Линклар

logo-print

"O‘zbekturizm" raisi Rustam Mirzayevning hibsga olinganini shu idorada ishlayotgan xodimlardan biri tasdiqladi.

"O‘zbekturizm" Milliy kompaniyasi raisi Rustam Mirzayev va uning akasi hibsga olingani haqidagi xabarni Ozodlik 9 mart kuni tarqatgan edi. Biroq Ozodlik suhbatlashgan kompaniya xodimi o‘sha kuni bu xabarni rad etgan, Rustam Mirzayev o‘z o‘rnida ishlayotganini aytgan edi.

Ozodlik 15 mart kuni "O‘zbekturizm" kompaniyasining ismi sir qolishini so‘ragan manbadan xabar oldi. Bu xabarda aytilishicha, Rustam Mirzayev yaqin uch hafta oldin hibsga olingan. U o‘zining "Sayramturizm" kompaniyasida valyuta bilan bog‘liq qoununbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Rustam Mirzayevning Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinganligi va ayni paytda bu xizmatning yerto‘lasida saqlanayotgani aytilmoqda.

Ozodlik “O‘zbekturizm”ning Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limlari bilan ham bog‘lanib, bu xabarni o‘rganishga harakat qildi. Biroq, Ozodlik bilan suhbatlashgan xodimlar bu voqeadan xabari yo‘qligini aytdi.

Uzmetronom Internet gazetasining yozishicha, O‘zbekistonda nashr etiladigan rangli jurnallardan biri Rustam Mirzayevning hibsga olingani haqidagi norasmiy xabarni eshitgandan so‘ng uning O‘zbekistondagi turizm muammolari va vazifalari haqida nashrga tayyorlangan ikkita maqolasidan uning familiyasi shoshilinch tarzda olib tashlagan.

Uzmetronom bergan ma‘lumotga ko‘ra, Rustam Mirzayev Moskva davlat universitetini tugatgan, ishbilarmon tadbirkor. Ikkita sayyohlik kompaniya egasi. Rustam Mirzayev ikki yil oldin “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi raisi etib tayinlangan edi.

U tarix fani doktori, mintaqaviy masalalar bo‘yicha siyosatshunos ham hisoblanadi. Xalqaro munosabatlar va turizm muammolari bo‘yicha Rossiya va O‘zbekistonda nashr etilgan bir qancha ilmiy kitoblar muallifi.

“O‘zbekturizm”ning avvalgi raisi Zohid Hakimov bunday ikki yil oldin mansab vakolatini oshirish va mamlakatga katta miqdordagi iqtisodiy zarar yetkazish aybi bilan ozodlikdan mahrum etilgan edi.
XS
SM
MD
LG