Линклар

Namangan viloyatidagi gaz quyish shaxobchalarida litsenziyaga ega taksi haydovchilari uchun maxsus yo‘lakchalar ajratila boshladi. Ular turnaqator navbatda turmasdan, ushbu yo‘lakcha orqali o‘tib, yoqilg‘i quyishlari mumkinligi aytilmoqda.

Litsenziyador taksichilarga berilgan imtiyoz haqida “XXI asr” gazetasi 15 mart kuni xabar qildi.

Rasmiylar ushbu chora orqali yo‘lovchi tashish bilan noqonuniy shug‘ullanayotganlarni litsenziya olishga rag‘batlantirmoqda.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, ayni paytda Namanganda litsenziyaga ega avtomobillar 345 tani tashkil etadi.

O‘zbekiston viloyatlarida, xususan, Farg‘ona vodiysidagi yoqilg‘i quyish shaxobchalarida navbat kutayotgan avtoulovlar karvoni uzunligi bir necha kilometrga yetadi. Benzin narxining surunkali oshishi sababli minglab avtoulov egalari gaz yoqilg‘isiga o‘tmoqda. Ammo uch-to‘rt so‘m tejash ilinjidagi haydovchilar soatlab kutishga majbur bo‘lmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda siqilgan va suyultirilgan gazdan foydalanuvchi avtomobillar 17 foizga yetgan. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichning oshishi kutilmoqda.

Yoqilg‘i shaxobchalaridagi tirbandlik e‘tirozga sabab bo‘layotgan bir paytda litsenziyali haydovchilarga alohida yo‘laklar ajratilayotgani turlicha munosabat uyg‘otmoqda. Litsenziya sotib olgan haydovchilarning ayrimlari muvaqqat imtiyozni yoqlamoqda. Aksar haydovchilar esa muammoni ildizigacha hal etish tarafdori.

“Litsenziyalilarga alohida yo‘lak qilish o‘rniga gaz shaxobchalaridagi achchiq ichakdek cho‘zilgan navbatni yo‘qotish haqida o‘ylashsa, yaxshi bo‘lardi. Eshagidan tushovi qimmat bo‘lgani uchun ko‘p haydovchilar litsenziyaga orttinolmayapti. O‘sha hujjatni hamma ham imkoni bo‘lishi bilan oladi”, deydi Namangan – Toshkent yo‘nalishida kira qiluvchi Bahodir aka.

O‘zbekistonda 2012 yilning 1 yanvaridan “Yo‘nalishli taksi faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori kuchga kirdi. Unga muvofiq, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan haydovchi litsenziya olishi shart.

Litsenziyasiz kira qilgan fuqaro eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi (ayni paytda eng kam oylik ish haqi – 62920 so‘m). Ushbu holat takroran ro‘y bersa, transport vositasi musodara qilinib, haydovchi jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ayni paytda litsenziyasiz kirakashlarni tutish bo‘yicha ichki ishlar va soliq idoralari reydlari ko‘paygan.

Respublika bo‘yicha litsenziyasiz kiradan non topayotganlar bir necha o‘n mingdan oshishi taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG