Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:53

Tojikistonda noan‘anaviy tabobat an‘naga aylanmoqda


Tojikistonlik tabiblar bepushtlikni davolashda urg‘ochi bo‘rining reproduktiv organiga yetadigani yo‘q, deb hisoblaydi.
Tojikistonlik tabiblar bepushtlikni davolashda urg‘ochi bo‘rining reproduktiv organiga yetadigani yo‘q, deb hisoblaydi.

Tojikistonda tibbiy xizmat ko‘rsatish rasman bepuldir. Bu mamlakatda do‘xtirlar yoki kasalxonalarni taqchil, deb ham bo‘lmaydi. Biroq shunga qaramay, ko‘plab bemorlar davo izlab tabiblarga murojaat qilmoqda.

Tumovni davolash uchun shoqol go‘shtini yeyishni yoki bepushtlikni davolash uchun urg‘ochi bo‘rining farjini yeyishni Tojikistonning bir qismida an‘anaga aylanayotgan noan‘anaviy tibbiyot vakillari – tabiblar o‘z mijozlariga tavsiya qiladi.

Mamlakat janubidagi Xatlon viloyati sil kasalliklari dispanserida sildan 6 oy davolangan Nazirjon Nazirovga tabiblar jayra go‘shti yeyishni buyurishdi.

- Kasal odamning fikru yodi sog‘ayish bo‘lib qoladi. Kim nima desa ishonaveradigan bo‘lib qoladi – yagona maqsad yo‘qotilgan sog‘liqni qaytarish. Tabib menga jayra go‘shti yeyishni aytgan edi, men o‘zimizdagi ovchilaridan biriga pul berib, bitta jayra topib kelishini so‘radim, deydi bemor.

Nazirjonga o‘xshaganlarning o‘z dardiga bu taxlit davo izlashi Ko‘lob viloyati sil kasalliklari dispanseri bosh vrachi Rahmatillo Jo‘rayevga o‘xshagan do‘xtirlarning xafsalalarini pir qilmoqda.

Biz o‘z bemorlarimizga jayra go‘shti silni davolay olmasligini, bu kasallikni davolash ular o‘ylaganchalik oson ish emasligini aytamiz, deydi Rahmatillo Jo‘rayev.

Dushanbe shahridagi Yurak-qon tomir kasalliklari milliy markazi bosh vrachi o‘rinbosari Huseyn Rahmonovga ko‘ra, xalq tabiblariga ayniqsa, xafaqonlik, uyqusizlik, bepushtlik hamda surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar ko‘proq murojaat qiladi. Ba‘zida esa, davom etadi do‘xtir, ancha jiddiy kasalga chalinganlar ham davoni tabiblardan izlamoqda.

Bunday izlanishning oqibatlari o‘ta ayanchli bo‘lishi mumkin, chunki bemor davolanish uchun zarur bo‘lgan vaqtni yo‘qotib, do‘xtirga juda kech murojaat qiladi.

Aholisi orasida silga chalinganlik darajasi ancha baland bo‘lgan Ko‘lob viloyatida jayra go‘shtiga talab katta bo‘lib, uning bir kilosi 40 somon yoki 8 dollarga chiqib ketgan.

- Tojikistonda tibbiy xizmat bepul, do‘xtirlar ham, kasalxonalar ham, hatto qishloq joylarda yetarli. Tashhis qo‘yish va davolashning zamonaviy uskunalariga egamiz, lekin shunday sharoitda odamlarning tabiblarga murojaat qilishlari ko‘payib borayotganidan xayronmiz, deydi doktor Rahmonov.

Biroq tibbiyot sohasida korruptsiyaning avj olgani o‘rganilayotgan hodisaning kuchayishiga xizmat qilayotgan omillardan biridir.

- Tibbiy xizmatning bepulligi afsonadir, hamma biladiki, bemorlar davolanish uchun katta pul sarflashga majbur, deydi dushanbelik ijtimoiy masalalar bo‘yicha ekspert Davlatmurod Jumayev.

Uning aytishicha, har bir kasallikning go‘yo kimdir belgilab, tasdiqlab qo‘ygan narxi bor va uni to‘lamaslikning iloji yo‘q.

- Agar tabib yoki mullaga borsangiz, ko‘nglingizdan chiqarib bir somonmi, uch somonmi berasiz. Biroq do‘xtirga borsangiz, davolashni boshlamay turib, retsept yozib bergani uchunoq besh somon oladi. Dorilar ham juda qimmat va bemorlar retseptda yozilgan dorilarning yarmini olishga ham kuchi yetmay qoladi, deydi Davlatmurod Jumayev.
XS
SM
MD
LG