Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:02

O‘zbekistonda Chevrolet Malibu yig‘ilmoqda


GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarila boshlagan Chevrolet Malibu avtomobili, ma‘lumotlarga ko‘ra, iyun oyidan sotuvga chiqadi.
GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarila boshlagan Chevrolet Malibu avtomobili, ma‘lumotlarga ko‘ra, iyun oyidan sotuvga chiqadi.

GMning eng oliymaqom avtomobillaridan biri bo‘lgan Chevrolet Malibu avtomobilining O‘zbekistondagi narxi 53 ming AQSh dollari atrofida bo‘ladi.

Chevrolet Malibu - faqat o‘zbekistonliklar uchun!


Toshkentda GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarila boshlagan Chevrolet Malibu avtomobili 20 mart kuni jamoatchilikka taqdim etildi.

Biznes-klass avtomobillari toifasiga kiruvchi Chevrolet Malibu, ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining Toshkent aviazavodi bazasida tashkil etilgan zavodida yig‘ilmoqda.

169 va 263 ot kuchi quvvatiga ega bo‘lgan motori to‘rt tsilindrli, 2,4 litr hajmli Chevrolet Malibu avtomobili GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining O‘zbekistonda avval yig‘ilgan avtomobillaridan zamonaviy xavfsizlik tizimi va chiroyli interьeri bilan ajralib turadi.

Korxonaning o‘zidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu rusumdagi avtomobillar hozircha faqat ichki bozor uchun chiqariladi.

Hali respublika avtosalonlarida paydo bo‘lmagan, ammo xaridorlar tomonidan allaqachon turnaqator navbat yig‘ib ulgurgan avtomobilning narxi 92 million so‘mdan 99 million so‘mgacha, ya‘ni 53 ming AQSh dollaridan 56 ming AQSh dollarigacha bo‘lmoqda.

Bugun olishingiz mumkin, ammo minishingizga bir yil bor!


Toshkentdagi avtosalonlardan birining sotuvchisiga ko‘ra, tez orada sotuvga chiqishi kutilayotgan avtomobilning soni juda-juda cheklangan va hozirdanoq sotib bo‘lingan.

- Bizning salon kichkina. Bizga to‘rtta berildi. Lekin hammasiga shartnoma tuzib bo‘lingan, ya‘ni sotib bo‘lingan. 99 million so‘mdan. Agar siz olmoqchi bo‘lsangiz, shartnoma tuzib qo‘yishimiz mumkin, lekin mashinaning o‘zini keyingi yil olasiz, - dedi Toshkent shahridagi avtosalon sotuvchilaridan biri.

Unga ko‘ra, 99 million so‘mlik narx Chevrolet Malibuning eng qimmat rusumiga belgilangan narx. Hali bu avtomobilning arzon rusumdagi modellari uchun shartnoma tuzish ham boshlangani yo‘q.

Avtosalon xodimi yozlarga borib, Chevrolet Malibuning arzonroq rusumlari bo‘yicha ham narxlar kelishi va shuningdek, bu avtomobilni AQSh dollarida sotib olish imkoni ham paydo bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Avtomobilning taqdimot marosimida aytilishicha, 2012 yil oxirigacha 5 ming dona Chevrolet Malibu chiqarish rejalashtirilgan. Sotuvga esa shu yilning iyun oyida chiqishi rasman e‘lon qilindi.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi O‘zbekistonda 2008 yilda tashkil qilingan.

Hozirgi kunda GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Lacetti, Nexia, Matiz, Spark, Damas, Captiva va Epica avtomashinalarini ishlab chiqarmoqda.

Korxona xodimlari bu avtomobillarning aksariyati ichki bozor uchun chiqarilayotganini aytmoqda va avtosalonlardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, avtomobillarning savdosi juda chaqqon.

Jumladan, GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida chiqarilgan eng so‘nggi rusumdagi - Captiva va Epica avtomashinalarini ham shu bugun emin-erkin sotib olishning imkoni yo‘q.

Avtosalonlarga borib, o‘zingiz istalgan rusumdagi avtomobil uchun shartnoma imzolashingiz va qog‘ozda sotib olishingiz mumkin. Ammo, jumladan, Captivani 3-4 oy, Sparkni esa kamida 3 oy kutishingizga to‘g‘ri keladi.

Ma‘lumki, O‘zbekistonda xorijdan keltirilgan avtomobillar uchun davlat boji 100 foizdan ortiqroqni tashkil qiladi.

Shu bois, mamlakat aholisi avvaliga 1996 yilda Janubiy Koreyaning Daewoo, keyin esa AQShning General Motors kompaniyalari bilan birgalikda ishlab chiqarilayotgan mahalliy avtomobillarni sotib olish bilan cheklanib kelmoqda.

Bu hol O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning ichki bozordagi narxi sun‘iy ravishda oshishiga olib kelayotgan omillardan asosiysi hisoblanadi.

O‘zbekistonlik xaridorga o‘zbekcha narx


Chevrolet Malibu rusumidagi avtomobilning General Motorsning AQShdagi zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan modellari uchun eng arzon narx okean ortida 22 ming 110 AQSh dollari qilib belgilangan.

Okean oshib, Rossiya bozoriga kelguncha bu avtomobil uchun eng arzon narxi 41 ming AQSh dollaridan oshiqroqqa tushadi.

O‘zbekistonning o‘zida esa bu avtomobilni sotib olish uchun kamida 53 ming AQSh dollari to‘lash kerak.

Hozircha GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi O‘zbekiston ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun belgilanayotgan narx va bu narxning mamlakat ichki bozori hamda tashqi bozordagi tafovutlar haqida ochiq-oydin ma‘lumot bermay kelmoqda.

2008 yilning martidan ish boshlagan General Motors bilan hamkorlikdagi GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasi kapitalining 25 foizi GM, 75 foizi esa –“O‘zavtosanoat” aktsiyadorlik shirkatiga tegishli.
XS
SM
MD
LG