Линклар

Belorus rahbariyatining mahkum Dmitriy Konovalov i Vladislav Kovalyovlarni avf etmagani dunyo jamoatchiligi tomonidan qoralanmoqda.

Belorusda 2011 yilda Minsk metrosida sodir bo‘lgan portlashda ayblanib, ikki kishi - Dmitriy Konovalov i Vladislav Kovalyovlar qatl qilindi.

Bu ikki mahkumga nisbatan Yevropadagi qator inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlarining e‘tirozlariga qaramay, otuv hukmi ijro etildi.

Har ikkisi 26 yoshda bo‘lgan mahkumlar Belorus qonunchiligiga binoan bir o‘q bilan boshining orqa qismidan otildi.

Zavodda ishchi bo‘lgan mahkumlar o‘tgan yili Minsk shahridagi Oktyabr metro bekatida sodir etilgan portlashda aybdor topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.

Vladislav Kovalyovning onasi Lyubov Kovalyova avvaliga hukumat bu qatlni yashirincha amalga oshirishni ko‘zlaganini aytib, hukm ijrosini qoraladi.

- Ularga nisbatan o‘lim jazosini ijro etishga tayyorgarlik borayotgan edi. Hukumat buni yashirincha qilmoqchi edi. Ammo mening o‘g‘lim buni oshkor qilishdan to‘xtamadi. Ular buni o‘tgan yili noyabrda qilishi mumkin edi, ammo o‘g‘lim bunga imkon bermay kelayotgan edi. Ular men va o‘g‘limdan buning uchun o‘ch olishdi. Oxir-oqibat, ular bugunga kelib jazoni ijro etishdi, - deydi Lyubov Kovalyova.

Beloruslik inson huquqlari himoyachisi Lyudmila Gryaznova ham o‘lim jazosi ijrosini qoralab: "Aybdorligi shubha ostida qolayotgan va "terrorchiga chiqarilgan" shaxslarga nisbatan o‘lim jazosining ijro etilishi hukumatning jinoyat izlarini yopishga urinayotganidan darakdir", dedi.

AR agentligi xabariga ko‘ra, ikki mahkumga nisbatan o‘lim jazosi ijro etilganidan norozi odamlar bugun Oktyabr metro bekati yoniga kelib, ularning xotirasiga gullar qo‘ygan va shamlar yoqqan.

Yevropa Ittifoqi va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e‘lon qilingan bayonotlarda Belorus rahbariyatining bu harakatlari keskin qoralandi.

Jumladan, Bryusselda bu voqeaga munosabat bildirgan YeIning Tashqi siyosat masalalari bo‘yicha rahbari Katrin Eshton marhum mahkumlarga nisbatan o‘lim jazosi ijro etilganidan chuqur xavotir bildirib, bu ijroning xalqaro huquq normalarga zid ekani, xususan, mahkumlarga o‘zini himoya qilish haqqi ham berilmaganini tanqid qildi.

Shuningdek, Yevropa kengashi ham hukm ijrosini qoraladi.

O‘tgan yilning 11 aprel kuni Minsk metrosida sodir etilgan portlash oqibatida 15 odam halok bo‘lgan va yuzlab odam jarohatlangan edi.

Konovalov va Kovalyovlar portlash ro‘y berishidan uch kun o‘tib qo‘lga olingan edi.

Minsk sudi ushbu portlashda aybdor deb topilgan mahkumlarni 2008 yilda Minskda ro‘y bergan boshqa portlashda ham aybdor, deb e‘lon qilgan edi.

Tergov jarayonida har ikki mahkum o‘z ayblarini qisman tan olgan aytilgan, ammo sud jarayonida Kovalyov ayblovni bosim ostida tan olishga majbur bo‘lganini, o‘zining portlashga aloqador emasligini aytgan edi.

Biroq bu bayonot sud tomonidan e‘tiborga olinmagan edi.

Prezident Aleksandr Lukashenko rejimi Minsk metrosidagi portlashni mamlakatdagi barqarorlikka putur yetkazishga urinish, deya baholagan edi.

O‘tgan haftada Belorus hukumati so‘nggi bosqich jarayonda mahkumlarni avf etish so‘rovini rad etgan.

Belorus Yevropa qit‘asidagi o‘lim jazosini amalda saqlab kelayotgan yagona davlatdir.

Inson huquqlari himoyachilariga ko‘ra, sobiq ittifoq qulaganidan buyon bu davlatda 400 ga yaqin odamga nisbatan o‘lim jazosi ijro etilgan.
XS
SM
MD
LG