Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:23

Moskvada Amir Temur haqida kitob taqdim qilindi


Moskvada taniqli ozar yozuvchisi Yunus O‘g‘uzning “Temurlang. Yuksalish yo‘li” tarixiy romanining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Rossiyalik mutaxassislar e‘tiborini o‘ziga qaratgan bu asar Amir Temur haqida rus tilida yaratilgan turkum asarlarning birinchisidir.

Moskvadagi "Millatlar Uyi"da ozarbayjonlik taniqli yozuvchi Yunus O‘g‘uzning “Temurlang. Yuksalish yo‘li” nomli asari prezentatsiya qilindi. Taqdimot marosimi Rossiyadagi Ozarbayjon milliy avtonomiyasi (Azerros) va “Bokuliklar klubi” tomonidan tashkillashtirildi.

Bu romanda buyuk sarkarda Amir Temur hayotining birinchi yarmi tasvirlanadi va uning Hindistonga yurishi bilan yakunlanadi.

Asar Boy etnografik materiallar va tarixiy manba‘lar asosida yozilgan, deydi taqdimot marosimida so‘zlagan Yunus O‘g‘uz.

- Men o‘z asarlarim qahramoni sifatida doimo tarixiy shaxslarni tanlayman. Shu o‘rinda, imperatorlar shaxslari juda qiziqdir, chunki ular u yoki bu xalqning taqdirini hal etib kelgan, ularni yo‘q qilib yuborishlari mumkin bo‘lgan. Tarix takrorlanish xususiyatiga ega. O‘sha davrlardagi voqealar bugun ham takrorlanmoqda. Albatta, men bu shaxslarni tarixiy-adabiy nuqtai nazaridan tasvirlashga urinib ko‘rdim, deydi adib.

Turkolog romanist Yunus O‘g‘uz asarlari ingliz, turk, fors, rus va boshqa tillarga tarjima qilingan. Adibning Ozodlikka aytishicha, taqdim etilayotgan “Temurlang. Yuksalish yo‘li” asari Amir Temur haqida rus tilida chop etilgan bu turkumdagi birinchi kitobdir.

O‘z romani haqida gapirar ekan, yozuvchi Yunus O‘g‘uz buyuk Amir Temur taqdiri va tarixda qoldirgan izi barcha xalqlar uchun qiziqarli ekanligiga ishonishini aytadi.

- U turk olamining so‘nggi imperatori. U umuman buyuk inson edi. Uning taqdiri nafaqat Markaziy Osiyo yoki Usmoniylar imperiyasi mamlakatlari, balki Rossiya va Yevropa uchun qiziqarlidir, deydi asar muallifi.

Mutahassislarning fikricha, asarda Amir Temurning buyuk janglaridagi g‘alabalari, uning taktikasi va strategiyasi tasvirlangan, podshoh sifatida aqlu-zakovati va ayni paytda qattiqqo‘lligi o‘z aksini topgan.

“Temurlang. Yuksalish yo‘li” romanining tahrirchisi, jurnalist Oksana Bulanova Ozodlik Radiosi bilan suhbatda bu asarga baho berar ekan, “asar muallifi Yunus O‘g‘uz Amir Temurni bo‘yamasdan, kamchiliklari va oliy sifatlari bilan tasvirlashga urindi”, deydi.

- U adabiy asar yaratdi, biroq uni to‘liq tarixiy faktlarga tayanib yoritdi. Shaxsan menga, redaktor sifatida emas, oddiy o‘quvchi sifatida yoqqani – Yunus-bey Amir Temur shaxsini yoritishda ob‘ektiv munosabat bildirgan va hayotini buyamasdan tasvirlashga harakat qildi, deydi kitob tahrirchisi Oksana Bulavina.

Bulavinaning so‘zlariga ko‘ra, ozarbayjon tilidan ruschaga tarjima qilishda mahoratli tarjimonlar orasida katta tanlov uyushtirilgan. Nihoyat, tarjimon Ali Seidov asarning mazmun-mohiyatini o‘zgartirmasdan ruschaga o‘girib berishga erishdi.

“Temurlang. Yuksalish yo‘li” mualliflari kitobni ham tarixiy-etnografik, ham adabiy qimmatga ega deya ta‘riflamoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha, hozirda bu asar turk tiliga ham tarjima qilingan.

Yunus O‘g‘uz – faylasuf, tarixchi, yozuvchi, ko‘plab tarixiy asarlar muallifi. Jumladan, “Atilla” (2008 yil), “Nodir Shoh” (2009 yil, Londonda ingliz tilida chop etilgan), “Turklar tarixiga yangi qarashlar” (2006 yil), “Qadimgi turklar va passionarlik nazariyasi” ilmiy asari va boshqalar uning qalamiga mansub. “Olaylar” gazetasi va shu nomli axborot agentligi bosh muharriri.
XS
SM
MD
LG