Линклар

Qishloqlarda yangi uylar qurilmoqda, lekin...


Yangi qurilayotgan uylarni har qanday o‘zbekistonlik cho‘ntagi ham ko‘tara olmasligi aytilmoqda.

Yangi qurilayotgan uylarni har qanday o‘zbekistonlik cho‘ntagi ham ko‘tara olmasligi aytilmoqda.

Bu yil Navoiy viloyatida kottej tipidagi 500 ta uydan iborat 20 ta yangi turar-joy massivi paydo bo‘ladi. Bu haqda xabar qilgan Olam.uz saytiga ko‘ra, yangi uylar viloyatning Karmana, Qiziltepa, Navbahor, Nurota va Xatirchi tumanlarida quriladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2009 yil 3 avgustda qabul qilgan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga binoan respublikaning boshqa viloyatlarida ham banklar ajratayotgan kreditlar hisobiga yangi uylar qurilmoqda.

O‘zbekistonlik kuzatuvchilar Ozodlik bilan suhbatda hukumatning aholini uy-joy bilan ta‘minlash siyosatini umuman quvvatlagan holda, ba‘zi kamchiliklarni ham tilga olib o‘tdilar.

Yoshi 50 dan o‘tgan gulistonlik Isroiljon Rizayevning aytishicha, prezident qaroriga binoan Sirdaryo viloyatida ham yangi uylar qurilgan.

- Bizning viloyatimizning 700 mingdan oshiqroq aholisi bor. Asosan ma‘muriy markazi Guliston shahrining atroflariga ya‘ni katta trassa joylarida, ko‘zga ko‘rinarli joylarda qurilgan imoratlar.

Isroiljon Rizayev yangi turar-joy mavzelari qurilayotgan tumanlarni borib ko‘rganini aytadi.

- Namunaviy uylarni ko‘rdik. Uch xonaliklari ham bor, besh xonaliklari ham bor. Hattoki shunaqa imtiyozlar ham bo‘ptiki, xonadon egalari proyektlariga o‘zgartirishlar kiritib ayvonlarmi, boloxonalarni qilishga ruxsatlar berilibdi. Yaxshi qurilgan. Hammomlari ham bor uyning ichida, deydi gulistonlik Isroiljon Rizayev.

O‘zbekistondagi “Ekspertlar ishchi guruhi” (EIG) vakili, huquqshunos Suhrob Ismoilov hukumatning qishloqlarda uy-joy qurish sohasidagi kuzatishlarini Ozodlik bilan o‘rtoqlashdi.

Uning aytishicha, hukumat qishloq joylarda uy-joy qurish maxsus dasturini ishlab chiqqan. Bu dasturni moliyalash Qishloq qurilish banki zimmasiga yuklatilgan.

- Aynan mana shu bankdagi moliyaviy resurslarni tasarruf etib hukumat buyurtmasi bilan turar joylari qurish uchun alohida qurilish brigadalari tashkil qilingan, deydi Suhrob Ismoilov.

Hukumat dasturi doirasida uy qurayotganlar oldiga asosan uchta shart qo‘yiladi, deydi Suhrob Ismoilov.

- Hukumat maxsus tuzgan qurilish banki moliyaviy resurslariga qurilishi kerak kredit asosida va foizlar asosida. Ikkinchi sharti, aynan hukumat tarafidan tuzilgan maxsus qurilish brigadalari tuzib bergan arxitektura planlari va ular olib boradigan qurilish ishlaridan foydalanish kerak. Boshqacha standart qabul qilinmaydi. Uchinchisi, mana shu dasturga tushib, shu tarzda uy-joy sohibi bo‘layotgan O‘zbekiston fuqarolari aynan mana shu olayotgan turar joylarini davlat bankidagi kredit uchun kafolat sifatida saqlanib turishiga rozi bo‘lishlari kerak. Mabodo o‘sha fuqaro uy-joy maxsus qurilish bankidan olayotgan summani o‘z vaqtida foizlari bilan qoplab berishga iqtidori yetmasa, unda mana shu uy-joy garov sifatida olib qo‘yiladi, deydi Suhrob Ismoilov.

