Линклар

AQShning ismi oshkor qilinmagan askari yarim tunda Alokazay qishlog‘ini oralab, uxlab yotgan tinch aholidan kamida 16 kishini otib o‘ldirdi.

Afg‘onistonning Qandahor viloyatida AQShning bir askari harbiy baza tashqarisiga chiqib, tinch aholi vakillarini o‘qqa tutdi va kamida 16 odamni o‘ldirdi.

Afg‘oniston rasmiylaridan olingan xabarlarga ko‘ra, shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi yarim tunda harbiy bazadan chiqib ketgan harbiy baza yaqinidagi Alokazay qishlog‘iga kirgan va uyquda yotgan oilalarni o‘qqa tutgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi "bu otishmani o‘ta keskin tarzda qoraladi" va zudlikda o‘z tekshiruvini o‘tkazishini aytdi.

Hodisa qurbonlari haqida hozircha bir necha xil ma‘lumot berilmoqda.

Bugun kun avvalida rasmiy bayonot bergan Qandahor viloyati hokimiyati matbuot vakili Javod Ahmad Faysal o‘lganlar va jarohatlanganlar soni, taxminan, 15 ga yaqin ekani va o‘ldirilganlar orasida ayollar, bolalar borligini aytdi.

- Bu hodisa yuzasidan zudlikda qo‘shma tergov boshlandi. Viloyatdagi politsiya, hokimlik va xalqaro qo‘shinlar o‘z tergovchilarini voqea joyiga jo‘natdi. Hozir ular bu askar nega tinch aholini o‘qqa tutgani sabablarini o‘rganmoqda, - dedi Javod Faysal.

Tushdan keyin Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi o‘ldirilganlar soni 16 kishi ekani, 9 odam jarohatlangani haqida bayonot tarqatdi.

Bundan tashqari, AFP ning voqea joyiga borgan muxbiri ham qishloqda 16 odam, jumladan, ayollar va bolalarning jasadlarini ko‘rgani haqida xabar berdi.

NATO rahbariyati darhol hodisa yuzasidan uzr so‘radi va jinoyatni sodir qilgan askar hibsga olinganini bildirdi. Ammo qurbonlar haqida hech qanday ma‘lumot bermadi.

Norasmiy xabarlarga ko‘ra, askar qilmishidan so‘ng bazaga qaytgan va rahbariyatiga iqrorligini aytib, o‘zi taslim bo‘lgan.

Hozircha bu jinoyatning motivlari haqida biror ma‘lumot yo‘q.

G‘arb matbuotida berilgan va rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, bunga askarning “ruhiy iskanjaga tushib qolgani” sabab bo‘lishi mumkin.

Yakshanba kuni ertalabdan bu qotillikdan dahshatga tushgan mahalliy aholi norozilik bildirib, Qandahordagi harbiy baza yoniga yig‘ildi.

Ular orasida bo‘lgan alokazayliklardan birining matbuotga aytishicha, "AQSh askari uchta uyga kirgan va xonadonda uxlab yotganlarni bir chekkadan o‘qqa tutgan".

Ushbu qishloqda yashaydigan Abdul Boqiyga ko‘ra, "hodisa sodir bo‘lgan kezda tun yarmidan oshib qolgan va otishma ovozi avval bir eshitilib, keyin to‘xtab, uch bora takrorlangan".

AQShning Kobuldagi elchixonasi sayyohlar va aholi vakillarini bundan buyon Qandahorga bo‘ladigan safari chog‘ida imkon qadar ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Elchixona ehtimolicha, bu hududda aholi noroziligining yangi to‘lqini boshlanishi mumkin.

Shu kunlarda NATO hujumlari chog‘ida tinch aholi vakillarining o‘ldirilishi Afg‘oniston va g‘arb davlatlari munosabatlariga katta sovuqchilik solayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bundan bir haftagina muqaddam Bag‘rom harbiy bazasida xorijlik harbiylar tomonidan Qur‘on nusxalarining yoqib yuborilgani Afg‘oniston bo‘ylab katta noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.

Muqaddas Qur‘on kitobi nusxalari yoqilganiga qarshi Afg‘onistonda norozilik namoyishlari avj olganidan keyin AQSh-Afg‘oniston o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtab qolgan edi.

Keyin AQSh Prezidenti Barak Obama Afg‘onistondagi NATO harbiy bazasi hududida Qur‘on nusxalari ëqilgani uchun Kobulga rasman uzr so‘ralgan maktub yo‘lladi.

Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzayga yo‘llangan maktubda musulmonlar muqaddas kitobi qasddan emas, tasodif tufayli ëndirilgani va voqea yuzasidan boshlangan tergov natijasida aybdorlar tegishli jazoni olishi bildirildi.

Namoyishlar bir necha kun davom etdi va kamida 30 odam nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG