Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:50

Ozarbayjon Qirg‘izistonga zavod qurib bermoqchi


Qirg‘iziston prezidenti Almaz Atambayev ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan til topisha oldi.
Qirg‘iziston prezidenti Almaz Atambayev ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan til topisha oldi.

Qariyb 20 yildan beri uzilib qolgan Qirg‘iziston-Ozarbayjon siyosiy-iqtisodiy aloqalari qayta tiklandi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Boku safari haqida jurnalistlarga ma‘lumot berar ekan, Ozarbayjon tomoni neftni qayta ishlash zavodi qurilishini moliyalashtirishga rozilik bildirganidan mamnun ekanini alohida ta‘kidladi.

- Bu biz uchun juda katta qadam bo‘ladi. Chunki zavod qurilishi uchun 250 million dollar sarmoya yotqiziladi. 30 aprelda bu borada Qirg‘iziston va Ozarbayjon hukumatlararo komissiyasi maxsus yig‘ilish o‘tkazadi. Ozarbayjon tomoni bizga zavodni qurish uchun mutaxassislarni ham jo‘natmoqchi, - dedi Almazbek Atambayev.

Prezidentlar uchrashuvi chog‘ida Ozarbayjon tomoni Qirg‘izistondagi “Zalkar” bankini sotib olishdan manfaatdor ekanini ham bildirgan.

Qirg‘iziston va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar bu ikki mamlakat mustaqillikka erishganidan so‘ng uzilib qolgan edi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev oradan 20 yil o‘tib qayta tiklanayotgan munosabatlar bundan buyon mustahkam bo‘lishiga umid bildirdi.

- Bir necha oy oldin biz yig‘ilishlardan birida uchrashgan edik va mana shu uchrashuv davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni qayta tiklashga turtki berdi. Bugun biz 10 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy, siyosiy va iqtisodiy aloqalarimiz rejasini aniqlab olmoqchimiz, - dedi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon prezidenti, shuningdek, avgust oyida Qirg‘izistonga rasmiy safar bilan borish taklifini qabul qilganini ham aytib o‘tdi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Ozarbayjonga safari chog‘ida asosan turkiyzabon davlatlar birligi mavzusida ko‘proq gapirgan. Almazbek Atambayevning Ozarbayjon parlamentida qilgan chiqishining asosiy mavzusi ham turkiy birlik masalasi bo‘lgan.

Qirg‘iziston yangi hukumati ikki yildan beri turkiy tilli davlatlar va Turkiya bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning iyun oyida Bishkekda turkiy tilli davlatlar parlamentlari assambleyasining anjumani o‘tkaziladi.

Shundan kelib chiqqan holda, qirg‘izistonlik kuzatuvchilar Ozarbayjonning Qirg‘izistonga sarmoya yotqizish rejasini turkiyparastlik g‘oyalari bilan bog‘lashmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, Ozarbayjon Qirg‘izistonga 250 million dollar sarmoya yotqizib, neftni qayta ishlovchi zavod qurishdan manfaatdor emas.

“Boku uchun bu zavod hech qanday iqtisodiy foyda keltirmaydi. Shuning uchun ham Ozarbayjon hukumatining bu rejasini faqat siyosiy qaror sifatidagina qabul qilish mumkin”, demoqdalar ekspertlar.
XS
SM
MD
LG