Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:03

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida shartnoma narxi oshdi


O‘zbekistonlik talabalarning aksari uchun shartnoma to‘lovining 14 foizga oshgani og‘irlik qilmoqda.
O‘zbekistonlik talabalarning aksari uchun shartnoma to‘lovining 14 foizga oshgani og‘irlik qilmoqda.

Ikkinchi martdan boshlab oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun shartnoma to‘lovi miqdori 14 foizga oshdi. Bunda joriy o‘quv yili uchun haq to‘lab qo‘ygan talabalardan oshgan miqdordagi pul undirib olinayotgani aytilmoqda.

Jizzax Davlat pedagogika Universitetida o‘qiyotgan Ikromjon o‘quv shartnomasi narxlarining oshganligidan talabalar norozi bo‘layotganini aytadi:

- Bir yillik kontrak 2 million 280 ming so‘m edi. Endi 3 million 300 ming so‘m bo‘libdi. Bardak bo‘lib yotibdi bu yog‘i. Biz ham yaqinda bildik. Ikkinchi yarim yilga 1 million 440 ming so‘m to‘lab qo‘ygan edik. Yana 210 ming qo‘shimcha to‘lash haqida buyruq chiqibdi. Nima qilishni bilmay boshimiz qotib qoldi. Ota-onalarimiz shu pulni zo‘rg‘a topib berayotgan edi. Kuni-kecha o‘rtoqlarimiz bilan ish izladik. Ish ham yo‘q,- deydi Ikromjon.

Jizzax davlat pedagogika universitetining o‘zini tanishtirmagan o‘qituvchilaridan birining aytishicha, shartnoma narxlarini oshirish haqidagi buyruq O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligidan kelgan:

- 2 martdan boshlab yillik to‘lov 420 ming so‘mga oshirildi. Bu yarim yillikka shuning yarmi qo‘shimcha to‘lanishi shart. Dekabr oyidan boshlab ish haqi va stipendiyalar oshgan ediku, shunga bu ham oshdi. Bu shartnoma pullarining bir qismi talabalarning stipendiyalariga sarflanadi,- deydi universitet domlasi.

O‘zbekiston Oliy o‘quv yurtlaridan birida ishlayotgan Bobur domlaning aytishicha, shartnoma pullarini o‘z vaqtida to‘lashga hamma ota-onalarning ham imkoni yo‘q. Shuning uchun ham har o‘quv yili semestri boshlanishi bilan fakultetlar dekanlarining asosiy tashvishi shu bo‘lib qoladi:

- Fakultet dekanlarining birinchi qiladigan ishi kontrakt pullarini to‘lattirish. Agar talab kontrakt pulini to‘lamasa, haydalishi mumkin. Umuman olganda, kontrak pullarini 2-3 million qilib qo‘yish hozirgi sharoitga to‘g‘ri kelmaydi. Ota-onalar o‘zlari zo‘rg‘a yashayaptiyu, bu pulni topib berish bir azob bo‘ladi, - deydi Bobur domla.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining 3 bahoga o‘qiyotgan talabalariga 106 ming so‘m, 4 bahoga o‘qiyotganlar 170 ming so‘m va a‘lochilarga esa 235 ming so‘m stipendiya beriladi.

Biroq bu o‘quv yilining birinchi yarmida yaxshi va a‘lo baholarga o‘qigan talabalarning baholarini pastlatish tendentsiyasi kuzatildi. Kuzatuvchilar bu holatni byudjet pullarini iqtisod qilish uchun yuqoridan berilgan topshiriq sifatida baholadilar.
XS
SM
MD
LG