Линклар

O‘zbekiston bo‘ylab bir sharpa kezib yuribdi: ilon sharpasi. Oddiy ilon emas, avvalgi hayotida odam bo‘lgan ilon. O‘sha ilon-odam, aytishlaricha ayol bo‘lgan. Ayolning yoshi, qaddi-basti, chiroy-chimmati to‘g‘risida aniq bir gap aytish qiyin. Millati haqidagi gaplar ham turlicha: kimdir o‘zbek desa, boshqalar arab deydi. Lekin ayolning hozirgi ko‘rinishini – ilonni O‘zbekistonda ko‘rmagandan ko‘rgan ko‘p: uning tasviri tushirilgan video telefondan telefonga ko‘chib yuribdi.

Axborot texnologiyalari rivoji “hujjatli” mish-mishlar paydo bo‘lishiga imkon yaratdi.

Keyingi bir necha hafta ichida o‘zbekistonliklarning ko‘pi qo‘l telefonlari orqali noma‘lum bir ayolning ilonga aylanganini “tasdiqlovchi” videoni ko‘rdi.

Uni Toshkentu Andijonda, Farg‘onayu Samarqandda ko‘rganlar bor. Lekin telefonvideoning izohlari turlicha.

“Shu Arabistondan Makkai Madinada bir ayol Xudoga shak keltirganmi yoki shunaqangi bir holat bo‘lgan. Keyin o‘sha ayol ilonga aylanib qolibdi. Kattakon ilonga aylanib qolibdi”, deb toshkentlik Halima opa vahima qilsa, videoni ko‘rgan farg‘onalik Muhammadazizning aytishicha, o‘sha ilonga aylangan ayol asli o‘zbekistonlik bo‘lgan va farg‘onaliklar orasida u haqda mish-mish ko‘p. O‘sha mish-mishlardan biri budir:

- Odamlarning aqtishi bo‘yicha “Hajga borib itday charchab, ilonday xor bo‘lib keldim” degan ekan. Ilonga aylanib qolibdi deyishayapti, deydi farg‘onalik Muhammadaziz.

Ilonga aylangan ayol to‘g‘risidagi videoni yoshi 60 dan oshgan andijonlik Sadiroxun aka ham ko‘rgan.

- O‘sha xotin “Odamlar ilonga o‘xshab aylanib yuraverar ekan” deganligi uchun ilon bo‘lib qolibdi emish. Men ham ko‘rdim uni. O‘zbekistonlik emish. Shahrixonga borsangiz, andijonlik deydi, Andijondan eshitsangiz, shahrixonlik emish deydi, deydi Sadiroxun aka.

Toshkentlik Halima opa ham, farg‘onalik Muhammadaziz ham, andijonlik Sadiroxun aka ham telefon orqali tarqatilgan video ortidagi mish-mishlarga ishonmaydi.

Lekin, toshkentlik Fazilat opaning aytishicha, u kishining o‘zlari bu gapga ishonmasa-da, ishonadiganlar ham ko‘p.

- Konechno ishonmadim. Lekin, ishonayotganlar bor. Hajga borib yomonlaganiga shunaqa bo‘lib qolgan deyishayapti. Prosto hammasi bir-biriga ko‘rsatib, mana shunaqa bo‘larkan deb yurishibdi, deydi Fazilat opa.

Noma‘lum ayolning ilonga aylanganiga chippa-chin ishongan toshkentlik ayollardan biri mana bunday dedi:

- Endi hozir yana gap chiqdiki, beshta o‘g‘li bor ekan, yana tavba qildirishga olib ketishayotgan emish. Xudoga tavba qilsa kerakda endi. Kimga tavba qiladi? Ollohga tavba qiladi borib, deydi toshkentlik ayol.

Ilonga aylangan ayol to‘g‘risidagi video urchitgan vahimalar ko‘p. Ulardan birini toshkentlik Salima opadan eshitdik.

- Yana bitta gap eshitdim. Chinmi yolg‘onmi, o‘sha yerda aytishdi. Ayol kishining qoshini, ko‘zini bo‘yaydiyu o‘smaga, o‘sha ham yomon ekan. O‘lganimizda u dunyoda kesar ekan tanamni, deydi Salima opa.

Salima opa har ehtimolga qarshi “Masalan, men bo‘yamaganman” deb qo‘ydi.

Qo‘l telefoni o‘zbekistonliklar orasida nafaqat aloqa, balki axborot vositasi bo‘lib ham ulgurdi. Toshkentlik faol talabalardan biri Sanjarning aytishicha, yoshlar orasida videoalmashuvlarning shu kundagi asosiy mavzulari bulardir.

