Линклар

logo-print

Prezident Islom Karimov qariyb 7 million odam yashaëtgan Toshkent shahrida 5100 odamning bandlik xizmatlari tomonidan ishsiz sifatida ro‘yxatga olinganini haqiqatdan yiroq deya baholadi.

Bugungi kunda ishsizlik masalasi dunyoda eng og‘ir muammo ekanini urg‘ulagan O‘zbekiston rahbari mamlakatda qancha odam ishsiz sifatida ro‘yxatga olingani haqida gapirmadi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligiga asoslanib ma‘lum qilishicha, 2011 yil O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan ishsizlar soni mehnatga layoqatli aholining 1 foizini, doimiy ishga ega bo‘lmaganlar soni esa¸ 20 foizini tashkil qilgan.

Jahon banki ma‘lumotiga ko‘ra, 2008 yilgi iqtisodiy bo‘hrondan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlarida ishsizlik o‘rtacha 10 foizni tashkil qilgan. 2011 yil boshida mintaqada ishsizlik darajasi 13 foizga ko‘tarilgan. Ayni paytda, yoshlar orasida ishsizlik 27 foizga yetgan.

O‘z oilangiz¸ qarindosh-urug‘ va mahalla-ko‘yingizdagi ahvoldan kelib chiqib¸ Siz O‘zbekistonda ishsizlar soni qancha deb o‘ylaysiz?

Rasulbek, farg‘onalik tadbirkor:


- 60 foiz desa bo‘laveradi. Ishsizlik nihoyatda ko‘p O‘zbekistonda. Zavod-fabrikalarning hammasi bekilib ketgan. Toshkentda harqalay ish bor. Viloyatlarda deyarli hammasi Rossiyaga chiqib ishlayaptida ish yo‘qligidan. Menimcha, o‘zgarish yo‘q. Chunki hozir davlatning berayotgan oyligiga yashash mumkinmasda. Nihoyatda ozda oyliklari. Aniq ma‘lumotga ega emasmanu ko‘payayaptimi kamayayaptimi, har holda oblastlarda ko‘p yurganligim sababli ishsizlarni nihoyatda ko‘p ko‘ramanda. Ko‘chada o‘tirganlarga “Nima ishlamaysan? Ish yo‘qmi?” desam, “Ish yo‘q. Rossiyaga chiqib ketamiz” deydi. Zavod-fabrikalar ochilgani bilan kattalari ochilgani yo‘q. Firma ochilayapti, ochilgani bilan yana qayta bekilib ketayapti. Yana ishsizlik ko‘payayapti. Chunki ko‘p nimalar ham hozir bankrotga uchrayaptida. Hozir nihoyatda ko‘pchilik, ishga yaroqli odamlar Rossiyaga chiqib ishlayaptida.


Ochil Mirzayev, jizzaxlik fermer:


- Men O‘zbekistonda ishsiz yo‘q, deb o‘ylayman. Ishsiz bo‘lsa, ochidan o‘lib qolish kerakku u ishlamasa. Birov ustachilik qiladi, birov g‘isht teradi, yozda qattiqroq mehnat qiladida, qishga o‘ziga hamma narsani g‘amlab oladi. Mol-hol qilib shunga qarab mol semirtirsa ham, qo‘y semirtirsa ham, bozorga borsa ham shu bilan kun ko‘raveradi. Men bu yerda birorta ishsiz degan narsani ko‘rmaymanda. Chunki hamma ish bilan shug‘ullanadi. Bizda O‘zbekistonda ishlar mavsumiy bo‘lgani uchun¸ masalan¸ o‘sha katta yoshdagi pensiyaga chiqqanlar ham qandaydir ish, molga qarash, sug‘orish bilan shug‘ullanamiz. Hamma ham ishlaydi. Faqat buni rasmiy ro‘yxatga olib ishlayotganligini rasmiylashtirish yo qo‘lidan kelmayapti yoki bo‘lmasa hamma ish bilan shug‘ullanganligini hujjatda ko‘rsatish amalga oshmayaptida. O‘zbek xalqini bilasizku¸ bekor yurmaydi. Masalan¸ bir qismimiz Rossiyada, bir qismimiz Qozog‘istonda, bir qismimiz Amerikada hamma yerda ham baribir mehnat qilayapmiz, qolganimiz O‘zbekistonda mehnat qilayapmiz.

Madina, toshkentlik tadbirkor:


- Mening nazarimda ishga yaroqli 10 ta odamdan ikkitasigina ishlaydi¸ xolos. Shunaqa bo‘lganda¸ ishlilar 20 foiz hisoblanadida. O‘rta yoshdan ham ishsiz ko‘p. Oldin o‘rta yoshdan ishsiz buncha ko‘p bo‘lmas edi. yoshlarda ham ko‘p ishsiz. Men o‘zim ham o‘rta yosh hisoblanaman. Vaholanki oliy ma‘lumotli diplomim bor. Oraliqda odamlar ishsiz qolgani sababli ham men tijoratga o‘zimni urib ketganman. Men o‘zimning soham bo‘yicha ishlashga ishtiyoqim yo‘qligidan yoki pulga uchib ketganimdan emas. Aynan ishsizlik bo‘lgani uchun ham men o‘zimning diplomdagi kasbim qolib turib tijoratga urganman. Noilojlikdan. 5 yil institutda falon idorada o‘tirib ishlayman¸ degan umidda o‘qiganman. O‘rta yoshlarda ham, yoshlarda ham kam emas¸ mening nazarimda.

