra, afg‘onistonliklar Islomiy deb atalayotganiga qaramasdan, Moskva bilan bog‘liq loyihalarga ishonmaydi.

- Musulmon va afg‘onistonlik sifatida men buni Islomga hech qanday foydasi yo‘q fitna deb bilaman. Aksincha, bu Islomga zarar keltiradi. Yillar davomida ma‘lum bo‘lgan usullardan foydalanib ular Islom va uning obro‘‘siga putur yetkazishni xohlaydi,- deydi Nuriy Vali.

Salamworld ma‘murlari musulmonlar shubhalariga sabab bo‘lmoqda. Shirkat Bosh direktori Abdul Vohid Niyozov Kremlga aloqador bo‘lgan Rossiya Muftiylar Kengashiga qarashli Moskvadagi Islomiy madaniy markaz rahbari.

Millati tatar bo‘lgan Niyozovning Rossiya hukumati bilan aloqasi bor, 1999 yilda prezident Vladimir Putinning Yedinaya Rossiya partiyasidan Davlat dumasiga deputat etib saylangan.

So‘nggi yillarda u dunyodagi musulmon yetakchilari bilan muloqot o‘rnatishga urinib kelmoqda. Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa davlatlariga safar qilgan Abdul Vohid Niyozov Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Indoneziyadagi eng yirik musulmon tashkiloti Nahdlatul Ulamo tashkiloti rahbari Said Oqil Sirojning dastagiga erishdi.

Niyozovning o‘rinbosari Yavuz Salim Kurt Ozodlik bilan suhbatda Salamworld siyosatdan holi, hukumatga aloqasi bo‘lmagan shirkat ekanini ta‘kidladi.

- Bizning siyosatga aloqamiz yo‘q va siyosatga aralashmaymiz. Biz biror tomon tarafdori emasmiz. Biz betarafmiz. Har bir odam o‘z fikrini erkin ifoda qilishi mumkin. Ammo Salamworld hech qanday siyosiy muhokamaga aralashmaydi. Biz foydalanuvchilarga faqat xizmat ko‘rsatamiz. Ularda siyosiy g‘oyalar bo‘lishi mumkin. Ular buni erkin ifoda etishlari mumkin. Biz ma‘lum me‘zonlar belgilaymiz. Zo‘ravonliklar targ‘ib qilinmaydi. Terrorizm bilan bog‘liq bayonotlar, insoniyat va inson huquqlariga zid bayonotlar bo‘lmaydi,- dedi Salim Kurt.

Salamworld ning vitse prezidenti Ahmed Azimov oliy o‘quv yuritda o‘qish uchun 1998 yilda Dog‘istondan Sankt Peterburgga kelgan. O‘qishni tugatganidan so‘ng Moskvaga ko‘chib borgan. Hozirda u Moskva shahar hukumatining Millatlar ishlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Ayni paytda, Azimov Rossiya Muftiylar kengashining ekspertlar qo‘mitasi muvofiqlashtiruvchisi hamdir.

Salamworld ning boshqaruvchilar kengashi a‘zosi, Ozarbayjon fuqarosi Elchin Asqarov ham hukumatga aloqador shaxs. O‘tgan yilga qadar Asqarov Bokudagi Diniy tashkilotlar bilan ishlash Davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. Mazkur tashkilot Ozarbayjonda dinni nazorat qiladi.

Londondagi Iqtisodiyot universiteti tadqiqotchisi va Privacy International tadqiqot markazi direktori Saymon Devis milliy xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqqan holda hukumat odamlarining texnologiya kompaniyalariga kirib olishiga ko‘plab misollar borligini aytadi.

Biroq Salamworld ning matbuot kotibi Salim Kurt dunyoda Islomiy mahsulotlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda ismi oshkor etilmagan investorlarning Salamworld ijtimoiy tarmog‘ini ochishdan faqat tijoriy maqsadlar ko‘zlanganini ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG