Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:33

Insoniy qiyofali ...izm


Eng Katta Oqsoqolning fuqarolar bilan oddiy bir vatandoshday ko‘rishgani ekan tomog‘imga tiqilgan mushtday narsani paydo qilgan kuch, o‘ylab qarasam.

Abduvali Qutbiddindan:


Baliqning tishi-la tilimni tildim,
Yuragim urchuqday uch aylantirdim.
Ko‘zimni qiynadim,
Qiynog‘im qiziq...
Yayradim…

(O‘qiganingiz nafis satrlar Muallifi o‘z she‘ri bilan o‘qiydiganingiz odmi so‘zlar orasida biron bir bog‘liqlik ko‘rmasa, U Kishi - Shoirdan uzr so‘raymiz – bugungi kayfiyatimiz shu she‘rni istadi – o‘qigimiz keldi – o‘qidik)

Payshanbani yaxshi ko‘raman


Shunchalik yaxshi ko‘ramanki, payshanbani keltirgan chorshanbasidan ham aylanib qo‘yaman.

Chunki payshanba kuni “Televizor” qilaman.

Tinglay boshlaganingiz eshittirishni aytyapman.

O‘zTVni ko‘ramanu yoqqan-yoqmaganini aytaveraman – o‘zimga xon, o‘zimga bek – “Hoy!” degani xo‘jam yo‘q – tomoshabinman, haqqim bor!

To‘g‘ri, O‘zTVda yoqqanidan yoqmagani ko‘p.

Yaxshisi o‘ziga tan, men yoqmaganidan gapiray, zora tanqidning olma g‘o‘rasiday achchiq mevasini yeb tishlari bir zum qamashsa, deyman.

Hozircha o‘ztvchilarning tishlari qamashganini sezganim yo‘q. Temirdan bo‘lsa kerak tishlari.

Lekin men noumid bo‘lmayman. Noumid kimligini bilasiz.

Qolovursa bugun maza qildirdi O‘zTV. Rost aytyapman.

Omalekin dam ovordim!


Bunaqa dam omaganman!

Dilning g‘ubori ketdi, ko‘ngilning chigili yozildi.

Go‘zallikka tashna ko‘zim oromlandi bir farishtani ko‘rib. Kimligini so‘ramang – didlarimiz mos kelmay qolishi mumkin.

Qaysi ko‘rsatuvdan mazza qilganimni aytmay rossa diqqinafas qildimmi?

Uzr.

Navro‘z bayramini aytyappan.

Sizam maza qildiyzmi? Aytmang!

Ko‘ngil chigilini yozgan qo‘shiqlar


Chin insoniy hislarni qo‘shiqlarda to‘kib solib ko‘ngilning qadoqlarini yumshatdilar

(Oh, mening ishq xatlari yozgan yoshligim, qaylarda qolding?!)

Qoraqalpoq termalarini eshitarkan, Nukusga ketvorgim kepketdi.

(Xaritada o‘ngsiz yurt-ku Qoraqalpoq, qo‘shiqlari nega bu qadar rangin?)

Nega endi meni onam tug‘madiykin Surxonda?

(Umrida bir marta ot minib o‘shanda ham ag‘darilib tushgan odam nega ko‘pkariga dilim ketdi?)

Dunyoda avval odam paydo bo‘lganmi yoki lazgimi?

(Esiz, esiz, kursdoshlarim orasida xorazmlik qizlar ham bor edi-ya?!)

Navro‘zning tomoshasini ko‘rib, xushim uchib, turfa hislarga ko‘nglimni birin-ketin bo‘shatib beraverdim.

Qo‘shiqlarning fonogramma ekanligi bilan ham ishim bo‘lmadi. O‘zi umuman men shu bitmas mojaroni tushunmayman: fonogramma qildi nimayu jonli aytdi nima?!

Ozodbekka navbat


Ha, navbat menday musiqadan yiroq bir garang ham tan olgan Ozodbekka keldi.

Bilmadim, Ozodbek bolaligim yozlari qolgan Shahrixondan bo‘lgani, unga o‘zimni chala-chulpa vatandosh hisoblaganim uchunmi, shu yigitni g‘oyibona o‘zimga dildosh, deb bilganman.

Boyaroq bayramning xos tomoshabinini o‘zbekning polvon oqsoqoli Tursunali polvon to‘shida tosh dumalatib xayron qiluvdi.

Endi, bu yilgi Navro‘zning prima qo‘shiqchisi Ozodbek qo‘shig‘i fonida o‘zbekning Eng Katta Oqsoqoli davraga tushdi. Davraga tushdiyu tomoshajoylarning old qatorida o‘tirganlar bilan ko‘risha ketdi.

