Линклар

Shvetsiyada otib ketilgan o‘zbekistonlik imom Obid qori Nazarov yaqinlari jinoyat ortida kim turganini bilishi¸ ammo hozircha o‘z taxminlarni ochiqlamasligini aytmoqda.

Yigirma ikkinchi fevral kuni Shvetsiyaning Stromsund shahrida o‘z uyi pod‘ezdida suiqasdga uchragan taniqli ulamo Obid qori Nazarov hali hanuz og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.

Obid qori Nazarov boshidan o‘q yegan va og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan edi.

Otasining yonida qolayotgan o‘g‘li - Dovudxon Obidxon o‘g‘li so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar bir oydan beri komada yotgan bemorning tuzalishiga umid borligini aytmoqda.

Voqea sodir bo‘lishi bilanoq Shvetsiya politsiyasi va maxsus xizmatlari tergov ishlarini boshlaganini bildirgan edi. Ammo shu kunga qadar "tergov siri", deyilgan izoh bilan surishtiruvlarga oid biror rasmiy bayonot berilgani yo‘q.

22 fevral kuni peshin namozi oldidan ulamoni o‘z uyi pod‘ezdida otib ketgan noma‘lum shaxsning kimligi, bu jinoyat ortida kim turgani hali hanuz taxminlar darajasida qolmoqda.

Voqeadan bir oy o‘tibgina matbuotga so‘zlagan Dovudxon Obidxon o‘g‘li Ozodlik bilan suhbatda: "Buning ortida kim turganini va u kimsaning ochiqda erkin yurganini hammamiz yaxshi bilamiz", dedi.

Ammo Obid qori Nazarov yaqinlari hozircha o‘z taxminlari yoxud ularga ma‘lum bo‘lgan dalillar haqida ochiq so‘zlamaslikni ma‘qul ko‘rmoqdalar.

Buning sababini Dovudxon: "Biz o‘zimiz shu narsani ma‘qul deb topdik va ular (politsiya) tomonidan ham shu narsani eslatishdi", deb izohladi.

Quyida Dovudxon Obidxon o‘g‘li bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG