Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:59

Sirdaryo "voyenkomi" hibsga olindi


Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Roman An poraxo‘rlikda ayblanmoqda.

Shu yilning 29 fevral kuni Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Roman Vladimirovich An mahalliy fuqarodan 400 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda Milliy xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boshqarmasi tezkor guruhi tomonidan hibsga olingan.

Bu haqdagi ma‘lumotni o‘rganayotgan huquq himoyachilariga ko‘ra, bu operatsiya Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida farzandlarini harbiy xizmatga kuzatayotgan ota-onalar huzurida amalga oshirilgan.

Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, 45 yashar Vladimir Janubi-g‘arbiy garnizon prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning pora olish, mansab vakolatini suiiste‘mol qilish va harbiy intizom qoidalarini buzish singari jinoyatlarda ayblanmoqda.

U shu yilning 12 yanvaridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, mamlakat Oliy Bosh Qo‘mondonining "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida"gi qarori doirasida qonunbuzarlik sodir etgan. Ya‘ni, yigitlarni harbiy xizmatga yuborish sharti bilan fuqarolardan pora olgan.

“Qishloq hayoti” gazetasining Sirdaryo viloyatidagi muxbiri Bozorboy Bekmurodovning yozishicha, shu yilning 29 fevral-3 mart kunlari Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasining yig‘in punktida chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga jo‘natish marosimlari o‘tkazilgan. Tadbirda davlat hokimyati organlari, “Kamolot” yoshlar harakati vakillari, mehnat faxriylari va ota-onalar ishtirok etishgan.

“Podpolkovnik Roman Anning hibsga olinishi ana shu jarayon doirasida amalga oshdi” deydi sirdaryolik huquq faollari.
XS
SM
MD
LG