Kamoliddin Rabbimov, mustaqil kuzatuvchi:


- Aniq ma‘lumot mavjud emas. Chunki O‘zbekistonda maxsus tizim shakllantirilgan. O‘zbekistonda butun mintaqalarda, Toshkent shahrida ishsizlik birjalari mavjud va bu ishsizlik birjalarida ro‘yxatdan o‘tish ancha murakkab bo‘lgan bir jarayon. Chunki ma‘lum hujjatlar, spravkalar talab qiladi. Kimki o‘sha ishsizlik birjasidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsagina¸ huquqiy nuqtai nazardan o‘zini ishsiz deb aytishi mumkin. Unga yarasha Vazirlar Mahkamasining ma‘lum bir qarorlari borki, uyda chorvachilik bilan shug‘ullanadimi, ma‘lum bir ozroq yeri bo‘ladimi, mana shular ham ish bilan ta‘minlangan hisoblanadi. Shuning uchun O‘zbekistonda shakllantirilgan mana bu sistemaga, tizimga muvofiq ishsizlar soni haddan tashqari kam. Lekin aslida O‘zbekistonda ishsizlarning real ish topmasdan ya‘ni ish topishi qiyin bo‘lgan aholi qatlami ancha keng. Bu birinchi muammo. Uni foizda aytish qiyin. Bilmadim balki bu 20 foizdan oshar, 25 foizdan oshar. Lekin ish bilan ta‘minlangan aholining eng kam ehtiyojlarini qondirish salohiyati¸ bu ikkinchi muammo. O‘zbekistondagi oyliklarning hajmi va ehtiyojlarini qondirish darajasi.

Dilorom Ishoqova, muxolifat faoli:


- O‘zbekistonda ishsizlar soni juda ham katta. Men aniq ma‘lumot ayta olmayman, chunki O‘zbekistonda statistika bilasiz¸ eng katta davlat siri hisoblanadi. To‘liq statistik ma‘lumot olish imkoni yo‘q. Shuning uchun hech kim aniq ma‘lumot bera olmaydi. Migratsiyaga chiqib ishlab yurganlarni hisobga olmaganingizning o‘zida O‘zbekistonda ham menimcha ishsizlar soni nihoyatda katta. Tashqariga chiiqb ishlayotganlardan tashqari aholi soniga nisbatan 20 foiz ishsizlar bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Asosan ishsiz yoshlar. O‘rta yoshlilarning ham ishsizlari bor. Lekin asosan yoshlarga ish masalasi juda katta muammo.

Abdumannon Xoljo‘rayev, mustaqil kuzatuvchi:


- Aniq raqam ayta olmaynau, taxminan ishga yaroqli O‘zbekiston aholisining kamida 70-75 foiiz ishsiz. Bunga asoslanganim birinchidan, ish o‘rinlari yaratayotgan, masalan¸ menhnat yarmarkalari o‘tkazilayapti Toshkent shahrida, boshqa tumanlarda. Ana shu mehnat yarmarkalari o‘tkazgan joydagi taklif qilinayotgan ish o‘rinlari ham qalbaki ish o‘rinlari. Bunga men o‘zim juda ham ko‘p shohid bo‘lganman. Chunki bolalarim ham ishsiz. Bir emas uchta bolam bor. Endi bittasi ishlayapti. Qolgan ikkitasi ishsiz. Ana shu yarmarkaga shaxsan o‘zim borib qatnashib ko‘rganman. Tashkilotlar ish o‘rni taklif qilib majburan olib kelinadi. “Shuncha odamni ishga oldik” deb aytadi ular. Keyin ishxonadan “Vaqtincha ish yo‘q” deb “bez soderjaniya” ta‘tiliga chiqarib yuboradi va qaytib olmaydi ishga.

"Ijtimoiy fikr" so‘rov markazi xodimi:


- Bizlar ijtimoiy fikr markazimiz¸ statistika markazi emas. Bizda unaqangi ma‘lumot bo‘lmaydi. Bizlar ishsizlik muammosi haqida odamlar fikrini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazamiz, lekin ularning sonini belgilash maqsadida emas. Bu misol uchun qancha ishsizlar yoki qaysi sohalarda bizlarning nimaga kirmaydi.

Bahodir, qarshilik savdogar:


- Ko‘paygan aka. Mana bizlarning bozor bo‘yicha gapirishim mumkin. Men boshqalar bo‘yicha gapirmayman. 3000-3500 odam ichidan 300-500ta odam ishli bo‘ldi. Qolganlari beish bo‘lib Rossiyaga ketvordi aka. Bozorqo‘mning aybi bilan bo‘layapti bu. Boshqalarning aybi bilan emas bu. Men o‘zimizdagi ish bo‘yicha gapirishim mumkin, butun O‘zbekiston bo‘yicha gapira olmayman aka. Men hozir bilmasdan sizga gapirsam, man uchun bu qamoq degan narsa. O‘zingiz yaxshi bilasizku bu narsani.

******************************************************************

Muhtaram mushtariy, "Hafta savoli"ga mulohazalaringizni yo‘llamoqchi bo‘lsangiz "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikrlaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG