Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:24

Twitter 6 yoshga to'ldi


Bugungi kunda dunyoda eng mashhur mikroblog xizmati bo'lgan Twitter sayti olti yoshga to'ldi. Bu haqda bir qator texno-bloglar xabar bermoqda.

Eng birinchi "tvit" Twitter xizmatida 2006 yilning 21 martida chop etilgan va unga mikroblog asoschisi Jek Dorsi (Jack Dorsey) mualliflik qilgan. Aynan shu kun mikroblog xizmatining rasmiy "tug'ilgan kuni" sifatida nishonlanadi.

Shunga qaramasdan, Twitter sayti "tug'ilgan kuni"ni 15 iyulda nishonlaydiganlar ham oz emas. Chunki Jek Dorsi birinchi "tvit"ni yozganda Twitter sayti foydalanuvchilar uchun yopiq bo'lib, faqat uning ustida ish olib borayotganlar uchun o'chiq bo'lgan. Keng ommaga esa Twitter 2006 yilning 15 iyulida taqdim etilgan edi.

Twitterning olti yoshga to'lishi munosabati bilan mikroblog vakillari bir qator statistik malumotlarni e'lon qilishdi. Ularga ko'ra, ayni damda Twitter xizmatidan faol foydalanganlar soni 140 millionga yetgan va ular bir kunda 340 million donagacha "tvit" yozishadi.

Bu raqamlar mikroblog xizmatining mashhurligi yil sayin ortayotganini ko'rsatadi. Solishtiradigan bo'lsak, 2011 yilning mart oyida Twitterda kuniga 140 million "tvit" chop etilar edi.

O'zbekistonda ham Twitter mikroblog xizmati borgan sari ommalashib bormoqda. Ayni damda Twitterdagi eng faol va taniqli o'zbekistonlik foydalanuvchi prezident Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimovadir. Bugunga kelib @GulnaraKarimova sahifasida 8 mingdan ziyod obunachi bor.

Karimova Twitterdagi sahifasida asosan kundalik hayotiga oid yangiliklar haqida xabar yozadi va o'z obunachilari bilan tez-tez ikki tomonlama muloqotga kirib turadi.

O'zbekistondagi yirik mobil operatori Beeline ishga tushirgan Twitter saytiga SMS orqali xabar qo'yish xizmati ham taniqli mikroblogning o'zbekistonlik internet foydalanuvchilari orasida obro'si ortayotganiga dalil bo'lishi mumkin.

Eslatamiz, Ozodlik radiosi va "Yosh to'lqin" loyihalari ham o'z Twitter sahifalariga ega. U yerdan bizni "follow" etib, O'zbekiston va dunyoda ro'y berayotgan voqealardan boxabar bo'lib turishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG