Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:16

Pochta jo‘natmalariga daxl qilinmoqda


Keyingi paytlarda xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pochta jo‘natmalari-posilkalar o‘z egalariga yetib bormayapti.

Bitta DVD-pleyer o‘rniga 3 bakalashka Bonaqua


Koreyaning Chunju shahridan Surxondaryoning Sariosiyo tumani Dashnobod qishlog‘ida yashovchi yaqinlariga pochta jo‘natmalari yuborgan O‘rol aka bir emas to‘rt marta chuv tushganini aytadi.

- Bir kilosini yetti dollar to‘lab jo‘natamiz. Uchta farzandim bor. Kiyim-bosh jo‘natib turaman. Bir safar bolalarimga deyarli 300 dollarlik sovg‘a-salom oldim. O‘g‘lim “DVD yuboring dada” degandi, DVD yubordim. Uyga pochta borgan. Ichidan esa 3ta baklashkada Vonaqua suvi chiqqan. Baklashkalarni og‘zini skochlab qo‘ygan. To‘rt marta yukim yo‘qoldi. Umuman bormaydi. Hozir Koreyadan O‘zbekistondagi yaqinlariga narsa jo‘natadigan barcha bolalarning narsasi yo‘qolayapti. Bir safar bir og‘aynim bolalariga kompyuter jo‘natdi. Kompьyuterni olib qo‘yib, korobkasini uyiga olib borib berishayapti,- deydi O‘rol aka.

Jemper o‘rniga tuzlangan pomidor bankasi


O‘rol aka yana bir holatda qiziga jo‘natgan kiyim-kechaklar o‘rniga tuzlangan pomidor bankalari chiqqanini eslaydi.

- Qizimga "Angorka" jemper jo‘natgandim. Posilka uyga borganda ichidan eski-tuski narsalar va tuzlangan pomidor bankalari chiqqan. Qizim haligacha so‘raydi, "Dada qachon jo‘natgan jemperingiz keladi" deb. Men Sariosiyodagi pochta bo‘limiga murojaat qildim. Termizda viloyat pochtasiga ham murojaat qildim. Toshkentga ham murojaat qildim. Toshkent Termizga ayt deydi. Termiz biz bilmaymiz deydi. Nima qilishingni ham bilmaysan. Bu yerda Koreyada jo‘natgan joyimga borib ham shikoyat qildim. Bilasizmi, bu yerda Vonaqua suvi yo‘q. Keyin bu yerda tuzlangan pomidor bankasining qopqog‘i rezbali bo‘ladi. Bizga o‘xshab qo‘lda bosilmaydi. Mani posilkamdan chiqqan pomidor bankalari O‘zbekistondagi bankalar edi. Lekin biror joyga murojaat qilib, natijaga erishmadik,- deydi O‘rol aka.

Italiya konfeti o‘rniga Qo‘qon sochig‘i


Ozodlik posilkalar egalariga yetib bormayotgani mavzusida maqola tayyorlayotgani haqida bir kun avval Twitter orqali xabar qilgandi.

Ushbu xabarni o‘qigan asli namanganlik bo‘lgan hozirda Germaniyada yashayotgan Ilhom Ozodlikka murojaat qilib, posilkalar bilan bog‘liq bir hangomani gapirib berdi.

Ilhomning aytishicha, do‘stlari bir necha bor Germaniyadan O‘zbekistondagi yaqinlariga posilka jo‘natgan, biroq posilkalar o‘z egalariga yetib bormagan.

Shundan keyin Ilhom sinov tariqasida o‘zi ham Namangandagi yaqinlariga bir kilogramm shokolod jo‘natgan.

- Bir kilolik shokoladni chiroyli qilib o‘rab jo‘natdim. U shokoladlarning bittasi Italiyaniki edi, bittasi Germaniyaniki. Ko‘p ham emas bir kilo. Korobkasi bilan bir kilo. Tekshirish uchun yubordim. Posilka aynan mening tug‘ilgan kunimga yetib bordi. Xursand bo‘ldim. O‘sha kun telefon qilgan paytim, pochtachi kelgan ekan. Xursandman. Posilkani ochishgach, telefonda menga aytishayapti, “Sochiq yuboribsan” deyishdi. “Sochiq yubormaganman” dedim. “Kofe yuboribsan” deyishdi. "Kofe umuman yubormaganman. Shokolad bo‘lishi kerak. Boshqa hech narsa yubormaganman" dedim. Shokoladlarim o‘rniga kofe, vafli, sochiq chiqdi. Pochtachini chaqirishdi. “Qara bu ochilgan. Almashtirib qo‘yilgan” deyishsa, “Yo‘q, biz almashtirmaganmiz. Germaniyada almashtirgan” debdi. Dadam “To‘xtab tur. Bu yoqqa kelgin. Kofe Rossiyada ishlab chiqarilgan. Qaysi nemis axmoq bo‘lib, Rossiyaga borib, olib kelib, o‘zbekning posilkasiga soladi. Mana vafli Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan. Nemis o‘zbekning posilkasiga Qozog‘istondan narsa olib borib solib qo‘yadimi. Sochiqni qara Qo‘qonniki” desa, pochtachi "biz hech narsa bilmaymiz" degan gap qilgan,- deydi Ilhom.

