Линклар

logo-print

Peterburgda O‘zbekiston fuqarosi o‘n joyidan pichoqlab o‘ldirildi. Yana bir o‘zbekistonlik esa mahalliy fuqaroni o‘ldirib qo‘yishiga sal qoldi.

26 mart kuni Sankt-Peterburgning Pridorojnaya alleyasi 7-uy yonida mehnat muhojirini o‘ldirganlikda ayblanib mahalliy fuqaro Nikolay Volkov hibsga olindi.

“Sodir etilgan qotillik oqibatida O‘zbekiston fuqarosi nobud bo‘ldi”, dedi o‘zini Olga deb tanishtirgan Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati Tergov qo‘mitasi matbuot markazi xodimasi.

- 26 mart kuni Volkov tergov tomonidan hozircha aniqlanmagan sabablarga ko‘ra o‘tib ketayotgan shaxsning bo‘yniga kamida 10 marta pichoq bilan urgan. U jinoyat joyidan qochib ketayotganida uni jinoyat guvohi bo‘lib qolgan ikki mahalliy fuqaro to‘xtatib qolgan va keyinchalik politsiyachilarga topshirgan, deydi Tergov qo‘mitasi xodimasi .

Jinoyat joyiga yetib kelgan politsiya naryadi qonga belanib yotgan shaxs allaqachon jon taslim qilganini aniqlashgan. Keyinroq o‘lgan shaxsdan topilgan hujjatlar asosida u O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlangan.

Ismi oshkor etilmayotgan o‘zbekistonlikni o‘ldirganlikda ayblanayotgan 39 yoshli Nikolay Volkovga nisbatan RF Jinoyat Kodeksining 105 moddasi 1 qismi (qottilik) asosida jinoiy ish ochildi.

Ayni paytda, deya davom etadi Sankt-Peterburg tergov qo‘mitasi vakili Olga, shu kuni kechasi shaharda mahalliy fuqaroni pichoqlaganlikda gumon qilinayotgan boshqa bir O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish ochildi.

- Aniqrog‘i, bu yerda mahalliy fuqaroga nisbatan suiqasd bo‘lgan. Ayblanuvchi – O‘zbekiston fuqarosi Qahramon Qilichev. Unga 27 mart kuni ertalab Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining qotillikka urinish moddasi yuzasidan ayblov e‘lon qilindi, deydi Ozodlikka Tergov qo‘mitasi xodimasi.

Tergov materiallaridan ma‘lum bo‘lishicha, 26 mart kuni kechasi Qahramon Qilichev Sankt-Peterburgning Sedova ko‘chasi 98-uyda spirtli ichimlik ichib o‘tirgan. O‘tirish davomida u mehmonlardan biri bilan janjallashib qolib, uni do‘pposlagan, stol ustida turgan pichoqni olib peterburglikning ko‘kragiga sanchgan. Og‘ir jarohat olgan mahalliy fuqaro shifoxonaga olib ketilgan.

Shahar politsiyasi Qahramon Qilichev tergov davomida Sankt-Peterburg izolyatorlaridan birida hibsda saqlanishini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG