Линклар

Keyingi paytlarda uz domenidagi nashrlarda O‘zbekistondagi ayrim voqealar haqida xabar tarqatilib¸ muammolar tilga olinayotgani munosabati bilan Ozodlik bir guruh jurnalistlarga shu savol bilan murojaat qildi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistondagi Gazeta.uz, Olam.uz, 12.uz, Podrobno.uz kabi Internet saytlarida yangiliklar, o‘zbekistonliklarni tashvishga solayotgan muammolar va boshqa mavzularda qiziqarli ma‘lumotlar chop etilmoqda.

1 aprel kuni Toshkent xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan yoqilg‘i quyish shahobchasida ro‘y bergan portlash nomlari tilga olingan Internet nashrlarida batafsil yoritildi.

Mushtariylar avariya haqidagi tafsilotdan o‘z vaqtida voqif bo‘ldilar va mish-mishlarga o‘rin qolmadi.

"Hafta savoli" ruknining bugungi sonida respondentlarga “O‘zbekistonda Internet nashrlariga erkinlik berildimi?” degan savol bilan murojaat qildik.


Safar Bekjon - yozuvchi:


- To‘la-to‘kis berildi¸ deb ayta olmayman. Lekin berilish uchun harakatlar bo‘layapti. Men o‘z tajribamda aytib beradigan bo‘lsam, blogim bor, shaxsiy narsalarimni yozaman, uch-to‘rt oy oldin bu blogim birdaniga bekitildi. O‘zbekistonda hech kim ocholmas edi. Facebook sahifam ham xuddi shu shaklda bekitildi. Yaqin bir oydan beri qaytadan ochilayapti. Hattoki google.uzdan kirib, hech qanaqa proksi qo‘llanmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib o‘quvchilar soni birdaniga oshdi.

O‘shanda men “Qanaqadir topshiriq bo‘lgan bu tashkilotlarga. Ularni erkin qo‘yish. Shuning uchun nima qilishadi” deb o‘yladim. Lekin xalq, oddiy o‘quvchi buni bilib yetgani yo‘q. Faqat mana shu narsalar atrofida o‘ralashib yurgan yoki o‘sha sohaga yaqin bo‘lgan odamlar kirib o‘qib fikr bildirayapti. Endi ular bilishayaptiki, buning jazosi yo‘q, ishdan haydalmaydi. Bo‘lishi kerak bo‘lgan narsa sekin bo‘lsa ham boshlangan. Xalqimiz buni bilishi kerak. Axborot tarqatish va olish sekin bo‘lsa ham agar boshlangan bo‘lsa, buning orqasi keladi o‘z o‘zidan. Shunisi ijobiy.

Daniil Kislov - Farg‘ona.ru muharriri:


- O‘zbekistondagi rasmiy nashrlar qiziqarli va dolzarb mavzular haqida deyarli hech narsa yozmayotgan bir paytda¸ buni Internetda ozgina oldinga siljish deyish mumkin. Ammo bu vaziyatni keskin o‘zgartirish uchun juda ham oz bo‘lgan siljish. Menimcha, O‘zbekiston rasmiylari Internet saytlari rivojiga ko‘z yummoqda. Chunki hozir Internet O‘zbekistonda axborot olishning ommaviy vositasiga aylangani yo‘q.

Ilmira Tuxvatullina – o‘zbekistonlik jurnalist:


- Bu yerda hayratlanarli hech narsa yo‘q. Internet saytlari keng huquqlarga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. Ularda turli mavzular nashr qilinishi bizni quvontiradi. Jamiyat demokratik rivojlanish yo‘lini tanlaganidan xursandman. Agar fikr erkinligini ifoda etish imkoniyati bo‘lsa, bu juda yaxshi. Men Internet saytlariga kimdir ko‘rsatma yoki buyruq bergan¸ deb o‘ylamayman. Buning zamirida qandaydir g‘ayrioddiy narsalarni izlashga hojat yo‘q.

