Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:22

1 apreldan Toshkentda kommunal to‘lovlar oshiriladi


1 apreldan sovuq suv 14 foizga qimmatlaydi.
1 apreldan sovuq suv 14 foizga qimmatlaydi.

Toshkent shahrida 1 apreldan boshlab markaziy isitish tizimi, issiq va sovuq suv ta‘minoti uchun to‘lovlar narxi qimmatlaydi.

Oshish 15 foiz atrofida


1 apreldan oshiriladigan kommunal to‘lovlarni foizda hisoblansa, issiq suv 15,5 foiz, sovuq suv 14 foiz, markaziy isitish tizimi to‘lovlari esa 10 foizga qimmatlaydi.

“Toshissiqquvvat” tashkilotining rejalashtirish bo‘limining navbatchi xodimi oshirilgan narx haqida Ozodlikka quyidagilarni ma‘lum qildi.

- Issiq suv hisoblagichi yo‘q uylarda odam boshiga 6707,12 so‘m, avval 5805,82 so‘m edi. Umumiy dushga ega yotoqxona yashovchilari uchun bir odamga 4989,45 so‘m bo‘ldi, avval 4318,96 so‘m edi. Hisoblagichi bor uylarda 1 kub metr uchun 1717,47 so‘m bo‘ldi, avval 1486,67 so‘m edi, dedi “Toshissiqquvvat” tashkiloti xodimi.

Poytaxt ahli endilikda markaziy isitish tizimi uchun har bir odam boshiga 535,95 so‘m (463,93 so‘m edi) to‘laydi.

“Toshsuvsoz” tashkilotining navbatchi xodimasi sovuq suvning avvalgi va oshirilgan narxlari haqida ma‘lumot berdi.

-Hisoblagich bo‘lmasa, bir kishiga 1997,46 so‘m, avval 1776,64 so‘m edi, bu ko‘p qavatli uylarda. Hovlilarda, kanalizatsiyasi bor xususiy uylarda 1739, 32 so‘m bo‘ldi, avval 1538,17 so‘m edi. Hisoblagichi bor kvartiralarda 1 kub metri uchun 199 so‘m qilib belgilandi, avval 177 so‘m edi, dedi "Toshsuvsoz" tashkiloti navbatchisi.

“Toshissiqquvvat” ham, “Toshsuvsoz” tashkiloti ham to‘lovlar oshirilgani sabablarini energiya resurlari va elektr energiyasi narxlari oshayotgani bilan izohladi.

Ushbu tashkilotlardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 1 apreldan boshlab, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar ham qimmatlaydi.

Hozircha ushbu to‘lovlarning oshgani haqida ma‘lum qilinganicha yo‘q.

Shuningdek, 1 apreldan benzin, dizel va gaz yoqilg‘ilari qimmatlashi va yo‘l kira ham oshirilishi taxmin qilinmoqda.

Qarzdorlar ko‘payadi...


Ozodlik suhbatlashgan oddiy toshkentliklarga ko‘ra¸ kommunal to‘lovlarning oshirilishi, aholining bu xizmatlar uchun qarzdorligini ko‘paytirib¸ iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni yanada keskinlashtirmay qolmaydi.

Toshkentning Uchtepa tumanida yashovchi 52 yoshli Shavkat akaning hozirda kommunal to‘lovlardan anchagina qarzi mavjud.

- Mening qarzlarim juda ham katta. Masalan¸ gazning o‘zidan 500 ming so‘mga yaqin qarzim bor. Elektrdan 70 mingcha qarzim bor. Hovli nalogidan bor 100-110 ming so‘m atrofida, deydi suhbatdosh.

Shavkat aka o‘zining narxlar oshirilishi uchun keltirilayotgan rasmiy asoslarni tushunishga harakat qilayotgani, ayni paytda¸ hukumat aholining iqtisodiy ahvolini ham inobatga olishlarini istaydi.

- Oshaveradi. Buni tushunamiz. Inflyatsiya bo‘lgandan keyin hammasining narxi oshadida. Hammasi inflyatsiyaga bog‘liqku. Majbur endi nima qilsin. Davlat ham o‘zining byudjetini balansirovka qilib turishi kerakku. Inflyatsiya o‘pirib ketgandan keyin to‘ldirish kerakku o‘rnini. Lekin hamma jabr oddiy aholigada. Aholining sho‘rida endi bu. Oddiy aholiga jabr qilishni xohlamagan davlat prezidenti bunaqa inflyatsiyaga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi, narx-navoni oshir-oshir qilishni oldini olgan bo‘lardi, deydi shavkat aka.

Kommunal xizmat uchun to‘lovlar narxi oxirgi marta o‘tgan yilning oktyabrida o‘rtacha 16 foizga oshirilgan edi.

Toshkentda har yili ikki-uch marta kommunal to‘lovlar narxi oshirilishi odatga aylangan.
XS
SM
MD
LG