Линклар

Toshkent shahridagi yirik ulgurja bozorlardan biri bo‘lgan “Chinni bozor”da 29 martdan boshlab chiroq uzib qo‘yildi.

Bozor sotuvchisi 36 yoshli tadbirkor Rasuljonning Ozodlikka xabar berishicha, Yong‘in xavfsizligi xizmati bozor hududidagi do‘konlar xavfsizlik talablariga javob bermaydi, degan vaj bilan 29 martdan boshlab chiroqni uzib qo‘ygan.

- Uch kundan beri chiroq yo‘q. Do‘konlarimizning devorlari plastik bo‘lgani yong‘in xavfsizligiga to‘g‘ri kelmas ekan. Shuni aytib uzib qo‘yishdi. Do‘konlar qop-qorong‘u, kassa apparati, terminallar ishlamayapti. O‘tiribmiz savdosiz, - dedi Rasuljon.

"Chinni bozor" 2008 yilda qayta ta‘mirdan chiqarilgan va ish boshlagan edi.

Tadbirkor Rasuljon o‘sha paytdan buyon bozordagi do‘konlarning devorlari plastik, nahotki o‘sha kezda buning yong‘in xavfsizligi talabiga zid ekanini payqamagan bo‘lsalar, deya norozi bo‘lmoqda.

Bu tadbirkordan olingan xabarni Ozodlik boshqa manbalardan aniqlashga urinib ko‘rdi.

Bu buyum bozorida 3 yildan buyon sotuvchilik qilayotgan yana bir tadbirkor Mahliyo Aslonova ham bu xabarni tasdiqladi.

U ham uch kundan buyon elektr toki uzilgani bois savdo to‘xtab qolgani va muammoni hal qilish uchun bo‘layotgan urinishlar besamar qolayotganini aytdi.

- Bozorda uch kundan beri chiroq yo‘q. 2008 yilda bozorni qabul qilib olganda, qayerda edi bo‘lar?! Endi uch oy ichida plastik devorlarni olib, suvab, yong‘in xavfsizligiga javob beradigan qilsak, bozorni ochisharmish. Bo‘lmasa, yopisharmish, - dedi "Chinni bozor"dagi sotuvchi Mahliyo Aslonova.

Shu yilning fevral oyida “Chinni bozor”ma‘murlari korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlar va davlat mulkini talon-taroj qilganlikda ayblanib, o‘ndan ziyod odam mahkamaga tortilgan edi.

Sudlanuvchilar orasida “Chinni bozor” boshqaruv raisi Rahim Axmedov va bozorning boshqa xodimlari, Toshkent viloyati Soliq boshqarmasi ma‘sul xodimlari, bozor qurilishida ishtirok etgan “TATIKO” firmasi nomidan ish yuritgan xodimlar borligi norasmiy manbalar tomonidan Ozodlikka xabar qilingan edi.

Bu manbalarga ko‘ra, ayblov xulosasida sudlanuvchilar “Chinni bozor”dagi qurilish ishlari uchun “TATIKO” nomli soxta firma tashkil qilib, davlat byudjetidan ajratilgan 4 milliard so‘m pulni o‘zlashtirib yuborgani qayd qilingan.

Bundan tashqari, bozor ma‘muriyati yangi qurilgan do‘konlarni tadbirkorlarga qimmat narxda sotish evaziga 11 million so‘m miqdorida foyda ko‘rgani ham aytilgan edi.

Bozor ma‘muriyati bu kabi ayblovlarga aniqlik kiritishini so‘rab, Ozodlik qilgan murojaatlarni javobsiz qoldirib kelmoqda.

Ammo, Ozodlikka so‘zlagan savdogarlarga ko‘ra, ular ham rahbariyat ustidan borayotgan mahkama va uning natijasidan mutlaqo bexabar.

Bundan tashqari, bozor hududida ularning arzini tinglaydigan mutasaddi ham topilmayapti.

- Rahbarlar almashgan-almashmagani, kim nima ish qilayotganini bilolmayapmiz hozir. Ikkita oshxona ham pechatlangan. Hojatxona ham pechatlangan. Uch kun bo‘ldi, endi bu bosh og‘rig‘i chiqdi. Hamma molini shu do‘konlariga qo‘ygan. Endi bu mollarimizni qayoqqa oboramizu, do‘konlarni qanday qilib remont qilamiz, - deya savol bilan yuzlandi Mahliyo Aslonova.

Toshkent shahridagi yirik ulgurja bozorlaridan biri hisoblangan "Chinni bozor"da, asosan, xo‘jalik va maishiy texnika mollari, xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va mamlakatga xorijdan keltirilayotgan chinni buyumlari bilan savdo qilinadi.
XS
SM
MD
LG