Dilorom Ishoqova – o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist:


- Keyingi yillarda O‘zbekistonda .uz degan internet saytlar ishlab turibdi. Bu ro‘yxatga olingan, o‘zlari ruxsat bergan, men aminmanki, ana o‘sha berilayotgan muammolar ham hammasi kelishilgan holda, ruxsat bilan tsenzuradan o‘tkazilgan holda beriladi. Bu ham bo‘lsa insonlarning ichida yig‘ilib qolgan nimalarning oldini olish uchun ozgina-ozgina muammolarni yoritish va bu bilan O‘zbekiston rasmiy hukumati shug‘ullanayapti¸ degan fikrni shakllantirish uchungina, shu fonni yaratish uchun qilinayotgan narsa. Boshqa Internet saytlarning birortasini O‘zbekistonda ochib bo‘lmaydi. Umuman ochib bo‘lmaydi.

Agar so‘z erkinligi haqida gapiriladigan bo‘lsa, gapirish yoki yozish mumkinligi haqida gapiriladigan bo‘lsa, unda boshqa saytlarga ham bemalol kirish mumkin bo‘lishi kerak edi va hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerak edi. Ming afsuski, hozir tilgan olingan besh-oltita .uz saytlardan boshqa saytga kirib ko‘ring. Kira olmaysiz. Bu juda muammo. Qandaydir proksilar orqali ochib o‘qish mumkin bo‘ladi. Shuning uchun o‘ylaymanki, erkinlikka, so‘z erkinligiga hech daxli yo‘q narsalar. Hammasi yuqoridan belgilab berilgan dozalarda aholiga uzatilayotgan haqiqat. Cheklab, kelishilgan, kesilgan holda berilayotgan haqiqat¸ deb bilaman.

Azamat Otajonov – Gazeta.uz muharriri:


- Endi to‘g‘risini aytsam uncha o‘zgarish sezmayapman. Menimcha, shaxsan bizlarning saytda hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmagan. To‘g‘risini aytishim kerak¸ saytimizda bitta-ikkita odam ishlaydi. Ko‘p narsani qamrab ololmaymiz. Oldin qanaqa ishlagan bo‘lsak, hozir ham shunaqa. Hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmagan. Bizlar qanaqa ishlagan bo‘lsak, shunaqa davom qildirayapmiz.

Shohida Yoqub – britaniyalik mustaqil jurnalist:


- Menimcha, O‘zbekistonda Internet erkinligi yo‘q, hech qachon bo‘lmaydi. Chunki erkinlik 100 foiz yoki 20 foiz bo‘lmaydi. Erkinlik bu erkinlik. Agar erkinlik bo‘lsa, butun Internet ochiq bo‘lsin, Fergananews.com, bloglar, Twitter ochiq bo‘lsin. Lekin ochilmaydiku. Shuning uchun bu erkinlik emas.

Komiljon Ashurov – o‘zbekistonlik jurnalist:


- Gazeta va jurnallarda dolzarb muammolarni ko‘rmayapmiz. Keyin O‘zbekiston axborot vositalarida, masalan televideniyeda ham bu gaplar yo‘q. Internetga kiradigan O‘zbekiston fuqarolari esa juda ham ko‘p emasda. O‘zbekiston televideniyesi aytsa, qandaydir analizlar bo‘lgan taqdirda asosiy aholi ko‘radigan bo‘lsa boshqa gap. Men o‘ylaymanki, Internetga kirib boqadigan aholi soni cheklangan. Shuning uchun ularga ruxsat bergan.

Abdumalik Sarmonov – qozog‘istonlik jurnalist:


- Nazarimda bo‘yinturuq biroz bo‘shatilgan. Avvalgidan ancha yengillashtirilgan. Faqat bu Internet erkinligini ko‘rsatadigan andoza emas. Nazarimda hali erkinlik standartlariga yetish uchun bu saytlarga judayam uzoq. Mening bilishimcha, bugungi sharoitda O‘zbekiston Internet saytlarida muammolar yoritilishi siyosat, iqtisod bilan qiziqadigan odamlarda boshqa axborot manbalarini izlashdan ko‘ra, O‘zbekistonning o‘sha saytlaridan ma‘lumot olish, o‘qishga imkoniyat yaratib berish¸ deb o‘ylayapman.


************************************************

Muhtaram mushtariy, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzu xususida fikr va axborot bermoqchi bo‘lsangiz¸ "Sharhlar" tugmachasini bosib, mulohazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG