Линклар

logo-print

Moliya vazirligi: Pensionerlar davlatdan 105 million dollar qarz


O‘zbekiston Moliya vazirligi qoshidagi Nazorat-taftish bosh boshqarmasining 2012 yil 1 yanvargacha olib borgan surishtiruvi natijasida aniqlanishicha, respublika Pensiya jamg‘armasi hisobidan 150 milliard 500 million so‘m (qariyb 106 million AQSh dollari) pensionerlarga ortiqcha to‘langan.

Komissiya bergan ma‘lumotlarda hozirga qadar mamlakatda mavjud harakatdagi pensiya ishlarining 35 foizi tekshirib chiqilgani aytilgan.

Bu haqda 12.uz nashri bergan xabarga ko‘ra, tekshirilgan pensiya ishlari orasida 73 foizdan ortiqroq qonunbuzarlik pensiyaning qalbaki hujjatlar asosida ortiqcha tayinlanganidan iboratdir.

Respublika Pensiya jamg‘armasining Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan mutasaddisiga ko‘ra, tekshiruv natijasida arxiv hujjatlari va pensionerlar taqdim qilgan hujjatlar orasida kattagina farq aniqlangan.

- Bu, asosan, mustaqillik davrida qalbakilashtirilgan hujjatlar hisobiga bo‘lmoqda. Misol uchun, pensioner 100 so‘m oylik olgani arxiv hujjatlarda ko‘rsatilgan. Lekin, pensiya uchun topshirilgan ma‘lumotnomada 200 so‘m qilib ko‘rsatilgan, - dedi Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan Pensiya jamg‘armasi mutasaddisi.

2009 yilning 1 yanvaridan boshlab, O‘zbekistonda pensiyaga hujjat to‘g‘irlovchi fuqarolardan mehnat faoliyatining so‘nggi 10 yiliga oid oylik maosh va ish staji haqida hujjat talab qilinmoqda.

Bunga qadar esa fuqarolar mehnat faoliyatining istalgan qismidan besh yillik maoshiga oid ma‘lumot so‘ralar edi.

Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tekshiruvlari natijasida pensiyaning ortiqcha tayinlanishiga oid kamchilik, asosan, fuqarolar taqdim qilgan hujjatlar va arxiv hujjatlari o‘zaro qiyoslanganda aniqlanmoqda.

Arxiv: Hammasiga sobiq rahbar, sobiq hisobchi va sobiq ishchi aybdor


Respublika Davlat arxivining hududiy boshqarmalaridan biri rahbari ikki yildan buyon uning idorasida o‘tirgan taftishchilarning ishini kuzatar ekan, kamomad aniqlanayotgan holatlarni shunday sharhladi:

- Shaxsiy tarkib hujjatlari tashkilotlarning o‘zida saqlangan paytlarda ular ishchilariga hujjat qilib berishgan. Keyin ko‘pchilik tashkilotlar hujjatlarini arxivga topshirgan. Hozir o‘sha hujjatlar o‘rtasida farq bo‘lyapti. Ya‘ni, o‘z davrida rahbar va hisobchi ishchi bilan kelishib, oylikni ortiqcha ko‘rsatgan hollar bo‘lganda, kim biladi deysiz. Bunga arxiv aybdormasku, - deydi Respublika davlat arxivi hududiy boshqarmalaridan birining rahbari.

Lekin, bu o‘rinda pensiyani ortiqcha olgani aniqlangan pensionerlar orasida qonunni buzmagan, aksincha, alohida tashkilotlar hamda shaxslarning aybi bilan pensiya haqqidan ayrilayotgan fuqarolar ham bor.

- Misol uchun, aksar tashkilotlar bankrot bo‘lgan, tugatilgan. O‘sha vaqtda ko‘pchiligi hujjatini arxivga topshirmagan. Endi fuqaro keladi, qo‘lida mehnat daftarchasi bor. Ammo, unda ko‘rsatilgan oylikni tasdiqlaydigan ma‘lumot arxivda yo‘q. Shunaqa bo‘lib kuyib qolayotgan pensionerlar ham ko‘p kelishadi bizga. Biz nima qilaylik endi?! - deydi arxiv idorasi rahbarlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Bunday hollarda butun umrini mehnatda o‘tkazgan fuqarolarda o‘z haqqini undirishning biror imkoni qolmayotganini arxiv xodimi ham, respublika Pensiya jamg‘armasi xodimi ham inkor qilmadi.

Taftishchi: Vazifamiz aniqlash, oshiqcha pensiyani qaytaring!


