Линклар

Frantsiya prezidenti Nikolya Sarkozi 4 kishi, shu jumladan, 3 bola hayotdan olib ketgan hujumni "milliy fojia", deb nomladi.

19 mart kuni Frantsiya janubidagi Tuluz shahrida yahudiy maktabi o‘qqa tutildi va hozirgacha olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida 3 yosh bola va bir o‘qituvchi qurbon bo‘lgan.

Mahalliy politsiya noma‘lum qurolli shaxs mototsiklda maktab yoniga kelgani va ko‘ziga ko‘ringan odamlarni otib, keyin ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini aytmoqda.

Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkozi voqeadan bir soat o‘tiboq maktabga yetib bordi va 4 kishi, shu jumladan, 3 bola hayotdan olib ketgan hujumni "milliy fojia", deb atadi.

- Bu dashhat, bu fojia. Men buning ortida biror mantiqni ko‘rmayapman. Men biror kimsaning maktab qarshisidagi, maktab ichidagi yahudiy bolalariga qasd qilish haqidagi g‘oyasini mutlaqo qabul qila olmayman, dedi prezident Sarkozi.

Prezident Sarkozi bu jinoyatning bir necha kun muqaddam ayni shaharda sodir etilgan boshqa jinoyat bilan "sezilarli o‘xshashliklari" borligi haqida gapirdi.

U bu jinoyatni sodir etgan kimsalar, albatta, jazoga tortilishini va‘da qildi.

Hozir Frantsiya maxsus xizmatlarining terrorga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruhi uch holat bo‘yicha tergov boshladi.

O‘tgan haftada qurolli shaxs tomonidan shunday ko‘rinishda ikki hujum amalga oshirilgan va bu hujumlar natijasida uch harbiy qurbon bo‘lgan edi.

Tergovchilar har ikki hujumda bir quroldan foydalanilganini aytmoqdalar. Hozircha, maktabga uyushtirilgan hujum chog‘ida ham ayni qurol ishlatilganmi yoki yo‘qmi — noma‘lum qolmoqda.

Tuluz prokurori Mishel Valega ko‘ra, qurollangan shaxs dushanba kuni ertalab Ozar Hatora maktabi oldida, yosh bola yoki katta kishi bo‘lishidan qat‘iy nazar, "uchragan kimsani otgan".

- Bu shaxs maktab oldiga kelganidan so‘ng mototsiklidan tushgan, o‘ziga yaqinda turgan hammani, kattalar va bolalarni o‘qqa tutgan, maktab bolalarini maktab ichiga qadar ta‘qib qilgan, dedi prokuror.

Tuluz prokuraturasidan olingan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, qurbon bo‘lgan bolalarning biri 3, biri 6 va yana biri 10 yoshda bo‘lgan. O‘qituvchining yoshi esa 30 da bo‘lgan. 17 yoshli bir yigit jarohatlangan.

O‘ldirilgan katta yoshli kishining o‘ldirilgan ikki yosh bolaning otasi ekani aytilmoqda.

Yahudiy maktabining bu tariqa ayovsiz o‘qqa tutilgani xalqaro jamoatchilik tomonidan keskin qoralanmoqda.

Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barrozo bu jinoyatni "jirkanch", deb qoraladi. Yevropadagi Yahudiylar kongressi qotillikni "vahshiylik", deb atadi.
XS
SM
MD
LG