Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:30

Toshkentda osh tuzi chiqaruvchi shirkatlar yopildi


Sifatsiz mahsulot tayyorlash, tuz tarkibiga yetarli yod moddasi qo‘shmaslikda ayblangan Toshkentdagi 15 dan oshiq korxona faoliyati taqiqlandi.

Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat sanitariya epidemiologiya xizmati, prokuratura va sanitariya militsiyasi tomonidan o‘tkazilgan qator qo‘shma reydlar davomida 15 dan ortiq osh tuzi ishlab chiqaruvchi shirkat faoliyati taqiqlandi.

Ismi sir qolishini so‘ragan Toshkentdagi tuz ishlab chiqarish kichik korxonalaridan biri rahbarining Ozodlikka aytishicha, bu kichik korxonalarga sanitariya va savdo qoidalariga amal qilmaslik, mahsulotni ishlab chiqarish davrida belgilangan standartlarni bajarmaslik, sifatsiz qadoqlash ayblari qo‘yilgan:

- Toshkentdagi osh tuzi ishlab chiqaruvchi va qadoqlovchi deyarli hamma kichik korxonalar faoliyati to‘xtatildi. Biz tuzni qayta ishlaymiz, keyin qadoqlaydigan korxonalar bizdan sotib oladi. 1 yanvardan boshlab ishlamayapmiz. SESdan kelib yopib ketishdi, yuvinish va kiyinish xonalari talabga javob bermas ekan. Obodonchilik ishlari qilishimiz kerak ekan. Lekin tuz tarkibi bo‘yicha hech narsa deyishgani yo‘q, deydi osh tuzi ishlab chiqaruvchi kichik korxonalardan birining direktori.

Toshkentdagi tuz ishlab chiqarish va qadoqlash kichik korxonalari faoliyatining to‘xtatilgani poytaxt do‘konlarida osh tuzining tortilib qolishiga sabab bo‘ldi.

Xususan, hozirda aksariyat do‘konlardan tuyulgan oliy sifatli ekstra osh tuzlari yo‘qolib, ular o‘rnini xususiy tsex va korxonalarda ishlab chiqarilgan yirik tuzlar egallagan.

Toshkentlik iste‘molchi Abdurahmon Sodiqovning aytishicha, ayni kunlarda sifatli osh tuzi topish qiyin bo‘lib qolgan:

- Yigirma kun oldin do‘kondan osh tuzi olgandim. Biroq sifatsiz ekan. Suvga solsam loyqaroq bo‘lib qolyapti. Keyin qidirib-qidirib sifatli tuz topdik, deydi Abdurahmon Sodiqov.

Unga ko‘ra, savdo xodimlari hozirgi paytda qoldiq mahsulotlarni sotishayotganini, ulgurji savdoda osh tuzi yo‘qligini ta‘kidlashyapti.

Osh tuzi ishlab chiqaradigan ayrim korxona rahbarlarining aytishlaricha, ayblovlarning asosiy qismini osh tuzini yodlash bo‘yicha davlat dasturida belgilangan talablarning bajarilmasligi tashkil etmoqda.

Ismi sir qolishini so‘ragan Toshkentdagi osh tuzi ishlab chiqaradigan kichik korxonalardan biri rahbarining ovozini eshittirmaslik sharti bilan aytishicha, Toshkentdagi osh tuzi savdosini ham kimdir o‘z monopoliyasiga aylantirib olmoqchiga o‘xshaydi:

- O‘zbekistonda har bir sohani o‘z "ega"si bor. Mana shakarni kontrol qilishadi, unni kontrol qilishadi. Endi garchi ko‘zga ko‘rinmas bo‘lsa-da¸ katta foyda keltiradigan osh tuzini ham kimdir o‘z nazoratiga olmoqchi shekilli. Bo‘lmasa birdaniga Toshkentda deyarli barcha kichik korxonalar yopib qo‘yilarmidi, deydi faoliyati to‘xtatilgan kichik korxona direktori.

Biroq ba‘zi toshkentliklar bu fikrlarga qo‘shilmaydi. Iste‘molchi Abdurahmon Sodiqovning aytishicha, so‘nggi yillarda poytaxt do‘konlarida sifatsiz osh tuzi ko‘payib ketdi va bu tizimni hukumat o‘z nazoratiga olishi kerak:

- Hozir juda ko‘p osh tuzlari oddiy uylardagi tsexlarda tayyorlanyapti. Yodlangan deb yozib qo‘yishadi, lekin yoddan asar ham yo‘q, deydi Abdurahmon Sodiqov.

Toshkent do‘konlaridagi chakana savdoda shu kunda maydalangan oliy navli ekstra osh tuzining 1 kilogrammi 1100 so‘m, yirik osh tuzi esa 600 so‘mdan sotilmoqda.

Osh tuzi O‘zbekistonning asosan janubiy mintaqalaridagi konlardan qazib olinadi.
XS
SM
MD
LG