Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:41

“Afrosiyob” tezyurar poyezdi “shamoli”dan qizaloq nobud bo‘ldi


"Afrosiyov" tezyurar poezdi.
"Afrosiyov" tezyurar poezdi.

27 yanvar kuni Toshkent-Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdidan olingan og‘ir jarohat tufayli¸ rasmiy xabarga ko‘ra¸ 7 yoshli Aziza Faxriddinova nobud bo‘lgan.

O‘limga olib kelgan baxtsiz hodisa Sirdaryo viloyati hududida – Oq oltin-Guliston temir yo‘l bekatlari oralig‘ida sodir bo‘lgan.

Samarqand Transport prokuraturasiga ko‘ra, 27 yanvar kuni tezyurar poyezdning kuchli shamoli 7 yoshli Aziza Faxriddinovani uchirib yuborgan. Qizaloq shamol natijasida simyog‘ochga zarb bilan urilib, og‘ir jarohat olgan.

Shifokorlarning qizning hayotini saqlab qolishga urinishlari esa samarasiz yakunlangan va Aziza kasalxonada vafot etgan.

Ushbu voqea bo‘yicha kim javobgar bo‘lgani noma‘lum qolmoqda.

Prokuratura rasmiysi temir yo‘l bo‘ylab o‘rnatilgan to‘siqlarni buzib, o‘g‘irlab ketish, belgilanmagan joydan to‘siqni oshib o‘tish, poyezdlarga tosh otish kabi qonunbuzarliklar uchrayotganini aytgan.

“Afrosiyob” tezyurar poyezdining 250 kilometr/soat tezlikda yura olishi aytiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, transport bunday tezlikda harakatlangan paytda kuchli shamol yuzaga keladi. Temir yo‘l bo‘ylab maxsus ihotaning yo‘qligi esa aholi va yo‘l yaqinidagi inshootlarga xavf-xatar tug‘diradi.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat kompaniyasi Jizzaxdan Dashtobodgacha 59 kilometrlik va Dashtoboddan Yangiyergacha 34 kilometrlik yo‘l qaytadan ta‘mirlangani, Toshkentdan Samarqandga qadar yo‘l bo‘yiga simto‘r tortilgani haqida hisobot bergan.

Aziza Faxriddinovaning o‘limi tezyurar poyezd bilan bog‘liq ilk favqulodda hodisa emas.

2011 yilning 21 sentyabrida Sirdaryo hududida soatiga 190 kilometr tezlikda ketayotgan “Afrosiyob” poyezdining pantografi ishdan chiqqach, reys bekor qilingan.

Toshkent va Samarqand o‘rtasida qatnovchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.” shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan. Ispan shirkati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2009 yilda imzolangan oldi-sotdi bitimiga muvofiq, ikkita poyezd va ularning ehtiyot qismlari qiymati 38 million yevroga baholangan.

Birinchi tezyurar poyezd 2011 yil 22 iyulь kuni O‘zbekistonga olib kelingan va 2011 yilning oktyabridan doimiy qatnamoqda. Ikkinchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi esa 2011 yil 9 dekabrь kuni Toshkentga keltirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, tezyurar elektropoyezd ikki shahar o‘rtasidagi 344 kilometrlik masofani 2 soatu 20 daqiqada bosib o‘tmoqda.
XS
SM
MD
LG