Линклар

logo-print

O‘zbekistonda aholining ish bilan ta‘minlanganini oshirish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil qilinmoqda.

Hafta boshida Toshkent viloyati Qibray tumanida mahalliy kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun bunday tadbir uyushtirildi. Kelasi hafta esa Toshkentda HR Capital Consulting firmasi ham vakansiyalar yarmarkasini tashkil qilmoqchi. Bunday tadbirlarga ish izlab kelganlarning ko‘pchiligi taklif etilayotgan ishlarga joylashishning iloji yo‘qligini aytishmoqda. Bitiruvchilar esa, diplomni olish uchungina ishga joylashishga majbur bo‘layotgani aytilmoqda.

Qibraydagi yarmarkada 40 dan ortiq korxona 500 dan ortiq bo‘sh ish joyini taklif qildi. Tumanda joylashgan Baytqo‘rg‘on kasb va xunar koleji bu yil 300 bitiruvchini chiqarishi aytiladi O‘zA agentligi xabarida. Lekin taklif etilgan vakansiyalar bitiruvchilarning qanchasiga asqatgani xabarda aniq aytilgani yo‘q.

Vakansiyalar yarmarkalari O‘zbekiston viloyatlarida har yili o‘tkazib turiladi. Kelasi hafta Toshkentdagi “Ekspomarkaz” binosida yana bir yirik tadbir uyushtiriladi. Tadbir tashkilotchisi “HR Capital Consulting” firmasi xodimining aytishicha, Bo‘sh ish joylari 5-yarmarkasida 300 dan ortiq tashkilotning qatnashishi kutilmoqda. Tadbirda qatnashish uchun 2 mingdan ortiq ish izlayotgan mutaxassis ro‘yxatdan o‘tdi, deydi o‘zini Lyubovь deb tanishtirgan mutaxassis.

- Ko‘pchilik, 2 mingdan ortiq. Endi qanday mutaxassislar ekanini aytish qiyin, lekin ular orasida yirik shirkatlarga ishga joylashish istagida bo‘lgan talabalardan tortib ish stajiga ega, lekin ish joyini o‘zgartirish niyatida bo‘lgan mutaxassislar bor. Xullas kontingent turfa-xildir, deydi kadrlar masalasi bo‘yicha mutaxassis.

Uning aytishicha, yarmarkada jami 4 mingga yaqin ish izlovchining qatnashishi kutilmoqda.

Toshkentlik programmist mutaxssis Abdurahmon aka o‘tgan yilning oktyabrida o‘tkazilgan yarmarkada qatnashgan edi. Uning aytishicha, bu kabi tadbirlarda ishga joylashish amri maholdir. Chunki, deydi Abdurahmon aka, yuqoridagi ko‘rsatmaga ko‘ra yarmarkada qatnashgan ish beruvchilar ataylab ish izlovchilar javob bera olmaydigan talablarni qo‘yadi.

- Endi 5 foiz odam topib qolishi mumkin keyinroq telefon qilib. Srazu topilishi qiyin. Chunki men boshqa yarmarkalarda ham qatnashganmanda. O‘shanda ko‘rdim. Bobur maydonida ham bo‘lib turadi shunaqa yarmarkalar. U yerda ko‘pi yuzaki. Prokuratura majbur qilib ish olish kerak deb. Oylik maoshi falon so‘mgacha deb qo‘yilgan. Borsangiz, oylik maosh unaqa emas, deydi Abdurahmon aka.

Uning aytishicha, Mehnat vazirligi va aholi bandligini ta‘minlash uchun mutasaddi tashkilotlar prokuratura kabi huquq tartibot idoralari yordamida turli korxonalarga vakansiyalar yarmarkalarida qatnashishni “tavsiya qiladi”. Bu, deydi Abdurahmon aka, hisobotlarda kerakli raqamlarni ko‘rsatish uchun kerak bo‘ladi.

- Aslida ishchi kerak emas u yoqqa. Lekin hokimiyatga nima qilinganda “Shu kadr yo‘q edi. Yetishmagan edi” degan bahonani ham ro‘kach qilishadi. Aslida u yerga kerak emas. Planni bajarmaslikning shunaqa holatlari ham borda.

O‘quv yurtlarini bitirayotgan talabalar ham yarmarkadan ish izlashga majbur, deya davom etadi Abdurahmon aka.

- Kollejdagilar borib kirsin deb shunchaki uyushtilyapti. Bular hammasi pora berib turib kiradi baribir ishga. Usiz iloji yo‘q. Pora bermasa, baribir olmaydi. Shuning uchun kollejlarda ham “spravka olib kelinglar” deb talab qiladi. “Bo‘lmasa diplomni ham bermaymiz” deydigan darajagacha keladi ayrim kollejlar. “Ishga kirganliging to‘g‘risida spravka olib kelgin” deb majbur qilishadi. Prokuratura, hammasi u hisobotni nazorat qilib turadi ishga kirganlar necha foiz deb. Yuqoriga faqat hisobot uchungina qilinayaptida bu ish, deydi Toshkentdagi bo‘sh ish joylari yarmarkalarining bir nechtasida qatnashib, ish topa olmagan programmist mutaxassis.

O‘zbekistonda ishga yaroqli aholi soni 16 milliondan ortiqni tashkil qiladi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, ishsizlik darajasi 1 foizdan kamroqdir.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat tashqarisida mehnat muhojirligida yurgan o‘zbekistonliklar soni 4 millionda 8 milliongacha ekani taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG