Линклар

logo-print

Toshkentdagi “zapravka”da portlash ro‘y berdi


Toshkentdagi MQ-Servis stantsiyasidagi portlash. (Surat Gazeta.uz saytidan olindi)

Toshkentdagi MQ-Servis stantsiyasidagi portlash. (Surat Gazeta.uz saytidan olindi)

1 aprel kuni Toshkentdagi MQ-Servis nomli avtomobilga yoqilg‘i quyish shahobchasi (AYoQSh)da ikkita portlash ro‘y berdi.

"Zapravka"da avval yong‘in, keyin portlash bo‘ldi


Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan xalqaro aeroport oldida, ko‘prik yaqinidagi MQ-Servis nomli AYoQShdagi portlash mahalliy vaqt bilan soat 10:50da ro‘y bergan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, portlash ovozi bir necha kilometr narida ham eshitilgan.

AYoQSh xodimlari aytganiga asoslanib, Gazeta.uz Internet nashrining ma‘lum qilishicha, yoqilg‘i rezervuari (tsisterna) yonib ketgan.

O‘t o‘chiruvchilar yong‘inga qarshi yarim soatdan ko‘p kurashgan.

Ozodlik iltimosiga ko‘ra voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rgangan huquq faoli Abdulla Tojiboy o‘g‘liga ko‘ra, stantsiyada avval yong‘in kelib chiqqan va keyin portlash bo‘lgan.

Portlashdan keyin stantsiya orqasidan o‘tgan temir yo‘lda vagonlar to‘xtatib qo‘yilgan. (Surat Olam.uz saytidan olindi)

Portlashdan keyin stantsiya orqasidan o‘tgan temir yo‘lda vagonlar to‘xtatib qo‘yilgan. (Surat Olam.uz saytidan olindi)

- Stantsiyada oldiniga yong‘in kelib chiqqan. O‘t o‘chiruvchilar kelib o‘chirishga harakat qilgan, lekin o‘chira olmagan va ketma-ket 2 ta katta portlash sodir bo‘lgan. Stantsiya atrofidagi do‘konlar va boshqa obe‘ktlarga ham katta shikast yetgan. Stantsiyaning orqa tarafidan temir yo‘l o‘tgan. Hozir vagonlar to‘xtatib qo‘yilgan. Portlash natijasida atrofga juda ko‘p benzin oqib ketgan. Meimcha temir yo‘lga ham benzin oqib tushgan va shuning uchun vagonlar to‘xtatib qo‘yilgan, deydi Abdulla Tojiboy o‘g‘li.

Guvohlar: jabrlanganlar bo‘ldi


Voqeani o‘rganish uchun 1 aprel kunning ikkinchi yarmida stantsiyaga borgan toshkentlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, guvohlar portlash natijasida jarohatlanganlar bo‘lgani haqida gapirgan.

- Men borgan paytimda 8ta o‘t o‘chirish mashinalari turgan edi. Ular yong‘inni bartaraf qilib bo‘lgan ekan. U yerda militsiya formasidagi odamlar, fuqoralik kiyimidagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ko‘p edi. Keyin ​Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xizmat mashinalari bor edi. Men borgan paytimda endigina harakatlanishga ruxsat berilgan edi. O‘sha joyda gaplashganimda portlash natijasida rasmiylar qurbonlar bo‘lmadi deb aytishdi.

Yong‘inni bartaraf etish uchun 8 ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan. (Ozodlikning mobil muxbiri olgan surat)

Yong‘inni bartaraf etish uchun 8 ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan. (Ozodlikning mobil muxbiri olgan surat)

Lekin ayrim guvohlarning aytishicha, stantsiyada ishlaydigan operator bolalarning bir-ikkitalari jarohatlangan va Tez tibbiy yordam mashinasi kelib, shifoxonaga olib ketishgani haqida gapirishdi. Biroq bu bo‘yicha rasmiy tasdiq olish imkoni bo‘lmadi. Voqea guvohlariga ko‘ra, qisqa tutashuv paytida yong‘in xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagan va yong‘in chiqib, bitta tsisterna portlab ketgan, deydi Abdurahmon Tashanov.

Portlash bo‘yicha ish ochildi

Ayni paytda Yakkasaroy tuman prokuraturasi MQ-Servis nomli AYoQShdagi portlash yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

RIA- Novosti agentligi guvohlarga tayanib, portlash natijasida stantsiyada bo‘lgan kishilar va stantsiya yaqinidan o‘tayotgan yo‘lovchilar orasida jabrlanganlar bo‘lgani haqida xabar qildi.

Yakkasaroy tuman prokuraturasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, portlash natijasida odamlar orasida qurbonlar va jarohatlanganlar bo‘lmagan.

Yakkasaroy tuman O‘t o‘chirish xizmati navbatchisi MQ-Servis stantsiyasida sodir bo‘lgan portlash natijasida kelib chiqqan yong‘in muvafaqqiyatli o‘chirilgani va hozirda portlash sabablari o‘rganilayotganini bildirdi.

Hozirda stantsiya atrofi militsiya bilan o‘rab olingan.

Hozirda stantsiya atrofi militsiya bilan o‘rab olingan.

Guvohlarga ko‘ra, yong‘in boshlangan dastlabki daqiqalarda ko‘prikka ko‘p mashina va odam to‘planib, yong‘inni kuzatgan.

Qisqa fursatda ko‘prikdagi odamlar huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan tarqatilgan.

Portlashdan keyin kichik halqa yo‘lining Qushbegi massividan Shimoliy vokzal- "Toshkent" temiryo‘l vokzaligacha bo‘lgan qismida avtomobil qatnovi to‘xtatilgan.

Portlashdan keyin stantsiya yaqinida joylashgan do‘kon va avtoservislarning barchasi yopib qo‘yilgan.

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan ma‘sul xodimi Yakkasaroy tumanidagi yonilg‘i stantsiyasida portlash sodir bo‘lganini tasdiqladi, biroq tafsilotlar uchun tashkilotga yozma murojaat qilish shartligini aytdi.

Portlash mahalliy matbuotda zudlik bilan yoritildi


Stantsiyada portlash sodir bo‘lganidan sanoqli vaqt o‘tib, O‘zbekistondagi mustaqil Internet nashrlari bu haqda xabar berdi.

O‘zbekistonda avval kuzatilmagan bu holat ya‘ni mahalliy matbuot voqeani zudlik bilan yoritishi natijasida ko‘pchilik portlashdan tezlikda xabar topdi.

Birinchilardan bo‘lib portlashni yoritgan Olam.uz va Gazeta.uz saytlari voqea joyidan suratlar ham e‘lon qildi.

Youtube video portaliga portlash guvohlaridan biri tomonidan joylashtirilgan videoda MQ-Servis stantsiyasidagi yong‘in ko‘lamining qanchaligini ko‘rish mumkin:



Joriy yilning 7 va 8 mart kunlari Toshkentning Uchtepa tumani va Qo‘yliq massividagi elektr taqsimlash stantsiyalarida ham portlash sodir bo‘lgan edi.

Mazkur avariya sabablari ochiqlanmadi. Biroq ro‘y bergan avariyalar oqibatida minglab aholi bir kun davomida elektr quvvatisiz qolgan edi.
XS
SM
MD
LG