Gulistonlik Isroiljon Rizayev o‘zi yashab turgan Sirdaryo viloyatida qurilgan yangi uylarni maqtar ekan, bu uylarni qurish jarayonidagi bir qator kamchiliklarini ham sanab o‘tdi.

- Sifat masalasiga ham e‘tibor berishimiz kerakda. Mana o‘tgan yillardan boshlangan bo‘lsa, qattiq shamollar bo‘lganda. Shiferlari, tomlari uchib ketib qoldida ba‘zi bir uylarning. Qaytadan ustalar jalb qilinib, jarima qilib, shiferlarni qoqib chiqishdi, deydi Isroiljon Rizayev.

Isroiljon Rizayevning aytishicha, qurilishda ishlatilayotgan materiallar masalasida pudratchi tashkilotlar ustidan nazoratni kuchaytirish lozim.

- Bizning bir og‘aynilarimiz borib ko‘rsa, xom g‘isht urayotgan ekanlarda. “Nimaga xom g‘isht bilan urayapsizlar? Pishgan g‘isht bilan deb farmon chiqarganku” desa, “Etishmayapti. Vazirlar Mahkamasining qarorlari bor. Shunaqa paytlarda xom g‘isht bilan uraveringlar degan ko‘rsatmasi bor” debdi. U sal ma‘lumotlida. “Bo‘pti, qani o‘sha yozma farmonni beringchi” desa, “Bosh vazirimiz og‘zaki aytgan farmonlari bor” deb aytgan joylari bor ekanda. Bu bilan demoqchimanki, davlat tarafidan aholini uy-joy bilan ta‘minlash bo‘yicha namunaviy qurilgan uylarda ham korruptsiya, talon-tarojliklar bo‘lib, o‘sha yerda o‘tiruvchi aholining haqlariga xiyonat qilishlar bo‘lgani kuzatildi, dedi sirdaryolik Isroiljon Rizayev.

O‘zbekistondagi “Ekspertlar ishchi guruhi” (EIG) vakili, huquqshunos Suhrob Ismoilov hukumatning qishloq joylarda uy-joy qurish sohasidagi siyosatini baholar ekan, bunday dedi:

- Men bu siyosatni to‘g‘ri siyosat deb faqat umumiy ma‘noda baholay olaman printsiplari to‘g‘ri deb. Lekin uni qanday amalga oshirayotganini to‘g‘ri deya olmayman. Chunki biz haqiqatan ham yechimiga kelmoqchi bo‘lsak, hukumatning e‘tiborini birinchi navbatda uy-joy qurish uchun ajratib berilayotgan yerlarni xususiy mulk sifatida ajratish, faqatgina muddati noaniq bo‘lgan, butun umrga deb foydalanishga topshirilsa ham mahalliy hokimiyat xohlagan paytda tortib olishi mumkin bo‘lgan mulk sifatida emas, xususiy mulk sifatida aniq bir huquqlari kafolatlangan mulk sifatida fuqarolarga ajratib boshlashni, biz shunga e‘tibor qaratgan bo‘lardik, deydi Suhrob Ismoilov.

Suhrob Ismoilovning fikricha, qishloqlarda uy-joy qurish dasturi bo‘yicha shu kungacha amalga oshirilgan ishlar hozircha xo‘jako‘rsinga qilinganday taassurot qoldirmoqda. Chunki, deb davom etadi u, bu dastur

- Tom ma‘noda O‘zbekistondagi juda ham katta bo‘lgan va bundan keyingi aholi o‘sishi sur‘atlari bilan kutilayotgan turar-joy muammolarini yechishga qodir bo‘lmasa kerak, dedi O‘zbekistondagi “Ekspertlar ishchi guruhi” (EIG) vakili, huquqshunos Suhrob Ismoilov.
XS
SM
MD
LG