Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:08

Tojikistonlik o‘quvchilarga adras kiyish buyurildi


Tojikistonlik o‘quvchi qizlardan adras ko‘ylak va do‘ppi kiyish talab qilinmoqda.
Tojikistonlik o‘quvchi qizlardan adras ko‘ylak va do‘ppi kiyish talab qilinmoqda.

Navro‘z bayrami arafasida tojikistonlik o‘quvchi qizlarga milliy kiyim, jumladan, adras ko‘ylak va do‘ppi kiyib yurish shart qilib belgilandi.

Dushanbe shahridagi maktablarning birida o‘qiyotgan Ruxshonaning aytishicha, boshlang‘ich sinfdan tortib yuqori sinf o‘quvchilarigacha adras ko‘ylak va to‘ppi kiyish majburiy.

- Birinchi sinfdan o‘n birinchi sinfgacha adras ko‘ylak va do‘ppi kiyish majburiy ekan. Muallimamiz o‘zi bizni bozorga olib bordi, hammamiz adras sotib oldik. Ba‘zi maktablarga oq, ba‘zilarga qizil, bizning maktabimizga esa yashil, ya‘ni bayrog‘imizning rangidan adras olish aytilgan, biz shunaqa sotib oldik. Yangi vazir: “Kim sotib olmasa, ota- onasi ish joyida shtraf qilinadi”, degan. Vazir buni direktorlarga aytgan, direktorimiz bizga aytdi, - deydi o‘quvchi qiz Ruxshona.

Suhbatdoshimiz yangi uniforma o‘ziga 250 somoniy yoki 52 dollarga tushganini, bu esa nafaqa evaziga yashayotgan oilasi uchun qimmatga tushganini gapirib berdi.

- Qizlarning milliy kiyim kiyishiga qarshi emasman, lekin hozirgi sharoitda aynan adras sotib olishni hamma uchun majburiy qilib qo‘yilgani xunuk ish bo‘ldi. Ba‘zi oilalarda ikki-uch qiz maktabda o‘qiydi. Birovda bor, birovda yo‘q, kattalar shuni hisobga olishi kerak edi. Menimcha, bu shunchaki turkmanlar va boshqa shu kabi xalqlarga taqlid bo‘lsa kerak, - deydi Ruxshonaning onasi Fayziniso aya biz bilan o‘zaro suhbatda.

Mavzu yuzasidan Ozodlikka gapirgan Tojikiston Ta‘lim vazirligi mas‘ullaridan biri Gulnora Boboyeva bu fikrlarga qo‘shilmaydi.

Rasmiyning aytishicha, bu tadbir majburiy bo‘lmay, shunchaki Navro‘z bayramini oliy darajada nishonlash uchun vazirlik tomonidan ilgari surilgan taklif, xolos.

- Faqat Navro‘z bayramlari kuni milliy kiyim kiyish tavsiya qilindi. Qaysi millat bo‘lishidan qat‘iy nazar, milliy kiyim, jumladan, adras kiyish aytilgandi. Bu hech qanday majburiy emas, - dedi Ta‘lim vazirligi rasmiysi Boboyeva xonim.

Bu yil Tojikistonda Navruz o‘n kun nishonlanishi e‘lon qilingan.

Tojikistondagi fuqarolar urushidan (1992 va 1997 yillar - tahr.) keyin barcha sanoat korxonalari qatorida “Tojikatlas” fabrikasining ham faoliyati to‘xtab qolgan.

Shohi matolar ishlab chiqarayotgan So‘g‘d vloyatidagi “Xo‘jandatlas” fabrikasi, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, yiliga o‘n-o‘n besh ming metr atlas to‘qiydi. Bu esa ichki ehtiyojni qondirmasligi aytiladi. Boshqa tomondan “Xo‘jandatlas” mahsulotlari raqobatga bardosh bera olmayotgani kuzatiladi.

Shu sababli bo‘lsa kerak, tojikistonliklar Marg‘ilon va Namangan kosiblari to‘qigan atlasu adraslarni ko‘proq xarid qilmoqda.

Tojikiston ta‘lim vazirining yangi farmonidan keyin marg‘ilonlik va namanganlik kosiblaru ularning mahsulotlarini respublika bozorlariga tashiyotgan tojikistonlik savdogarlarning bozori chaqqon bo‘ldi.

Ko‘p yillardan buyon qiz-juvonlarga milliy kiyim tikib berayotgan Saodatxon ayaning ham shu kunlarda qo‘li-qo‘liga tegmaydi.

- O‘tgan yilga qaraganda, bu yil atlas-adrasdan zakazimiz ko‘p, maktablar uchun. Fasonlarini juda zamonaviy qilib, chiroyli tikishga harakat qilayapman. Qizlar ham har xil zakazlar qilayapti. Nima desam, yevropacha stilda-da, - deydi chevar ayol.

Tojikiston Ta‘lim vazirligi avvalgi yillar ham g‘ayrioddiy qarorlari bilan jamiyatda norozilik uyg‘otgan edi. 2007 yili sobiq vazir Abdujabbor Rahmonov o‘quvchi va talaba qizlarga hijob o‘rashni, Islom universitetida tahsil olayotgan yigitlar uchun esa soqol qo‘yishni ta‘qiqlagan edi. Shuningdek, vazir Rahmonov Islom universiteti talabalariga oyog‘iga kalish kiyish va bo‘yniga galstuk taqishni tavsiya qilgandi.
XS
SM
MD
LG