Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:14

Andijonda o‘quvchilar uchun maxsus avtobus tashkil qilindi


Andijon avtoparki bolalarga beminnat xizmat ko‘rsatish uchun to‘rtta Isuzu miniavtobusini ajratgani aytilmoqda.
Andijon avtoparki bolalarga beminnat xizmat ko‘rsatish uchun to‘rtta Isuzu miniavtobusini ajratgani aytilmoqda.

Andijonda maktab o‘quvchilarini, xuddi AQShdagi kabi, bepul maktabga oboradigan va olib keladigan avtobuslar tashkillashtirildi. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakilining Ozodlikka aytishicha, maqsad maktabdan uzoqda yashaydigan o‘quvchilarga qulaylik yaratish hamda ularning xavfsizligini ta‘minlashdan iboratdir.

Andijon shahrida yo‘lga qo‘yilgan maxsus avtobuslar o‘quvchilarni, huddi AQShdagi kabi, bepul maktabga oborib, olib kelmoqda, deydi shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot vakili Natella Mustafoyeva.

- Har ikki tarafdan ikkitadan avtobus har kuni ertalab va tushki payt o‘quvchilarni maktabga tashiy boshladi,- deydi Mustafoyeva.

Uning aytishicha, shahar avtobuslar parki bilan hamkorlikda har kuni ertalab va darslardan keyin o‘quvchilar uchun Andijon avtoparki to‘rtta bepul avtobus ajratgan.

Natella Mustafoyevaning Ozodlikka aytishicha, bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yishdan maqsad maktabdan uzoqda yashaydigan o‘quvchilarga qulaylik yaratish hamda ularning xavfsizligini ta‘minlashdan iborat.

- O‘quvchilar xavfsizligi va yo‘l halokati holatlarining oldini olish uchun shahar avtobus parki va yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorlikda hozircha to‘rtta avtobusni yo‘lga qo‘ydik. Ular muayyan yo‘nalishda harakatlanib, o‘quvchilarni maktablariga vaqtida elitmoqda,- deydi Mustafoyeva.

Avvalroq farzandlari transportda maktab, litsey, gimnaziyaga qatnaydigan bir guruh andijonlik ota-onalar o‘quvchilarni tashiydigan maktab avtobuslari tashkil qilish kerakligi to‘g‘risida taklif bilan chiqishgan edi. Erkinjon Karimov Ta‘lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Andijon viloyat kengashi raisi:

- Endi shaharni bilasiz, ayrim o‘quvchilar maktabga yaqin yashaydi, ayrimlari o‘zi xohlagan maktabga borish uchun shaharda qatnaydigan avtobusdan foydalanadi. Shuning uchun mana shunday maxsus avtobuslarni tashkillashtirilishi maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz,- deydi Erkinjon Karimov.

Qish chillasida, ayniqsa, uyidan uzoqdagi maktablarga qatnaydigan o‘quvchilar qiynaladi. Sababi, ular transport to‘xtata olmay yo‘l bo‘yida uzoq qolib ketadilar.

O‘zbekistonlik ota-onalar avtobus haydovchilari yosh bola pulsiz deb, to‘xtatmay o‘tib ketish hollaridan shikoyat qilib keladi.

Andijon viloyatida jamoat transporti uchun yuzga yaqin avtobus yo‘nalishga qo‘yilgan. Har bir avtobusda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar bepul yurishlari mumkin.

- O‘zi asli qonun bo‘yicha yetti yoshgacha avtobusda yurish bepul. Lekin bu maxsus avtobuslar qaysi yosh qaysi sinfda bo‘lishidan qat‘iy nazar o‘quvchilarni bepul maktabga oborib, olib keladi,- deydi Natella Mustafoyeva.

Kelajakda Andijon viloyati avtotransport idoralari tomonidan kollej, litsey va maktab o‘quvchilari uchun imtiyozli xizmatlar miqyosi kengaytirilishi rejalanmoqda.

Hozirda Jalolquduq, Qo‘rg‘ontepa, Baliqchi, Ulug‘nor, Xo‘jaobod, Andijon tumanlarida o‘quvchilar uchun yo‘l haqi 50 foizgacha arzonlashtirilgan.

Andijonning Izboskan tumanida o‘quvchilar uchun 50 foizli chegirma marshrut taksilarida ham amal qiladi.

- Andijonda yo‘lga qo‘yilayotgan o‘quvchilar uchun maxsus avtobuslar tizimi boshqa viloyatlar uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkin kelajakda,- deydi Ta‘lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Andijon viloyat kengashi raisi Erkinjon Karimov.

Hozircha o‘quvchilarni maxsus avtobuslarda tashish O‘zbekistonning faqat Andijon viloyatida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Andijon shahrida boshlangan bu tushabbus kelajakda butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘quvchilarning AQShdagi kabi maxsus sariq avtobuslarda tashilishi yo‘lga qo‘yilishiga turtki bo‘lsa ajabmas.
XS
SM
MD
LG