O‘zbekiston pochtasi: Ayb xorijda


Ozodlik mavzu yuzasidan pochta jo‘natmalari uchun ma‘sul bo‘lgan tashkilot - "O‘zbekiston pochtasi" ochiq aksodorlik jamiyatiga murojaat qildi.

Tashkilotning “Pochta xavfsizligi" bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisiga ko‘ra, bu kabi o‘g‘rilik holatlari uchrab turadi.

Lekin aksar hollarda xorijning o‘zida pochta jo‘natmalari ochilib, ichidan narsalar o‘g‘irlanadi, deydi u.

- Ko‘p kelayotgan posilkalar joyida o‘g‘irlanib kelayapti. Bizlarda bo‘lgan u holatlar. Bizlar yozganmiz. Bizlarga kelib tushganda akt tuziladi defekti bo‘lsa. Vesida, upakovkasida, qopda bo‘lsa, u yoq taraf aybdor bo‘ladi, jo‘natuvchi davlat. Masalan, Koreyadan kelayotgan bo‘lsa, tranzit qayerdan o‘tsa, o‘sha mamlakatlarga xat yoziladi. Amerikayam xuddi shu, Germaniya ham shu. Endi kelib tushishiga qarab. Bizlarga kelib tushsa, aeroportda ham, xalqaro pochtamtda ham akt qilinadi. Keyin Koreyadan jo‘natiladigan posilkalar bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirsam, ular O‘zbekistonga keladigan posilkalarni yig‘ishadi. Portda. O‘sha portda bir necha kunlab yuk yig‘iladi. Endi u yerda har-xil odamlar ishlaydi. O‘sha joyda o‘g‘irlanishi mumkin,- deydi "O‘zbekiston pochtasi" mutasaddisi.

"Pochtachilarimiz ham oppoq emas"


"O‘zbekiston pochtasi" mutasaddisi mamlakat ichkarisida ham pochta jo‘natmalariga daxl qilinish holatlari mavjudligini inkor qilmadi.

- Agar posilka butun kelgan bo‘lsa, O‘zbekistonning ichida bo‘lsa, endi u boshqa holat. Bu yerda biz uje poetapno qaraymiz. Bizlarda hamma joyda videonazorat kameralari qo‘yilgan. O‘g‘irlik holatlari, masalan, Koreyaning o‘zida bo‘lishi mumkin, bizlarda Toshkentda aeroportda ham bo‘lishi mumkin, pochta xodimlari bo‘lishi mumkin, pochtada. Ariza tushsa, hamma narsani bizlar so‘raymiz. Obolochkani olamiz, butun hujjatlarni olamiz, hammasi idoraviy tekshiruv bo‘ladi. Keyin aybdorlar topiladi, aybdorlarning bo‘yniga qo‘yiladi. Bizlarda ko‘p bo‘lgan bu kabi holatlar. Pochta xodimi ham aybdor bo‘lgan. Har xil holatlar bor. Men pochtani oppoq deyayotganim yo‘q. Pochta xodimlarida ham bor mana shu kabi holatlar,- deydi "O‘zbekiston pochtasi" mutasaddisi.

O‘zbekistonda xalqaro pochta jo‘natmalari 20 kilogrammdan oshmasligi lozim.

Psixotrop moddalar, qurol-yarog‘, pichoq, ekinlik urug‘larini xorijdan jo‘natish taqiqlanadi.

O‘zbekistonda xorijdan kelgan pochta jo‘natmalari jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilishi sir emas.

Mutasaddilar bu holatni taqiqlangan narsalarning jo‘natilishi bilan izohlashadi.

Olam.uz saytining yozishicha, o‘tgan yili Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan 10 holatda xorijdan psixotrop va narkotik moddalar pochta orqali jo‘natilgani aniqlanib, 1080 dona psixotrop va narkotik moddalar topilgan.
XS
SM
MD
LG