Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:26

Futbol: O‘zbekiston olimpiya jamoasi "Jar"da tarixiy o‘yin o‘tkazadi


O'zbekiston olimpiya terma jamoasi.
O'zbekiston olimpiya terma jamoasi.

2012 yil Londonda bo‘ladigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun 14 mart kuni Toshkentdagi “Jar” stadionida O‘zbekiston va BAA olimpiya terma jamoalari o‘rtasida Osiyo mintaqasi “B" guruhi saralash o‘yinlari 3-bosqichining oxirgi tur uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi faqat g‘alaba qozongan taqdirda London Olimpiadasi final o‘yinlariga yo‘llanma oladi.

Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasini esa durang natija ham qoniqtiradi.

O‘zbekiston va BAA olimpiya terma jamoasi Olimpiada o‘yinlarida hech qachon qatnashmagan.

Shu bois “Jar” stadionida qizg‘in bellashuv bo‘lishi, ikkala jamoa futbolchilari bor mahorat va imkoniyatlarini ishga solishi kutilmoqda.

Agar BAA jamoasi mag‘lubiyatga uchrasa, uchta guruh o‘rtasida bo‘ladigan pley-off o‘yinlarida qatnashishga majbur bo‘ladi.

Ayni damda "B" guruhidagi vaziyat quyidagicha:

"B" Guruhi O' Yu D M T-H O
1 BAA 5 3 2 0 5-0 11
2 O'zbekiston 5 2 2 1 5-2 8
3 Iroq 5 1 1 3 2-7 4
4 Avstraliya 5 0 3 2 0-3 3


BAA Futbol federatsiyasi raisi Yusul Al-Sarkal Gulf News nashriga bergan intervyusida o‘z jamoasi Toshkentdagi o‘yinda g‘alaba qozonishiga umid bildirdi.

- Toshkentdagi o‘yinda durang yoki g‘alaba bilan Olimpiada finaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish juda muhim va hozir bizda ana shunday imkoniyat bor, - dedi Al-Sarkal.

Ikki jamoa uchun hal qiluvchi o‘yin arafasida 13 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zlagan O‘zbekiston olimpiya jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov chorshanba kungi o‘yinda ruhiy tayyorgarlik ko‘p narsani hal qilishini ta‘kidladi.

- Ertangi bahsning muhim ahamiyatga ega ekanligini hamma ham yaxshi his qilib turibdi. Bunday o‘yin har kuni ham bo‘lavermaydi. Imkon qadar yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Iroq bilan o‘yindan keyin yigitlarda ma‘lum darajada charchoq sezildi. Shu sabab Turkiyadagi yig‘inni bekor qilishga qaror qildik. Ertaga bo‘ladigan o‘yinda ko‘p narsani ruhiy tayyorgarlik, ruhiy holat hal qiladi, - dedi Vadim Abramov.

Arab Amirliklarida yashovchi bir shayx futbol ishqibozlarini 5 ta samolyotda Toshkentga jo‘natishga va‘da bergan edi.

Biroq o‘yinni tomosha qilish va o‘z jamoalarini dastaklash uchun ko‘p sonli arab ishqibozlari Toshkentga kelmadi. Buning sababi hozircha ma‘lum emas.

O‘zbekiston matbuoti xabarlariga ko‘ra, BAA futbol jamoasining 53 kishidan iborat delegatsiyasi allaqachon Toshkentga yetib kelgan.

BAA jamoasining Olimpiada yo‘llanmasiga da‘vogar bo‘lishiga Iroq bilan bo‘lgan o‘yin natijasi bekor qilinib, g‘alaba BAAga berilgan sabab bo‘ldi.

Futbol uyushmalari xalqaro federatsiyasi – FIFA Iroq terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari bilan uchrashuvda ikkita sariq kartochka olgani uchun diskvalifikatsiya qilingan himoyachi Jasim Faysalni maydonga tushirgani sababli iroqliklar g‘alabasini bekor qilgan.

2011 yilning noyabr oyidagi uchrashuvda Iroq 2-0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Biroq FIFA Arab Amirliklariga 3-0 hisobidagi g‘alaba yozgan.

5 fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston va Avstraliya olimpiya jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda O‘zbekiston jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

21 fevral kuni Qatarda Iroq va O‘zbekiston Olimpiya jamoasi o‘rtasidagi o‘yin 2:1 hisobida iroqliklar foydasiga hal bo‘ldi.

Millionlab o‘zbekistonlik futbol shinavandalari 14 mart kuni Toshkentdagi “Jar” stadionida mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlanadigan o‘yinda 23 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari jamoasini 1:0 yoki 2:0 hisobida dog‘da qoldirib, London Olimpiyadasiga borish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishini bashorat qilmoqda.
XS
SM
MD
LG