Nazorat-taftish bosh boshqarmasining Buxoro, Samarqand va Toshkent shahridagi bo‘limlari mutasaddilaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bunaqa holga tushgan keksalarda qonunlarga bo‘ysunish, ya‘ni pensiyani qaytarishdan boshqa chora yo‘q.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng sobiq sovet davrida gurillab ishlagan ko‘plab tashkilot, zavod, korxona va kombinatlar bankrot bo‘ldi yoki turli shakllardagi xususiy yohud jamoat tashkilotlariga aylandi.

Rasmiylarning aytishicha, bu jarayonlarda qonunbuzarliklar ko‘p bo‘lgan va shu bois, aksar hollarda tugatilgan yoki xususiylashtirilgan korxonalarning hujjatlari ongli ravishda arxivlarga topshirilmagan.

2000 yillarga kelib, ya‘ni mustaqillikning dastlabki 10 yillik davri yakunlangan kezda turli yo‘llar bilan xususiylashtirilgan korxonalar yana chig‘iriqdan o‘tkazilgan va shu paytda fuqarolarning mehnat faoliyati, ish staji kabi zarur ma‘lumotlarni o‘zida jam qilgan hujjatlar yana yo‘qotilgan.

Tadbirkor: Pensionerga ham mehnat, ham tuhmat


2000 yillar boshida xususiy shirkati noqonuniy ravishda tugatilganini da‘vo qilgan xorazmlik sobiq tadbirkorlardan biri o‘z qo‘lida ishlagan va hozir pensiyadan qarzdorlik bois pensiya ololmayotgan ishchilarni misol keltirdi.

Unga ko‘ra, uning xususiy shirkati tugatilgan kezda mavjud hujjatlarning bir qismi huquq-tartibot idoralari tomonidan olingan, yana bir qismi Xorazm viloyatidagi tadbirkorlar huquqini himoya qilishi aytilgan davlat tashkilotlaridan biriga berilgan.

- Men o‘zim qancha arzu doddan so‘ng qamoqdan arang qutulib qolganman. Lekin hujjatlarimiz yo‘q bo‘lib ketgan. Mening yordamchim bo‘lib ishlagan bir xodimimga 9 million qarz keldi pensiyadan. Unga pensiya berishni to‘xtatib qo‘yishgan, mana qancha oy bo‘ldi, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan

Suhbatdoshga ko‘ra, yana bir necha sobiq xodimiga 2 yarim milliondan 3 million so‘mga qadar qarz ekani aytilgan va ulardan ham qarz keskin tarzda undirilmoqda.

Suhbatdoshning o‘zi esa ishi kasodga uchragan kezda pensiyaga chiqqani bois pensiyaning eng kam miqdorini olishi va aslida buning ham qonunga zid ekanini aytmoqda.

Pensiya jamg‘armasi: Qonun qabul qilingan, chora yo‘q!


Respublika Pensiya jamg‘armasi mutasaddisiga ko‘ra, aslida pensionerlardan pensiyasining 50 foizdan ortig‘i ushlab qolinishi mumkin emas.

- Qonunda belgilangan, faqat 50 foizgacha ushlab qolinishi mumkin. Hozir bundan ortig‘i ushlab qolinayotgani yo‘q biz tomondan. Ahvoli og‘ir bo‘lgan pensionerlardan, masalan, kamroq foizlarda ushlanyapti, ularning ahvoliga qaralyapti. Endi qonunda, unga hammamiz bo‘ysunishimiz shart, - deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu mutasaddi.

12.uz nashri bergan xabarga ko‘ra, shu kunga qadar 105 million dollarni tashkil qilayotgan qarzdorlikning 25 million dollarga yaqini undirib bo‘lingan.

Nazorat-taftish bosh boshqarmasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yilning dekabrida boshlangan harakatdagi barcha pensiya ishlari ustidan taftishni 2012 yilning birinchi 6 oyi ichida tugatish ko‘zda tutilgan edi.

Ammo, jarayon murakkablashib, cho‘zilib ketgani uchun belgilangan muddatni 2012 yilning oktyabrigacha uzaytirishga qaror qilingan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir respublikada 3 millionga yaqin fuqaro pensiya va imtiyoz puli olmoqda hamda ularga Pensiya jamg‘armasi tomonidan ajratilayotgan mablag‘ yiliga qariyb 6 trillion so‘m (3 milliard 300 million dollar)ni tashkil qiladi.
XS
SM
MD
LG