Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:32

Karimov amaldorlarni aholi noroziligidan ogohlantirdi


2011 yilda Toshkent shahri fuqarolari tomonidan prezident devoniga yo‘llangan shikoyatlar 2010 yilga qaraganda 11 foizga oshgan.

Mazkur raqam 16 mart kuni Toshkent shahar xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tomonidan tilga olingan.

O‘zbekiston rahbari hokimliklarda fuqaro shikoyatiga sansalorlik va rasmiyatchilik bilan munosabatda bo‘lish, kamchiliklarni vaqtida bartaraf etmaslik, aybdor mansabdorlarga tegishli chora ko‘rmaslik davom etayotganini aytgan.

O‘zbekiston rasmiy agentligi tarqatgan va 17 mart kuni markaziy siyosiy nashrlarda chop etilgan ma‘ruzaga ko‘ra, mamlakat prezidenti amaldorlarni fuqarolar shikoyatiga loqayd bo‘lmaslikka chaqirgan, aks holda, odamlarning noroziligi kuchayishidan ogohlantirgan.

Toshkent shahri va tumanlar hokimliklari qishki mavsumda elektr, gaz va issiqlik energiyasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganini inkor etib keladi. Shahar deputatlari qarshisida so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Toshkentda ham joriy yil qishda ko‘p qavatli uylarda energiya ta‘minotida uzilishlari bo‘lganini tan olgan. Karimovga ko‘ra, Toshkentdagi 8 ming 244 ta ko‘p qavatli uyning 1 ming 252 tasi qishga tayyor emas edi.

Islom Karimov ijtimoiy muammolar yuzasidan javobgarlikni shahar va tuman rahbarlari zimmasiga yuklagan.

Oxirgi paytlarda Toshkent shahri yuqori rutbali mansabdorlari orasida korruptsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanganlar ko‘paygani aytiladi. Prezident ma‘ruzasida keltirilishicha, qonunbuzarliklar sodir etgani va vazifasini suiiste‘mol qilgani uchun Bektemir tuman hokimi A. Hoshimjonov, Mirobod tuman hokimining o‘rinbosari A. Abdurahmonov, Toshkent shahar hokimligi yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi boshlihi A. Hasanxo‘jayev, binolardan foydalanish departamenti boshlig‘i M. Mirsag‘atov, “Toshshahargaz” boshqarmasi boshlig‘i A. Saidvaliyev jinoiy javobgarlikka tortilgan, shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i B. Kamolov, Olmazor tuman hokimining birinchi o‘rinbosari B. Tursunov ishdan olingan.

O‘tgan 2011 yilning o‘zida Toshkent bo‘yicha ichki ishlar xodimlaridan 12 nafar, soliqchilardan 3 nafar, bojxonachilardan 4 nafar va 1 nafar sudьya jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bundan oldin – 2010 yil dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan qilgan ma‘ruzasida prezident Islom Karimov korruptsiyani “tag-tomiri bilan sug‘urib tashlash vaqti yetib keldi”, deb aytgan edi.

Korruptsiyaga qarshi kurash to‘lqinida Toshkentda ham qator mansabdorlar jazolangan.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident rasmiy davrada nomlarini sanagan amaldorlar jazolanganlarning bir qismi, xolos.

Avval xabar berilganidek, 2011 yil fevralida Toshkentga 6 yil hokimlik qilgan Abduqahhor To‘xtayev “korruptsion jinoyatlarda” ayblanib, ishdan chetlashtirilgan. U bilan bir paytda poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasining rahbari Qobul Naqibov doxil 16 mulozim iste‘foga chiqarilgan.

16 mart kungi xalq deputatlari kengashi yig‘inida unga qadar shahar hokimi vazifasini bajarib kelgan Rahmonbek Usmonov rasman Toshkent hokimi etib tayinlandi.
XS
SM
MD
LG