- Har xil filmlar bo‘lishi mumkin. Ikkinchi navbatda hozir o‘zbek shou-biznesida qo‘shiqchilar orasidagi yashirin kameralarda olingan ishqiy aloqali videolar keng tarqalib ketgan bugungi kunda yoshlar orasida. Keyin oxirgi paytda chiqib ketgan samarqandlik qaysidir biznesmenning Qora dengiz bo‘yidagi to‘yi almashinuvi ketgan ko‘p jihatdan yoshlar orasida ommabop bo‘lib, deydi Sanjar.

Sanjarning gaplariga qaraganda, qo‘l telefoni ba‘zi holatlarda propaganda vositasi ham bo‘layotganiga guvoh bo‘lish mumkin. “Amerika shousi” deb ataluvchi bir rolik haqida gapirar ekan, Sanjar, uning AQShga qarshi propaganda maqsadida yasalganini aytadi:

- Kak budto, Amerikaning oldingi prezidenti Jorj Bush ekranga chiqadi va Amerikaning tashqi siyosatiga izoh beradi. Amerika dunyoda hukmronlik qilish uchun harakat qilayotgan davlat sifatida, kuch sifatida talqin etiladi. 100 foiz Amerikaga nisbatan negativ kayfiyatni shakllantirish uchun tayyorlangan rolik. Bu rolik o‘zbekchaga tarjima qilingan, lekin asli ishlanishi ruscha ekan. Bu ham yoshlarning ongida qaysidir ma‘noda uchinchi kuchlar, ya‘ni qaysidir ma‘noda shunaqangi dushmanlik kayfiyatini shakkllantirish uchun qilinayotgan ishlar deyishimiz mumkin, deydi Toshkentdan Sanjar.

Andijonlik Sadiroxun ota bunday mish-mishlarning paydo bo‘lishiga mahalliy ommaviy axborot vositalarining noqisligi sababdir, deydi.

- Sababi shuki, bizda axborot vositalari yaxshi ishlamaydi. Shu to‘g‘ri, bu noto‘g‘ri deb ayta olmaydi. To‘g‘risini bermaydi. Masalan, bizning Andijonda, besh-olti yil naryog‘ida Olloh, Muhammad deb yozilgan bir xurmo chiqib qolgan. Shuni televideniyeda ko‘rsatib yuborgan. “Nimaga ko‘rsatasan bunaqa ishni” deb u diktorni ham haydab yuborgan, bunaqa gap-so‘z ham juda shov-shuv bo‘lib ketgan. Shuning uchun aniq-tiniq bizning axborot vositalari ma‘lumot bermaganligi uchun odamlar kimdan eshitsa o‘shanga ishonib yurishaveradi.

Lekin, deya davom etadi Sadiroxun ota, odamning ilonga aylanib qolishi to‘g‘risidagi gap mutlaqo kurakda turmaydigan gap bo‘lsa-da, shu gap ham ommaviy axborot vositalari nazaridan chetda qolmasligi kerak.

- Yo‘q, gapirishi kerak. Odamlarni bunaqa narsalardan ogohlantirish kerak. Bunga ishonmasligiga, bunga to‘g‘ri munosabat bildirishligiga ogohlantirish kerakda ommaviy axborot vositalari. Uni gapirish kerak. Axborot vositalari ilonga aylanganligini “yo‘q, bu noto‘g‘ri” deb berishi kerakda, deydi andijonlik Sadiroxun ota.

Xo‘sh, nima uchun gapirdik shuncha gapni?

Go‘yoki ilonga aylanib qolgan ayol to‘g‘risidagi video bir narsani – axborot texnologiyalari rivojlangan sharoitda xalq o‘zi istagan va izlagan informatsiyani topib olaberadi. Jiddiymi, nojiddiymi buning farqi yo‘q.

Ayni paytda hukumat xalqqa nimani aytish keragu nimani aytmaslik kerak, degan masalani o‘zicha hal qilib olgan va o‘z nazdida bu masalani nazorat qilishda davom etmoqda.

Ayni paytda jamiyat (Sadiroxun ota uning vakili) xalqqa nimani aytish keragu nimani aytmaslik kerakligi to‘g‘risida bahs etmoqda.

Hukumat ham, Sadiroxun ota ham kechagi kun bilan yashayotganga o‘xshamayaptimi?

Darvoqe, mavzuni o‘rganish jarayonida O‘zbekistonda "xit" bo‘lgan "ilonga aylangan ayol" to‘g‘risidagi video aslida Indoneziyada tayyorlanib, 2009 yilda YouTube portaliga joylashtirlgani ma‘lum bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG