Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:47

“Musulmon birodarligi” prezidentlikka nomzod ko‘rsatdi


Misrdagi “Musulmon birodarligi” tashkilotining siyosiy qanoti bo‘lmish Ozodlik va adolat partiyasi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini ko‘rsatdi.

Bu nomzod partiya liderlaridan biri, moliyaviy masalalar uchun javobgar bo‘lgan tadbirkor Hayrat ash-Shatir ekani aytilmoqda.

Prezident Husni Muborak hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng mamlakatda o‘tkazilgan parlament saylovi natijasida Ozodlik va adolat partiyasi eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgandi.

Bu siyosiy tashkilot vakillari Misrning yangi qomusini ishlab chiqayotgan Konstitutsiyaviy kengashda ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. So‘nggi paytlarda mazkur kengashda faoliyat yuritayotgan liberal qarashdagi bir necha a‘zo uning tarkibidan chiqqan. Ular bu qadamlarini ayrim siyosatchilarning Misrda shariat qonunlarini o‘rnatish zarurligi haqidagi bayonotlariga norozilik o‘laroq izohlaganlar.

Misrda prezidentlik saylovi shu yilning 23-24 may kunlari o‘tkazilishi rejalangan.

Ayni paytda, Misr saylov komissiyasi raisi Foruq Sultonga ko‘ra, saylovlarning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi ham ehtimoldan yiroq emas. Agar birinchi bosqichda nomzodlardan birontasi g‘olib bo‘lolmasa, 16-17 iyun kunlari saylovlarning ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi.

Avvalroq Xalqaro atom energiyasi agentligining sobiq rahbari Muhammad al-Baradey, Arab davlatlari ligasining sobiq bosh kotibi Amr Musa kabi taniqli misrliklar prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surish niyatlarini e‘lon qilgandilar.

2011 yilning may oyida “Musulmon birodarligi”dan bo‘lgan Abdul Moneym ham prezidentlikka nomzodini qo‘yajagi haqida e‘lon qilgandi. “Musulmon birodarligi” rahbariyati bilan kelishilmagan holda e‘lon qilingan bu qarori uchun u o‘tgan yil 20 iyunida tashkilotdan chiqarilgandi. Mazkur tashkilot o‘tgan yili prezidentlik sayloviga nomzod ko‘rsatmaslik qarorini olgandi.

Xalqaro kuzatuvchilar Misrdagi prezidentlik saylovlarida islomiylardan bo‘lgan nomzodning g‘alaba qozonishi mamlakatning Isroil va AQSh bilan aloqalarida o‘zgarish bo‘lishini anglatishini aytmoqdalar.
XS
SM
MD
LG