Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:05

Yangi iPad ga bo'lgan navbatdagi joylar sotilmoqda


Apple shirkati yaqinda e'lon qilgan iPad planshetining yangi modeli 16 mart kuni AQSh va yana bir qator mamlakatlarda savdoga chiqishi kutilmoqda. Ayni damda esa tishlangan olma "gadjet"lari uchun yuzlab AQSh dollari sarf etishga tayyor texnika shaydolari Apple magazinlari oldida uzundan-uzun navbatlarni yaratishmoqda. Ular orasida mo'maygina pul ishlab olmoqchi bo'lganlar ham yo'q emas.

Shundaylardan biri Londondagi Apple magazini oldida yangi iPad ni sotib olish uchun tuzilayotgan navbatning old qatoridan olgan joyini Ebay Internet-auksionida sotmoqda. Sotuvchiga ko'ra, u taklif qilayotgan joy uzunligi 300 kishidan ortgan navbatning to'rtinchi o'rnida joylashgan.

Joyni sotib olmoqchi bo'lganlar soni ayni damda 13 kishiga yetdi. Taklif qilingan eng yuqori baho esa 120 dollar tashkil qilmoqda. O'z joyini sotayotgan londonlikga ko'ra, eng ko'p pul taklif qilgan xaridor Apple magazini ochilishidan uch soat oldin kelib, joyni egallashi zarur.

Navbatdagi joyini auksionga qo'ygan londonlik Apple shirkatining yangi mahsulotlariga bo'lgan uzun navbatlardan unumli foydalanmoqchi bo'lgan birinchi inson emas. 2010 yili Rossiyada iPhone smartfoning to'rtinchi avlodiga bo'lgan navbatning old qatoridagi joylar kamida 1,5-2 ming rublga sotilgan edi.

7 mart kuni e'lon qilingan yangi iPad plansheti oldingi avlodlariga qaraganda aniqligi yuqori bo'lgan ekrani, kuchliroq batareyasi va kameralari bilan ajralib turadi. Yangi iPad sotuvi 16 mart kuni ertalabki soat 8 da AQSh va yana bir qator mamlakatlardagi Apple magazinlarida boshlanadi.

Piper Jaffray tashkiloti tahlilchilariga ko'ra, Apple shirkati sotuvning birinchi kunidayoq million dona yangi iPad sotishlari mumkin.

Ayni damda esa Apple shirkati aksiyasining narxi rekord ko'rsatkichga yetdi. Bugun bir dona Apple aksiyasi uchun 600 dollar so'ralmoqda. Tahlilchilar buni yangi iPad ning sotuvga chiqishi bilan izohlashmoqda.
XS
SM
MD
LG