Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:38

O‘zbekiston Erkin savdo hududiga qo‘shilmoqchi


O‘zbekistonning Erkin savdo hududiga kirishi chegara va bojxona xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni talab qiladi.
O‘zbekistonning Erkin savdo hududiga kirishi chegara va bojxona xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni talab qiladi.

MDH Iqtisodiy kengashi O‘zbekistonning hamkorlik doirasidagi Erkin savdo hududiga qo‘shilishini ma‘qulladi.

Yaqin kelajakda O‘zbekiston MDH Iqtisodiy kengashi doirasidagi Erkin savdo hududiga qo‘shilishi mumkin.

MDH Iqtisodiy kengashi majlisida ishtirok etgan MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot markazi rahbari Vladimir Nikanorovning Ozodlikka aytishicha¸ Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilish tashabbusi rasmiy Toshkentning o‘zidan chiqqan.

- Haqiqatan, O‘zbekiston Erkin savdo hududi to‘g‘risida shartnomaga qo‘shilishga ishtiyoqi borligini namoyish etdi. Bu masala Iqtisodiy kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqildi¸ hamda O‘zbekiston niyatini qo‘llab-quvvatlash va buning uchun zaruriy hujjatlar paketini tayyorlash guruhi tuzilishi borasida kelishildi, deydi MDH Ijroiya qo‘mitasi rasmiysi Vladimir Nikanorov .

MDH Ijroiya qo‘mitasi rasmiy saytida keltirilishicha, Erkin savdo hududi – bu o‘zaro boj to‘lovlari, soliqlar va tushumlar bekor qilingan ishtirokchi-mamlakatlarning xalqaro uyushmasidir.

Loyiha tashabbuschilari fikricha, erkin savdoga qo‘shilgan davlatlar uchinchi mamlakatlar bilan savdo qoidalarini o‘zlari belgilaydilar.

- O‘zbekistonning Erkin savdo zonasiga qo‘shilishi¸ birinchi navbatda¸ bozorning kengayishiga olib keladi. Lekin bu juda murakkab masala ekanligini ham aytib o‘tishim kerak. Bu zonaga kirilar ekan¸ boj, chegara bilan bog‘liq muammolar hal etilishi lozim. Nima bo‘lganda ham, sakkiz mamlakat qatoriga to‘qqizinchisining qo‘shilishi bu tuzilma istiqbolini ijobiy baholashga asos bo‘lmoqda, deydi MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot markazi rahbari Vladimir Nikanorov.

Erkin savdo hududini tuzish to‘g‘risidagi kelishuv Sankt-Peterburg shahrida 2011 yilning 18 oktyabrida MDHning 8 a‘zosi – Armaniston, Belarus, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Bosh vazirlari tomonidan imzolangan.

O‘tkazilgan yig‘inda ishtirokchi-mamlakatlar Bosh vazirlari o‘rtasida o‘ttizga yaqin bitim imzolangan. Bu hujjatlar ichida eng muhimlaridan biri Erkin savdo hududi to‘g‘risida shartnomadir.

MDHning qolgan uch a‘zosi – O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston hukumat raislari masalani yaxshiroq o‘rganib chiqish ehtiyoji vajidan uni imzolamagan edi.

MDH hududidagi erkin savdoga mone‘lik qilayotgan qator to‘siqlarni olib tashlashi aytilayotgan bu shartnomaning Hamdo‘stlikning bundan buyongi takomili uchun mustahkam tamal bo‘lishi iddao qilinmoqda.

2001 yilning oktyabrdagi MDH sammitida bu shartnomani imzolagan qator mamlakatlar parlamentlari allaqachon uni ratifikatsiya qildi.

Jumladan¸ 20 mart kuni Rossiya Davlat Dumasi o‘tgan yilning 23 noyabrida parlamentga prezident Dmitriy Medvedev tomonidan kiritilgan Erkin savdo hududi to‘g‘risida shartnomani tasdiqladi.

Bu xususda Davlat Dumasida chiqish qilgan MDH masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Leonid Slutskiy “ MDH doirasidagi iqtisodiy integratsiya uchun kelgusi yillarda eng muhim bo‘lgan shartnoma” ekanligini ta‘kidladi.

Kuzatuvchilar Erkin savdo zonasiga a‘zo davlatlar ichida ham Sharq va ham G‘arb bilan iqtisodiy hamkorlikni tiklashga urinayotgan mamlakatlar borligiga e‘tiborni qaratmoqdalar.

Ukraina Oliy Radasi shu kunlarda Yevropa mamlakatlari bilan integratsiya masalasini muhokama etmoqda. Rasmiy Kishinyov esa 2013 yilning sentyabrigacha Moldova va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida keng qamrovli erkin savdo hududini tuzish to‘g‘risida kelishuv imzolashga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytmoqda.

Kiyev va Kishinyovning siyosiy harakatlarini diqqat bilan kuzatib borayotgan Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Ukraina Radasi va Prezidenti Viktor Yanukovichga murojaat qilib, Erkin savdo hududi shartnomasini imzolashga chaqirdi.

Bunga javoban Viktor Yanukovich shartnoma yaqin kunlarda¸ albatta¸ ratifikatsiya qilinishiga va‘da berdi.

Kuzatuvchilar bu shartnomaning imzolanishini Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning Yevroosiyo ittifoqini yaratish yo‘lidagi navbatdagi qadami o‘laroq baholamoqdalar. Putinning mazkur loyihasi G‘arbda sobiq SSSRni boshqacha shaklda qayta tiklash urinishlari sifatida ko‘rilgandi.

Moskvadagi Siyosiy axborot Markazi bosh direktori Aleksey Muxin fikricha, Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi kelishuv 90-yillar boshidan buyon MDH savdo maydonini egallab kelayotgan korruptsiyalashgan va kriminallashgan tuzilmalardan xalos qilishi mumkin.

“Rossiya deyarli barcha ishtirokchilarning talablarini qondiruvchi o‘iyn qoidalarini taklif etmoqda”, deYdi Aleksey Muxin.

- Bu shartnoma mustaqil davlatlar iqtisodiyotiga tayangan nisbatan halol va pok tizimdir. U 90- yillardan buyon faol harakat qilib kelayotgan “xufiya iqtisodiyot” namoyandalariga tayanmaydi. Shu o‘rinda, Rossiyaning bu tashabbusi ijobiy natija berishi mumkinligiga ishonaman, deydi Siyosiy axborot markazi rahbari Aleksey Muxin.

Tahlilchi Aleksey Muxin Erkin savdo hududiga o‘xshash 1993 yilda ishlab chiqilgan shartnoma qator kelishmovchiliklar tufayli imzolanmasdan qolib ketganini qo‘shimcha qildi.

Erkin savdo hududi to‘g‘risida shartnoma MDH doirasida so‘nggi ratifikatsiya yorlig‘i qabul qilinganidan boshlab 30 kundan keyin kuchga kiradi.
XS
SM
MD
LG