Tomoqni to‘sgan narsa


Va birdan tomog‘imga mushtday narsa qadaldi. Qaydan keldi u?

Ozodbekmi uni keltirgan sof tilladay sof o‘zbekona ohanglari bilan?!

Ozodbekning oqqushning patiday yengil, farishtaday raqqosasimi keltirgan?

Yoki Eng Katta Oqsoqolning mayli xos bo‘lsin, mayli amaldorlaru ularning xotinlari, qizlari bo‘lsin, har holda ko‘rinishlaridan oddiy fuqarolar bo‘lganlar bilan bir-bir qo‘l olishganimi tomog‘imga qadalgan mushtday narsani paydo qilgan kuch?!

Nima u?

O‘yladim.

O‘ylar, o‘ylar, o‘ylar...


Ozodbekni istasam har kuni eshitaman. Mana bugun ham bitta bayramda bitta qo‘shiqni qatorasiga uch marta aytdi – Oqsoqol joyiga borib o‘tirib olishini kutdi. (Yaxshiyam fonogramma qo‘yishdi, bo‘lmasa ovozi yetsayam reaktsiyasi oqsab qolarmidi?)

Oqqushning patiday yengil, farishtaday raqqosalar ham ko‘p bu besh kunlik dunyoda! (Ozodbekning qatorasiga uch marta qo‘yilgan fonogrammasiga raqs tushaverib oyoqlarida darmon qolmadi-yov!)

Eng Katta Oqsoqolning fuqarolar bilan oddiy bir vatandoshday ko‘rishgani ekan tomog‘imga tiqilgan mushtday narsani paydo qilgan kuch, o‘ylab qarasam.

O‘sha kuch O‘zTV kamerasiga tushmayotgan bayram ortidagi yurt to‘g‘risida, bayramni uch xalqa qilib qurshab olgan behisob mirshablar to‘g‘risida o‘ylashimga qo‘ymadi.

Qaniydi!


Eng Katta Oqsoqolning Farg‘onayu Xorazmda, Qarshiyu Buxoroda, Sirdaryoyu Navoiyda oddiy, eng odmi o‘zbeklar bilan shunaqa oddiy bir vatandoshday ko‘rishishini o‘ylab dilim sust ketdi.

Va birdan Eng Katta Oqsoqolning tansoqchilariniyu mirshablarni yomon ko‘rib ketdim.

Eng Katta Oqsoqolni Xalqdan ana o‘shalar ajratib qo‘ygan degan fikrga bordim.

Haqqim bordir, axir onda-sonda judayam chuqur bo‘lmagan fikrlarni fikrlashga. Axir har doim dono fikrlar fikrlayman, deb so‘z bermaganmanku hech kimga?

Agar Eng Katta Oqsoqol bilan fuqaro orasida (mayli, o‘sha fuqaro xos bo‘lsayam) bugungi iliqlikni Navro‘z paydo qilgan ekan, balki O‘zbekistonda har bir kunni Navro‘z, deb e‘lon qilish kerakdir?!

Shu fikrdan kelib chiqib, aytilaverib siyqasi chiqib ketgan tilakni men bugun alohida ma‘no berib aytmoqchiman:

Har bir kuning Navro‘z bo‘lsin, o‘zbeklar!

Endi sarlavha to‘g‘risida yarim og‘iz gap


Bayramda hukm surgan iliqlikdan miyam qaynab o‘zidan o‘zi bir tanish iborani izlayverdi. Oxir-oqibat topila qoldi ham ana o‘sha ibora: “Insoniy qiyofali sotsializm”.

Bu ibora ilk bor 1968 yili sobiq Chexoslovakiyada yangragan edi.

Chexoslovakiya Kompartiyasining o‘sha davrdagi Birinchi kotibi, keyinchalik “Praga bahori”, deb nom olgan islohotlar tashabbuskori Aleksandr Dubchek 1968 yil 18 iyulida TV orqali chiqish qilar ekan, davlatning totalitar xarakterini yumshatish zarurligini ta‘kidlab, “shunday siyosat olib boraylikki, sotsializm o‘zining insoniy qiyofasini yo‘qotmasin”, degan edi.

O‘zbekiston sotsializmdan voz kechganiga 20 yil bo‘ldi. Hozir qanaqa izm ekanligini aytish uchun men mutaxassis – siyosatshunos emasman. Shuning uchun ishimni osonlashtirib “Insoniy qiyofali ...izm”, deb qo‘yaqoldim.

Qanaqa izmligini, Siz tinglovchi, aytarsiz.

Axir Sizdan ko‘ra Bilgichroq yo‘qdir.

XS
SM
MD
LG