Линклар

“Nay chalib, kun kechirayapman”


Qarilik gashtini surish hozirgi kunda Tojikistondagi nafaqaxo‘rlarning hammasiga ham nasib bo‘lavermayapti.

Qarilik gashtini surish hozirgi kunda Tojikistondagi nafaqaxo‘rlarning hammasiga ham nasib bo‘lavermayapti.

Ijtimoiy ahvoli unchalik yaxshi bo‘lmagan tojikistonlik nafaqaxo‘rlar keksalikda ham ishlab pul topishga majbur bo‘lmoqda.

Rudakiy tumanidagi gavjum ko‘chalarning biridan o‘tib ketayotgan paytda nay ovozini eshitib, atrofga boqdik.

Tumanning markaziy bozoriga olib kiradigan ko‘cha boshida egniga ola chopon kiyib, ohori ketgan shohi bilan belini mahkam bog‘lab olgan naychi cholga ko‘zimiz tushdi.

Chol yo‘l chetidagi “Savdo markazi” devoriga suyangan ko‘yi ko‘zlarini yumgancha nay chalardi. Otaxonga yaqinlashib, suhbatga tortamiz. U ism-sharifi Abdujalil Xushchaqov ekani, asli Sultonobod qishlog‘idan bo‘lishi, yoshi 75 da ekanini aytadi.

Abdujalil ota maktabni bitirganidan keyin nafaqa yoshiga yetguniga qadar traktorchilik qilgan, o‘sha paytda olgan maoshi bilan oilasini hech kimdan kam qilmay boqib kelgan ekan.

- Biroq mustaqillik yillari nafaqaga chiqqanimdan keyin o‘tish davridagi bozor iqtisodiyoti “sharofati” bilan yashashimiz ham rosa nochorlashdi, - deydi Abdujalil ota.

Davlat ajratgan 80 somoniy (taqriban 17 AQSh dollari, - tahr.) nafaqasi bilan uncha katta bo‘lmagan oilasini boqa olmagach, otaxon Boyxon ismli cho‘pon tanishiga ”shogird” tutinib, nay chalishni o‘rganibdi.

- 80 somoniy pensiya beradi, bu 80 somoniy ikki kunga yetmaydi. Shuning uchun bu (nay chalib, kun kechirishni nazarda tutmoqda, - tahr.) bir tomondan tirikchilik. Ana shunaqa. Bu nayni sakkiz yil avval 15 somoniyga sotib olgandim. Bir kishi 65 dollarga so‘radi, bermadim. Sababi tirikchiligim shuning hisobidan. Shu hunarni olganimdan keyin tirikchiligim ham yaxshi bo‘lib, xursand bo‘lib qoldim, - deydi Abdujalil ota.

Mana o‘n yildirki, Abdujalil ota ko‘cha-kuyda, choyxonalarda nay shaydolariga turli kuylarni ijro etib beradi va ular in‘om qilgan uch-to‘rt somoniy bilan o‘zi, kampiri va qizidan iborat kichik oilasini boqadi.

- Muxlis ko‘p, choyxonalarga borib o‘tiraman. Muxlis orttirish uchun o‘sha yerlarda chalaman. Berganini olamiz, bermaganiga da‘vogar emasmiz. Kuniga o‘n somoniymi, o‘n besh somoniymi - shu tirikchilik, ochig‘ini aytishim kerak, - deydi Abdujalil ota.

Suhbatdoshimiz o‘n yildan buyon oilasini boqayotgan nay va undan taralayotgan sharqona ohanglar tushkunlik kayfiyatida bo‘lgan ayrim yurtdoshlariga ma‘naviy ozuqa ham berayotganini gapirib berdi.

- Kattayu kichik, mo‘ysafidlar ham meni taklif qiladi, eshitadi buning ovozini. Ayniqsa eski chollar buning ovozini yaxshi ko‘radi. Yoshlar ham “bobo, bahor oylarida keling, shuning ovozini eshitaylik” deb, meni o‘zlari choyxonalarga taklif qiladi, kattalar ham buni yaxshi ko‘rib tinglaydi. Lekin nayimning ovoziga yig‘lagan odamlar ham bo‘lgan, - der ekan Abdujalil ota bizga “g‘ariblik” deb nomlagan kuyni chalib berdi.

Mahalliy tahlilchilar mulohazasicha, bugungi kunda iqtisodiy jihatdan g‘ariblashgan Tojikistonda qariyalar ijtimoiy jihatdan umuman himoyalanmagan. Shu sababli ular faqat o‘z kuchiga tayanadi va davlat yoki xalqaro tashkilotlar yordamidan deyarli umid qilmaydi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikiston aholisining taxminan 600 minggi nafaqa yoshida. Kichkina nafaqa evaziga umrguzaronlik qilayotgan tojikistonlik nafaqaxo‘rlarning necha foizi keksayganida ham ter to‘kib ishlayotgani yuzasidan aniq statistik ma‘lumot yo‘q. Lekin olgan nafaqasi har kuni qora qozon qaynatishga yetmayotgani uchun qo‘shimcha daromad ilinjida tong sahardan qosh qorayguncha ko‘chalarda yurgan tojikistonlik cholu kampirlarni har qadamda uchratish mumkin.

Ulardan kimdir bozorda ko‘kat sotsa, kimdir duradgorlik qiladi, yana boshqa birovi enagalik bilan shug‘ullanadi. Nafaqaxo‘rlar orasida hatto nochorlik bois tilanchilik qilib kun kechirayotganlari ham bor.
XS
SM
MD
LG